Prezident farmoni xalqimizga sadoqatli, vatanimiz taqdiri va istiqboliga mas’ul yangi avlod kadrlarni tayyorlash va qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada rivojlantiradi

2025 yil 19 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi  Prezidentining “Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni e’lon qilindi. Aytish kerakki, mazkur hujjat o‘z mohiyat e’tiboriga ko‘ra, mamlakatimizni rivojiga, islohotlar samarasiga, xalqimiz farovonligini yuksaltirish va turmush darajasi va sifatini yanada yaxshilashga bevosita aloqador masalani yangicha yondashuv va oqilona yechimlar bilan hal etishga qaratilgandir.

U davlatimiz rahbarining 2017 yil 7 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi “Konstitutsiya – erkin va farovon hayotimiz, mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirishning mustahkam poydevoridir” nomli ma’ruzasida “Bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar samarasi avvalambor yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlaydigan, Vatanimiz taqdiri va istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir yosh kadrlar safini kengaytirishga bevosita bog‘liq”dir deb aytgan ko‘rsatmalarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan tizimli ishlarning mantiqiy davomidir.

Bugun hech kimga sir emas, O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, O‘zbekistonda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar va mamlakat Asosiy qonuniga kiritilgan o‘zgartishlar, mamlakatimizning har tomonlama rivojlanishi, eng muhimi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yangilanishlarni ijobiy baholanishi zamirida birinchi navbatda, davlat rahbarining uzoqni ko‘zlab amalga oshirayotgan tizimli siyosati hamda Prezidentimizga kamarbasta ko‘p sonli fidoyi davlat xizmatchilari – xalq xizmatidagi kadrlarning faoliyati samarasidir.

Xususan, kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida boshlangan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Davlat xizmati bo‘yicha Forumi ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida ushbu masalaga to‘xtalib, “Dunyoga tobora ochilayotgan, jadal islohotlar yo‘lidan borayotgan va ilg‘or xalqaro tajribani keng tatbiq etayotgan, “davlat – xalq uchun” tamoyiliga qat’iy amal qilib kelayotgan Yangi O‘zbekiston davlat xizmati sohasida global o‘zgarishlarning ajralmas bir qismi” ekanligini alohida ta’kidladi.

Darhaqiqat, davlat boshqaruvida raqamli transformatsiyani rag‘batlantirish, davlat xizmatlarini ko‘rsatishning innovatsion yechimlarini qo‘llash, davlat sektori institutlarida samaradorlikni keskin oshirish, liderlik boshqaruv uslubini rivojlantirish, uzluksiz ta’lim olishni kengaytirish va bo‘lajak rahbarlar uchun zarur ko‘nikmalarni belgilash bo‘yicha ilg‘or tajriba almashish har qachongidan ham dolzarb ahamiyatga egaligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari aytganidek, keyingi yillarda O‘zbekistonda davlat xizmatini chinakamiga inklyuziv xalq xizmatiga aylantirish bo‘yicha tizimli islohotlarni olib borilmoqda. Sohaga oid “Davlat fuqarolik xizmati” to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi. Islohotlarning har bir fuqaroga va xonadonga yaqin bo‘lishi uchun “mahallabay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi, manzilli ko‘mak va ijtimoiy himoya instituti kuchaytirildi, xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 35 foizga yetib, mamlakatimiz bu borada mintaqada yetakchi o‘rinni egalladi. 700 dan ziyod davlat xizmatlari “yagona darcha” tamoyili asosida onlayn platformalar orqali amalga oshirilmoqda.

Davlat xizmati va boshqaruvi jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish natijasida O‘zbekiston BMTning elektron hukumatlar rivojlanish darajasi bo‘yicha global reytingida 24 pog‘onaga, sun’iy intellektga tayyorlik bo‘yicha xalqaro indeksda so‘nggi bir yil ichida 17 pog‘onaga ko‘tarilgan.

Bu kabi tizimli chora-tadbirlar va yondashuvlarni yana takomillashtirish maqsadida joriy yilning 19 iyun kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi  Prezidentining “Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni davlat fuqarolik xizmatini zamonaviy standartlar asosida tashkil etish, davlat xizmatchilari ishini natijadorlikka yo‘naltirish, aholining davlat xizmatiga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish, sohaga istiqbolli kadrlarni jalb qilish va ularni professional mutaxassis etib tayyorlashning samarali tizimini joriy qilishning huquqiy va tashkiliy asoslarini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonuni hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini o‘z vaqtida va samarali ta’minlash,  davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi.

