Poytaxtda imkoniyati cheklangan bolalar xayriya yarmarkasi bo‘lib o‘tadi

2003 yildan buyon har yili o‘tkazib kelinayotgan yarmarkada bu yil 400 nafar ishtirokchi bolalar o‘zlarining 5000 dan ziyod kartinalar, otkritkalar, yumshoq o‘yinchoqlar, zardo‘zlik ishlari, biserdan yasalgan ishlar, applikatsiyalar, kashta, taqinchoqlar kabi ijodiy ishlari bilan qatnashishadi.

2024 yil 4 may kuni “Lotte City Hotel Tashkent” mehmonxonasida “Mo‘jizalar davri” 23-xayriya yarmarkasi bo‘lib o‘tadi. Unda imkoniyati cheklangan bolalar, jumladan, yetim bolalar, nogironligi bo‘lgan, murakkab turmush sharoitlarida yashayotgan bolalar o‘z ijodiy ishlarini taqdim etadilar.

 

“Mo‘jizalar davri” – Markaziy Osiyodagi yagona maydoncha bo‘lib, u imkoniyati cheklangan insonlarni kasbga yo‘naltirish va ularni ijtimoiylashtirish masalasini ko‘taradi.

Yarmarka quyidagi maqsadlarga qaratilgan:

• biznes, xayriya va xalqaro tashkilotlar vakillari, poytaxtimiz aholisi va mehmonlari e’tiborini imkoniyati cheklangan bolalar, jumladan, yetim bolalar, nogironligi bo‘lgan, murakkab turmush sharoitlarida yashayotgan bolalar masalalari va muammolariga qaratish;

• bolalarning ijobiy tashabbuslarini yanada amalga oshirish va ularni ijtimoiy moslashtirish uchun imkoniyatlar izlash;

• ijtimoiy javobgarlik tamoyillaridan kelib chiqib, imkoniyati cheklangan bolalarni samarali qo‘llab-quvvatlash va ular bilan manzilli ishlash;

• bolalar va tadbir mehmonlariga bugungi kunning ajralmas ehtiyoji sifatida ekologik mas’uliyatni singdirish.

Yarmarka davomida professional yo‘nalishlar va psixologik elementlarni ochib beruvchi mahorat darslari tashkil etiladi. Bolalar estrada yulduzlari, para Olimpiya yulduzlari, nogironligi bo‘lgan hamfikr insonlar bilan bir sahnada chiqish qiladilar. Tadbirdan so‘ng 2024 yil 4 may kuni Hamdo‘stlik mamlakatlari mehmonlari O‘zbekistondagi nogironligi bo‘lgan bolalar va yoshlarga motivatsiya berish va ularni kasbga yo‘naltirish maqsadida motivatsion uchrashuvlar va video-intervyu o‘tkazadilar.

Ko‘rgazmada yig‘ilgan barcha mablag‘ bolalarning ijodiy qobiliyatini rivojlantirish maqsadida ishtirokchi tashkilotlarga beriladi.

Kun.uz

Powered by GSpeech