O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan MDH Parlamentlararo Assambleyasining 57-sessiyasida ishtirok etdi.
Sessiyada nutq so‘zlagan Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan tashabbuslarni ilgari surdi.
Majlis davomida parlament a’zolari saylov jarayonlarini xalqaro kuzatish institutining demokratiyani rivojlantirishdagi roli masalasini ko‘rib chiqdi. MDH Parlamentlararo Assambleyasi demokratik tamoyillarni ilgari surish, parlamentarizm va fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, xalqlarimiz o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutayotgani ta’kidlandi.
Assambleyaning kuzatuv missiyalari shu paytgacha yuzdan ortiq saylov kampaniyalarini monitoring qilishda qatnashdi. Ularning tarkibida O‘zbekiston parlamenti a’zolari ham faol ishtirok etmoqda.
Ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Saylov organlari rahbarlarining maslahat kengashi faoliyatiga alohida urg‘u berdi.
Majlisda O‘zbekiston parlament delegatsiyasi a’zolari ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga ko‘maklashadigan, qonun ijodkorligi tashabbuslarini aks ettiradigan va O‘zbekiston manfaatlariga xizmat qiladigan model qonunlar hamda tavsiyalarni qo‘llab-quvvatladi.
***
Mazkur sessiya doirasida Senat Raisi Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko hamda Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati Raisi Maulen Ashimbayev bilan uchrashdi.
V.Matviyenko hamda M.Ashimbayev T.Norboyevani Senat Raisi lavozimiga saylangani bilan tabriklab, kelgusidagi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston parlamenti bilan aloqalarni yangi mazmun bilan boyitish, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, hududiy vakillik organlari o‘rtasida samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga e’tibor qaratildi.
MDH davlatlari Parlamentlararo Assambleyasi kun tartibidagi muhim vazifalar ijrosi hamda parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 26.11.2024
- Ko'rishlar: 770
- Chop etish