O'ZBEKISTONDA YURIDIK TA'LIM VA FANNING RIVOJLANISH ISTIQBOLLARI: MILLIY VA XORIJIY TAJRIBA

       17 sentyabr kuni “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida shu mavzuda xalqaro ilmiy-amaliy 17 sentyabr kuni “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida shu mavzuda xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya bo'lib o'tdi. Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan onlayn va oflayn shakllarda tashkil etilgan anjuman ishida Germaniya, Turkiya, Yaponiya, AQSH, Kanada, Finlandiya, Pol`sha, Koreya Respublikasi, Qatar davlatlari hamda Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlaridan sohaning yirik mutaxassislari, BMT, YXHT va boshqa xalqaro tashkilotlar ekspertlari ishtirok etdi.

      Toshkent davlat yuridik universitetining 30 yilligiga bag`ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiyaning ochilishida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik platasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik, yuridik fanlar doktori Akmal Saidov ishtirok etdi va so'zga chiqdi.

      Xalqaro anjumanda, shuningdek O'zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirining o'rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor Rahimjon Hakimov, Yildirim Boyazid nomidagi Anqara Universiteti prezidenti, yuridik fanlar doktori, professor Ibrahim Aydinli, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi vazifasini bajaruvchi Xans-Ul`rix Im, QS jahon universitetlari reytingi prezidenti va asoschisi Nunzio Kuakvorelli, Nagoya iqtisodiyot universiteti prezidenti, yuridik fanlar doktori, professor Xaruo Saburi va boshqalar so'zga chiqdi.

     Ma'lumki, Toshkent davlat yuridik instituti faoliyatining dastlabki davrida ushbu oliy ta'lim muassasasida pedagog-yuristlar va jurnalist-yuristlar tayyorlash amaliyoti joriy etilgan. O'zbekiston Prezidentining 2013 yildagi Farmoniga muvofiq, Institut negizida Toshkent davlat yuridik universiteti tashkil etildi va yangi o'quv tizimiga o'tildi. 

     Mazkur yuridik yo'nalishdagi oliy o'quv yurti ochilganidan buyon o'tgan qariyb 30 yil ichida, tabaqalashtirilgan to'lov-kontrakt va qo'shimcha imtiyozlar asosida qabul qilingan talabalar bilan birga hisoblaganda, bu yerda 20 ming nafarga yaqin talaba tahsil olgan.

     O'z navbatida, davlatimiz rahbarining 2020 yil 29 aprelda qabul qilingan “O'zbekiston Respublikasida yuridik ta'lim va fanni tubdan takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni soha rivojini yangi, yanada yuksak bosqichga olib chiqdi. Jumladan, Toshkent davlat yuridik universitetining mustaqil faoliyat olib borishini ta'minlash, o'quv jarayoni sifatini oshirish va huquqshunoslik sohasi bo'yicha diplomli yetuk mutaxassislar tayyorlash borasida xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan muhim chora-tadbirlar amaliyotga izchil tatbiq etilmoqda.

      YUNESKO tavsiyalari asosida O'zbekiston hukumati keyingi uch yilda oliy ta'lim muassasalari sonini jadal oshirish choralarini ko'rdi. Natijada 2021 yilda yoshlarning oliy ta'limga qamrab olinishi ko'rsatkichi uch baravar, ya'ni 28 foizga ortgan. 

      Bunda BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining Sud`yalar va advokatlar mustaqilligi bo'yicha maxsus ma'ruzachisi D.Garsiya-Sayan takliflariga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ya'ni, BMT Maxsus ma'ruzachisi tavsiyalaridan kelib chiqqan holda, huquqshunos, ayniqsa, advokat kadrlarni tayyorlash ko'lami tobora kengaytirib borilmoqda. 

      Bugungi kunda O'zbekistondagi o'ndan ortiq oliy o'quv yurtida bakalavr bosqichi bo'yicha huquqshunos mutaxassislar tayyorlanmoqda. Xususan, Toshkent davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Namangan davlat universiteti, Termiz davlat universiteti, Samarqand davlat universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Vestminster  universiteti, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Jamoat xavfsizligi akademiyasi, Davlat xavfsizlik xizmati Akademiyasi shular jumlasiga kiradi.

      Bundan tashqari, mamlakatimizda magistratura bosqichi bo'yicha huquqshunos mutaxassislar tayyorlash uchun qo'shimcha imkoniyatlar ham yaratilgan. Bu o'rinda Bosh prokuratura Akademiyasi faoliyatini alohida ta'kidlash lozim.

      Yanada muhimi, Prezident Farmoni va Vazirlar Mahkamasining qarori asosida 2020 yil oktyabrida O'zbekiston Fanlar akademiyasi tizimida Davlat va huquq instituti o'z faoliyatini boshladi. Fanlar akademiyasi Prezidiumi qarori bilan O'zbekiston Respublikasida yuridik fanlarni rivojlantirish bo'yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etildi. Shuningdek, 12.00.13 – “Inson huquqlari” mutaxassisligi ochildi. 

      Xalqaro konferentsiya ishtirokchilariga BMTning Inson huquqlari sohasida ta'lim va tarbiya to'g'risidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo'yicha milliy harakatlar dasturi ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham so'zlab berildi. 

      Bu borada Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan 2021 yil aprel`-may oylarida Namangan, Xorazm, Samarqand viloyatlari va Qoraqalpog'iston Respublikasi hududlarida faoliyat orlib borayotgan bir qator oliy o'quv yurtlarida o'tkazilgan monitoring natijalari anjuman ahli diqqatini tortdi. 

      Ishtirokchilar tomonidan mamlakatda yuridik ta'lim va fanni rivojlantirishga to'siq bo'layotgan ayrim muammolarga ham e'tibor qaratildi. Bu boradagi ibratli milliy amaliyot va ilg'or xorijiy tajribalar tahlil etildi. Soha istiqbollari bo'yicha amaliy taklif va tavsiyalar bildirildi.


Inson huquqlari bo'yicha

O'zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

 

Powered by GSpeech