Ijtimoiy himoya milliy agentligi reestridagi o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga uyda ijtimoiy-maishiy xizmatlarni ko‘rsatish uchun xususiy sektor ishtirokchilari hamkorlikka chaqirilmoqda.
Shu maqsadda amalga oshirilayotgan pilot loyihada Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga xizmat ko‘rsatishni autsorsing asosida amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Loyihani amalga oshirishda Agentlik tomonidan xodimlarni bepul o‘qitish, xizmatni monitoring qilish uchun axborot tizimidan bepul foydalanish va ijtimoiy xizmatlarni keng yoritish taklif etilmoqda.
Uyda ko‘rsatiladigan ijtimoiy-maishiy xizmatlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi.
Ovqat tayyorlash (mijozning yoshi, tabiati va allergik xususiyatlarini inobatga olgan holda) va yarim tayyor mahsulotlarni tayyorlab muzlatkichda saqlab qo‘yish, supurish-yig‘ishtirish (xonadondagi mijoz foydalanadigan barcha xonalarni va jihozlarni tozalash), kiyim-kechaklarni yuvish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, gigiyena tadbirlarini amalga oshirish, zarur oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlarni uyga yetkazib berish, xonadondagi santexnika jihozlarini ta’mirlashda (uy-joyni boshqaruvchi tashkilotlar va boshqaruvchilarni jalb qilish) ko‘maklashish ko‘zda tutilgan.
Qolaversa, sartaroshlik xizmatidan foydalanishda ko‘maklashish, qarindosh va do‘stlar bilan yozishmalarda ko‘maklashish, tibbiyot va sport muassasalariga borish va kelishda hamrohlik qilish nazarda tutilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, mazkur loyihada tibbiy xizmat ko‘rsatish yoki uyda maishiy xizmat ko‘rsatish tajribasiga ega bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari qatnashishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Yuqoridagi xizmatlarni ko‘rsatish imkoniyatiga ega yoki shu sohada faoliyat yurituvchi tadbirkorlar 2024-yilning 20-apreliga qadar +998881992552 telefon raqamiga yoki Telegram orqali https://t.me/s_sobirov1’ga murojaat qilishlari mumkin.
Sh. Mamaturopova, O‘zA
- Qo'shildi: 13.04.2024
- Ko'rishlar: 2057
- Chop etish