Senat Raisi Nyu-Yorkda BMT Bosh kotibi bilan hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Nyu-York shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o‘tkazdi.

O‘zbekiston Respublikasining BMT va uning ixtisoslashgan idoralari bilan hamkorligining hozirgi holati va istiqbollari ko‘rib chiqildi. Xususan, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, gender tenglikni taʼminlash, shuningdek, ekologik muammolar, jumladan Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish masalalariga eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv davomida O‘zbekistonning BMT bilan o‘zaro aloqalari tobora kengayib borayotgani, iqtisodiyot, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, ekologiya, madaniyat va taʼlim yo‘nalishlaridagi hamkorlikning samarali natijalari alohida qayd etildi.

O‘zbekiston BMT doirasida jahon hamjamiyati tomonidan qo‘llab-quvvatlangan, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash, inson huquqlarini himoya qilishga amaliy hissa qo‘shayotgan tashabbuslarni ilgari surib kelayotgani qayd etildi. Jumladan, O‘zbekiston tashabbusi bilan so‘nggi yillarda mintaqaviy hamkorlik, ekologiya, inson huquqlarini himoya qilish, BRMga erishishni jadallashtirishda parlamentlararo muloqotni rivojlantirishga qaratilgan BMT Bosh Assambleyasining 7 ta maxsus rezolyutsiyasi qabul qilingan.

A.Guterrish Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi ijobiy holatida O‘zbekistonning muhim roliga alohida to‘xtalib o‘tdi. “Prezident Shavkat Mirziyoyevning saʼy-harakatlari bilan Markaziy Osiyo bugun ahil-inoq yashamoqda, mamlakatlar barcha sohalarda jadal hamkorlik qilmoqda. O‘zbekiston tashabbusi bilan mintaqa ayollari ham faoliyati ishonchli qo‘llarda bo‘lgan Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollarining noyob muloqoti doirasida birlasha oldi”.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston tashabbuslarini xalqaro maydonda ilgari surish, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishga doir aniq takliflarni qo‘llab-quvvatlashda BMT bilan konstruktiv hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.

Samimiy va amaliy ruhda kechgan muloqot yakunida O‘zbekiston va BMT o‘rtasida barcha sohalarda o‘zaro manfaatli munosabatlarni yana-da kengaytirishga kelishib olindi.

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY MAJLISI SENATI

Powered by GSpeech