Mamlakatimiz tarixida birinchi marta BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi tomonidan O‘zbekiston Prezidenti ilgari surgan xalqaro hujjat loyihasi qabul qilindi. Bu o‘rinda Yoshlarning inson huquqlariga COVID-19 pandemiyasi ta’sirining oqibatlari to‘g‘risidagi rezolyusiya haqida so‘z bormoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal SAIDOVdan ushbu olamshumul voqeaning mohiyati va ahamiyatini sharhlab berishni so‘radik.
– Haqiqatan ham, shu yil 8 oktyabr kuni Jeneva shahrida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 48-sessiyasi doirasida O‘zbekiston tashabbusi asosida Yoshlarning inson huquqlariga COVID-19 pandemiyasi ta’sirining oqibatlari to‘g‘risidagi rezolyusiya qabul qilindi, – dedi A.Saidov. – Rezolyusiyani ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev 2021 yil 22 fevral kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida ilgari surgan.
Davlatimiz rahbari o‘sha nutqida yoshlar huquqlarini himoya qilishning xalqaro mexanizmlarini mustahkamlash zarurligini alohida ta’kidlagani bejiz emas. Zero, Inson huquqlari bo‘yicha kengashning kechagi sessiyasida O‘zbekiston kiritgan Rezolyusiya matni BMT Kengashiga a’zo barcha, ya’ni 47 ta davlat tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi. Shuningdek, O‘zbekiston ilgari surgan xalqaro hujjat loyihasiga dunyoning 37 mamlakati hammualliflik qildi.
Bu, bir tomondan, davlatimiz rahbari xalqaro hamjamiyat e’tiborini qaratgan mazkur umuminsoniy muammo nechog‘lik dolzarbligini yana bir bor yaqqol namoyon etmoqda. Ikkinchi tomondan, bu – O‘zbekiston Prezidentining xalqaro tashabbuslari va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar dasturini jahon jamoatchiligi keng qo‘llab-quvvatlayotganining yorqin dalolati hamdir.
E’tibor bering: O‘zbekiston ilk bor 2020 yil oktyabr oyida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga uch yillik muddatga – 2021-2023 yillarga saylanganida ham mamlakatimiz uchun 169 ta davlat ovoz bergandi. Shu ma’noda, O‘zbekiston Inson huquqlari bo‘yicha kengashga a’zoligining birinchi yilidanoq dunyo hamjamiyati ishonchini qat’iyat, tashabbuskorlik va samaradorlik bilan oqlayotgani har birimizga faxru iftixor bag‘ishlaydi.
– Loyihani ishlab chiqish va muhokama qilish jarayonlari qanday kechdi?
– Hujjat qisqa muddatda, salkam 10 oy ichida tayyorlandi. Loyihani BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi, Xalqaro mehnat tashkiloti kabi xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikda va ular ekspertlarining tavsiyalari asosida ishlab chiqdik.
Rezolyusiya loyihasi Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi singari ixtisoslashgan xalqaro tuzilmalar ishtirokida ham keng muhokamadan o‘tkazildi. Shu asnoda bildirilgan takliflar hisobiga BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi qabul qilgan Yoshlarning inson huquqlariga COVID-19 pandemiyasi ta’sirining oqibatlari to‘g‘risidagi rezolyusiya matni yanada sayqal topdi.
– Rezolyusiyaning maqsadi va vazifalari haqida ham qisqacha to‘xtalsangiz?
– Rezolyusiyaning maqsadi – pandemiya sharoitlarida butun dunyoda yoshlarning ehtiyojlarini ta’minlash, ular duch kelayotgan muammo va to‘siqlarni bartaraf etish, navqiron avlodning jamiki ezgu manfaatlari, huquq va erkinliklarining kafolatlarini, shuningdek yoshlar salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan xalqaro, mintaqaviy va milliy ko‘lamlardagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirishdan iborat.
Modomiki, dunyo tobora globallashib, jadal sur’atlarda o‘zgarib va murakkablashib borayotgan XXI asrda yashayotgan ekanmiz, hozirgi zamonning g‘oyat muhim bir voqeligiga e’tibor qaratmasligimiz mumkin emas. Ya’ni, salmoqli inson kapitaliga ega bo‘lgan va bu sarmoya tarkibida yoshlar juda katta o‘rin tutadigan mamlakatlar izchil rivojlanish, innovatsiya salohiyatini muvaffaqiyatli jamg‘arish va o‘z yutuqlarini samarali tasarruf etish borasida ustuvor imkoniyatlarga egadir.
Bugungi kunda xalqaro hamjamiyat o‘ta shafqatsiz COVID-19 pandemiyasi tufayli ko‘paygandan-ko‘payib borayotgan turfa muammolarga duch kelmoqda. Bu muammolar yoshlarning hayotiga vayronkor ta’sir ko‘rsatmoqda.
Jahon yoshlari sog‘liqni saqlash tizimi xizmatidan foydalanish, sifatli ta’lim olish, maqbul ish topish va munosib mehnat qilish, ichki va tashqi mehnat migratsiyasi ishtirokchisiga aylanish, oziq-ovqat xavfsizligi va me’yorda ovqatlanish, ijtimoiy yakkalanish va jamiyatdan begonalashish kabi yangidan-yangi tashvishlar bilan yuzma-yuz kelmoqda. Bunday vaziyatda yoshlar huquqlarini himoya qilishga doir huquqiy mexanizmlarni to‘la ravishda saqlab qolish o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi.
