Haqiqiy jurnalistlar o‘rniga SIdan foydalanish bo‘yicha qaror Polsha bo‘ylab keskin noroziliklarni keltirib chiqardi: odamlar neyrotarmoq inson mehnati o‘rnini egallashi va millionlab xodimlar ishsiz qolishi mumkinligi sabab o‘z xavotirlarini bildirdi.
Polshadagi OFF Radio Krakow radiostansiyasi jamoatchilikning keskin noroziligidan keyin haqiqiy jurnalistlar o‘rniga neyrotarmoq «boshlovlchilar»dan foydalanish bo‘yicha eksperiment yakunlanganini ma’lum qildi.
Bir necha hafta oldin radiostansiya rahbariyati radioboshlovchilarni ishdan bo‘shatib, ularning o‘rniga sun’iy intellektdan foydalanishga (SI) qaror qilgandi. Natijada, SI yordamida yaratilgan virtual personajlar ishtirokida shou yo‘lga qo‘yildi. Mazkur qaror butun Polsha bo‘ylab keskin noroziliklarni keltirib chiqardi: odamlar neyrotarmoq inson mehnati o‘rnini egallashi va millionlab xodimlar ishsiz qolishi mumkinligi sabab o‘z xavotirlarini bildirdi.
Stansiya muharriri Marsin Pulit mazkur tajribadan maqsad sun’iy intellekt bo‘yicha bahs-munozarani yuzaga keltirish bo‘lgani va u muvaffaqiyatli yakunlanganini ma’lum qildi. Eksperiment uch oyga mo‘ljallangan, ammo radiostansiya uni ertaroq tugatishga qaror qilgan. Pulitning so‘zlariga ko‘ra, bir hafta ichida «shu qadar ko‘p fikr va xulosalar kelib tushganki, uni davom ettirishdan ma’ni yo‘q». Shu bilan birga, muharrir radiostansiyaning ishdan bo‘shatilgan jurnalistlari yana efirga qaytish-qaymasligiga aniqlik kiritmagan.
Eksperiment ushbu radiostansiyada avval dastur olib borgan jurnalist va kinotanqidchi Mateush Demskiy «xodimlar o‘rnini sun’iy intellekt egallashi»ga qarshi petitsiyani ishga tushirganidan keyin ko‘pchilikning e’tiboriga tushdi. Petitsiyaga uch kun ichida 23 mingdan ortiq odam imzo qo‘ygan.
Neyrotarmoq boshlovchilar bilan bogliq vaziyat radiostansiya SI adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori, 2012 yilda vafot etgan Vislava Shimborskiyadan «intervyu» olganidan keyin yanada keskinlashdi. Mazkur «suhbat» hatto hukumat darajasida muhokama qilindi.
Kun.uz
- Qo'shildi: 05.11.2024
- Ko'rishlar: 888
- Chop etish