26-fevral kuni Nyu-York shahridagi BMT bosh qarorgohida Tashkilot Bosh Assambleyasi tomonidan "2027-yil - Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili" rezolyutsiyasi bir ovozdan ma’qullandi.
O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ilgari surilgan ushbu rezolyutsiyaga 80 dan ortiq a’zo mamlakat hammualliflik qildi.
Hujjat matnini muvofiqlashtirish bo‘yicha maslahatlashuvlarda Rossiya, Xitoy Xalq Respublikasi, AQSH, Turkiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Misr, Braziliya, Argentina kabi yetakchi davlatlarning ekspertlari faol ishtirok etdi va rezolyutsiya mazmunini boyitishga muhim hissa qo‘shdi. BMTga a’zo davlatlar vakillari ushbu rezolyutsiyaning taqdim etilishi o‘z vaqtida va dolzarb ekanini qayd etdilar.
Hujjatning bosh maqsadi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil oktabrida Samarqandda bo‘lib o‘tgan BMTning Jahon sayyohlik tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyasida turizm sohasining yangi muammolar va zamonaviy xatarlar oldida barqarorligi va moslashuvchanligi borasida bildirilgan fikrlariga asoslangan.
Davlatimiz rahbari tomonidan turizmning turli sivilizatsiyalar boy madaniy merosini asrashda, tinchlik va bag‘rikenglikni mustahkamlashda, xalqlarning qadriyatlarini hurmat qilishda muhim o‘rin tutishi to‘g‘risida bayon etilgan tamoyillar ushbu rezolyutsiyada mustahkamlangan.
Hujjatda ekologiya, bioxilma-xillikni asrash va atmosferaning ifloslanishini kamaytirish yo‘lida "yashil" turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Rezolyutsiya 2027-yilni Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili deb e’lon qilishni qaror qiladi hamda BMTning Jahon sayyohlik tashkilotini hukumatlar, BMT tizimidagi tuzilmalar, mintaqaviy tashkilotlar bilan birgalikda yilni muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun kompleks choralar ko‘rishga chaqiradi.
Rezolyutsiyada barqaror turizmni, jumladan, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, iqtisodiy o‘sish, to‘liq bandlikni ta’minlash, qishloq hududlarini rivojlantirish va qishloq aholisining yashash sharoitlarini yaxshilashga xizmat qiluvchi ekoturizmni rivojlantirish muhimligi ta’kidlanadi.
Rezolyutsiya barcha manfaatdor tomonlarga barqaror va yashovchan turizmni kambag‘allikni bartaraf etish, ayollar, yoshlar, keksalar va nogironlarning ishtirokini rag‘batlantirish, iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish hamda munosib ish joylari va daromad manbalarini yaratishning muhim vositasi sifatida faol ilgari surishni tavsiya etadi.
Hujjat bilan BMTning Jahon sayyohlik tashkilotiga ushbu rezolyutsiyaning amalga oshirilishi yuzasidan BMT Bosh Assambleyasining 83-sessiyasida (2028-y.) axborot berish, bunda Xalqaro yil qay darajada o‘tkazilganini baholashga alohida e’tibor berish topshirildi.
Ekspertlarning fikricha, O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan rezolyutsiya turizm sanoatining global darajada yangi bosqichga ko‘tarilishini boshlab beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
- Qo'shildi: 28.02.2024
- Ko'rishlar: 2432
- Chop etish