Hozirgi vaqtda Yer yuzi aholisining 2 milliard nafardan ortig‘ini navqiron yigit-qizlar tashkil etmoqda. Insoniyat tarixida sayyoramizdagi yoshlarning soni hech qachon bu qadar ko‘p bo‘lmagan.
Eng muhimi, yoshlar tub yangilanishlarni boshlab beradigan va shijoatli o‘zgarishlarning boshida turadigan qudratli kuchdir. Ularning zimmasida o‘z salohiyatini baralla namoyon etib, bugungi va kelgusi avlodlar uchun maqbul va manzur hayot barpo etish mas’uliyati turibdi.
Ammo, ijtimoiy jihatdan olib qaraganda, navqiron avlod hayotning barcha sohalarida davlat va jamiyatning qo‘llab-quvvatlashiga mushtoq, kerak bo‘lsa, muhtoj ekani ham bor gap. Ayniqsa, bugun yoshlarni ravnaq toptirishga yo‘naltirilgan muayyan mablag‘lar ajratish, davlatning yoshlar siyosatini amalda samarali tatbiq etish uchun zamonaviy infratuzilma barpo etish, inson huquqlarini ta’minlash sohalarida ko‘plab muammolar amaliy yechimini kutmoqda.
Shu nuqtai nazardan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining pandemiya davrida yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi rezolyusiyasi xalqaro hamjamiyatni bunday muammolarni birgalikda hal etishga chaqiradi. Yoshlarni ravnaq toptirishning maqsadlari, ustuvor sohalari va vositalarini belgilash, navqiron avlod salohiyatini ishga solish hamda sog‘ligini tiklash borasida davlatlar va xalqaro tashkilotlar duch kelayotgan ko‘plab savollarga hamjihatlikda javob topishga undaydi.
Rezolyusiyada pandemiya davrida yoshlarning huquq va erkinliklarini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun zarur bo‘lgan vositalarni qo‘lga kiritish ustida tizimli ravishda ish olib borish bilan bog‘liq amaliy vazifalar belgilangan. Bu boradagi ijobiy o‘zgarishlarga xalal beradigan har qanday muammolarga barham berish yo‘llari ko‘rsatilgan.
Rezolyusiya mohiyatida o‘z mujassamini topgan quyidagi prinsiplar:
- turli yoshlar guruhlari manfaat va ehtiyojlarini hisobga olish;
- yoshlarning moddiy, ijtimoiy, ma’rifiy, ruhiy, ma’naviy ehtiyojlari va muammolarini ko‘zda tutish;
- ijtimoiy xavfli va og‘ir sharoitlarda yashaydigan yoshlarga alohida e’tibor qaratish va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish;
- yoshlarga xos rang-baranglikni va voyaga yetish davrining barcha bosqichlarida navqiron insonlarning huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish zarurligini tan olish;
- yoshlarga oid milliy siyosatni shakllantirishga ko‘maklashish;
- turli mamlakatlar o‘rtasida, yoshlar ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, xalqaro hamkorlik va o‘zaro tajriba almashuvlarni mustahkamlash tamoyillari bu fikrlarimizning nechog‘lik asosli ekanidan dalolatdir.
– BMT Kengashining mazkur rezolyusiyasi qanday ahamiyatga ega?
– Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo mamlakatlar tomonidan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi qabul qilgan Yoshlarning inson huquqlariga COVID-19 pandemiyasi ta’sirining oqibatlari to‘g‘risidagi rezolyusiya ijrosiga doir ma’ruza bir yildan so‘ng tinglanadi. Ya’ni, bu masala 2022 yil sentabrida bo‘lib o‘tadigan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 51-sessiyasi kun tartibidan joy oladi.
Binobarin, oldimizda juda katta va mas’uliyatli ishlar turibdi. Xususan, hozirgi davrda – pandemiya sharoitlarida yoshlarning qanday muammolari va ehtiyojlari mavjudligini aniqlab olishimiz talab etiladi. Shu asosda muammolarni bartaraf etish va ehtiyojlarni ta’minlash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish mumkin bo‘ladi.
Davlatlarning yoshlar siyosati sohasidagi xalqaro majburiyatlarini belgilash yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish taqozo etiladi. Yoshlarni ravnaq toptirish masalalariga doir davlat dasturlarini qabul qilish bo‘yicha uzoq muddatga mo‘ljallangan istiqbolli takliflar ishlab chiqish ham juda muhim.
Bularning barchasi, o‘z navbatida, milliy qonunchilikni yoshlar manfaatlariga moslab o‘zgartirish imkonini yaratadi. Jamiyatda tenglik ta’minlanishiga olib keladi va faol ijtimoiy yangilanishlarga keng yo‘l ochadi.
G‘ulom MIRZO suhbatlashdi
- Qo'shildi: 12.10.2021
- Ko'rishlar: 3602
- Chop etish