SHHTning Ostona sammiti oldidan samarali muloqotlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 iyul kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi va "SHHT plyus" formatidagi uchrashuvda ishtirok etish uchun Ostona shahriga keldi.

Ostona xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Oljas Bektenov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Shu kuni Ostona shahrida tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Xitoy Raisiga O‘zbekistondagi ortga qaytmas islohotlarni qat’iy qo‘llab-quvvatlayotgani hamda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratayotgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Yetakchilar keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida ulkan yutuqlarga erishilganini ta’kidladilar.

O‘zbekiston Prezidentining joriy yil yanvar oyida Xitoyga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

Hukumatlar, parlamentlar, tashqi siyosat va tarmoq idoralari o‘rtasidagi aloqalar sezilarli darajada faollashdi.

Yil yakuniga qadar Tashqi ishlar vazirlari strategik muloqotining ikkinchi yig‘ilishini Toshkent shahrida o‘tkazish rejalashtirilgan. Yaqin kunlarda Xitoy parlamentining yuqori darajadagi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi kutilmoqda.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik jadal rivojlanmoqda.

O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi 14 milliard dollarga yetdi. Yaqin istiqbolda bu ko‘rsatkichni 20 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari qayd etildi.

Investitsiya loyihalarining joriy portfeli 50 milliard dollardan oshgan. Shu yil boshidan buyon mamlakatimizda 3 milliard dollardan ziyod Xitoy sarmoyasi o‘zlashtirilib, 500 dan ortiq yangi qo‘shma korxona tashkil etildi.

Infratuzilma, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi va "yashil" energetika sohalarida strategik hamkorlik dasturlarini qabul qilishni jadallashtirishga kelishib olindi.

Yaqinda Jizzax viloyatida O‘zbekiston – Xitoy texnoparki ishga tushirilgani va mintaqamizda birinchi bo‘lib "BYD" elektromobillari ishlab chiqarila boshlangani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Xitoyning yetakchi moliyaviy tuzilmalari bilan hamkorlik kengaymoqda. Xususan, "Ipak yo‘li" jamg‘armasi bilan investitsiya platformasi yaratildi, Xitoy Eksimbanki ko‘magida poytaxtimizda Olimpiya shaharchasi qurilishi yakunlanmoqda. Ushbu bankning Toshkent shahrida hududiy filiali ochilishi kutilmoqda.

Hududlararo almashinuvlar faollashgani yuqori baholandi. Yil boshidan buyon mamlakatimizning barcha hududlari rahbarlari bir necha bor Xitoyga tashrif buyurdi, Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni, Anxoy, Szyansi, Szyansu, Chjetszyan, Shandun, Shensi va Shanxay muzofotlari delegatsiyalari O‘zbekistonda bo‘ldi. Pekin, Urumchi va boshqa bir qator shaharlarda savdo uylari ochildi.

Kelgusi yilda ikkinchi Hududlar forumi o‘tkazilishi belgilab olindi.

Prezidentimiz XXR Raisini kambag‘allikka qarshi kurashish sohasida amaliy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlayotganini alohida ta’kidladi. Bu muhim yo‘nalishda tajriba almashish bo‘yicha uzoq muddatli dastur qabul qilish taklifi bildirildi.

"Bir makon, bir yo‘l" tashabbusi doirasida transport bog‘liqligini mustahkamlash va mintaqani rivojlantirishda strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘lini qurish bo‘yicha amaliy ishlarni tez fursatda boshlash muhimligi ta’kidlandi.

Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. O‘zbekiston tomonining "yagona Xitoy" siyosatini qo‘llab-quvvatlash va "uch yovuz kuch"ga qarshi kurashish borasidagi pozitsiyasi o‘zgarmas ekani tasdiqlandi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, "Markaziy Osiyo – Xitoy" formati va boshqa xalqaro hamda mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi yaqin hamkorlik davom ettiriladi.

Davlatimiz rahbari XXR yetakchisiga SHHTga raislik davrida katta muvaffaqiyatlar tiladi.

Turizm, ilm-fan, ta’lim, kadrlar tayyorlash va xitoy tilini o‘rganish sohalarida hamkorlikni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Yaqinda Toshkentda Markaziy Osiyodagi Konfutsiy institutlari forumi bo‘lib o‘tadi. Mamlakatimizda XXR oliy o‘quv yurtlari filiallarini ochish, Xitoyning professional ta’lim tizimi – "Lu Ban ustaxonasi"ni keng joriy etish rejalari belgilandi. Ikkinchi Ta’lim forumini kelgusi yilda o‘tkazish taklifi bildirildi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Prezidenti XXR Raisini mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi.

Uchrashuv har doimgidek o‘zaro ishonch, ochiqlik va do‘stlik ruhida o‘tdi.

Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan uchrashuv o‘tkazdi.

O‘zbekiston bilan Pokiston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Turli darajalardagi muloqotlar faol davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro savdo va yuk tashish hajmi, qo‘shma korxonalar soni ortmoqda.

Davlatimiz rahbari Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun qulay sharoitlarni shakllantirish borasidagi ishlarni davom ettirish muhimligini ta’kidladi.

Qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, farmatsevtika, kimyo va boshqa tarmoqlarda loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilish muhim ekani qayd etildi.

Joriy yilda Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi, biznes forumi va sanoat ko‘rgazmasini o‘tkazishga kelishib olindi.

Transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirishda birgalikdagi sa’y-harakatlar zarurligi ta’kidlandi.

Mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

SHHTning 4 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan sammiti kun tartibidan tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish va faoliyatini takomillashtirishning dolzarb masalalari o‘rin olgan. Xalqaro va mintaqaviy hamkorlikning muhim jihatlari ham ko‘rib chiqiladi. 

Yig‘ilish yakunida Ostona deklaratsiyasi hamda iqtisodiyot, xavfsizlik, ekologiya, energetika, turizm va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda sheriklikni kengaytirish bo‘yicha hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.

O‘zA

Powered by GSpeech