Farmon bilan shuningdek, davlat xizmatida kadrlar tayyorlashning yaxlit tizimini joriy etish; 

davlat xizmatida korrupsiyaga qarshi kurashish va raqamlashtirish;

 davlat xizmati imijini yaxshilash hamda davlat xizmatchilari uchun munosib shart-sharoitlar yaratish kabi  muhim choralar belgilandi. 

Farmonning yana bir muhim jihati, unda Davlat fuqarolik xizmatini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi tasdiqlanib, mazkur Davlat fuqarolik xizmatini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasining maqsadli ko‘rsatkichlari belgilab berildi. Shuningdek, Davlat fuqarolik xizmatini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi qabul qilindi.

Farmonda Respublika, hududiy va tuman darajasidagi davlat organlari davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestri, Milliy darajadagi davlat organlari davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestrining ham tasdiqlanishi mamlakatimizda davlat fuqarolik xizmati tizimida yangicha yondashuv vujudga kelganini ko‘rsatadi.

Fikrimizcha, barchamiz mazkur hujjat va unda belgilangan vazifalar mazmun-mohiyatini chuqur o‘rganishimiz zarur. Chunki, hozirda mamlakatimizda davlat fuqarolik xizmati sohasida qonuniylik, ochiqlikni ta’minlash hamda bu sohada korrupsion holatlarni oldini olishga yo‘naltirilgan samarali mexanizmlarni belgilovchi yaxlit tizim yaratilmoqda.

Shular qatorida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 oktyabrdagi PF–5843-son “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, 2023 yil 11 sentyabrdagi PF-158-son “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonlari, 2019 yil 3 oktyabrdagi PQ–4472-son “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda mazkur sohaga tegishli boshqa normativ-huquqiy hujjatlar soha rivojiga xizmat qilmoqda.

Bularni barchasi davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini natijadorlikka yo‘naltirish, iqtidorli yoshlar va malakali kadrlar orasida davlat xizmatining nufuzi hamda jozibadorligini oshirish, muhim sohalarni isloh qilish bo‘yicha tashabbuslarni amalga oshirish uchun malakali kadrlar zaxirasini shakllantirish, mamlakatning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilashga xizmat qiladi.

Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida strategik taraqqiyot maqsadlariga muvofiq holda sifat jihatidan yangi davlat fuqarolik xizmati tizimini barpo etish, mazkur tizim sharoitida xizmatchilarni saralash, tayyorlash va faoliyat samaradorligini oshirish, kasbiy kompetensiyani oshirish va xizmat jarayonini amalga oshirishda  iqtisodiy ta’sir mexanizmlarini keng qo‘llash, istiqbol maqsadlariga ko‘ra, tizim faoliyatini optimal ta’minlash, faoliyatga zamonaviy boshqaruv usullarini qo‘llash kabi yo‘nalishlar bo‘yicha keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. 

Jahonda globallashuv jarayoni chuqurlashishi va sun’iy intellekt texnologiyalari jadal rivojlanib borishi sharoitida sohalarda raqobat darajasi keskin darajada ortib bormoqda. Raqobatning ortishi iqtisodiyot tarmoqlari, ayniqsa,  davlat fuqarolik xizmati xizmatchilari faoliyatini zamonaviy talablarga muvofiq holda tashkil qilishni taqozo qiladi. 

Yangi O‘zbekistonni barpo etish sharoitida davlat fuqarolik xizmatini самарали tashkil qilish va davlat xizmatchilari faoliyati natijadorligini ta’minlashda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning bu borada:  “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil muhim ahamiyat kasb etadi. “...Haqiqiy rahbar, haqiqiy yetakchi odamlarning bardoshini sinash uchun emas, balki ularga munosib shart-sharoit yaratib berish, og‘irini yengil qilish uchun rahbar etib tayinlanadi. Barcha bo‘g‘indagi rahbarlar o‘zining odob-axloqi va madaniyati bilan hammaga o‘rnak va namuna bo‘lishi zarur ”.

Boshqacha aytganda, davlat xizmatiga loyiq va mos keladigan kadrlarni tanlash, zamon talablari asosida ularni tayyorlash va joy-joyiga qo‘yish mavjud tizimda o‘zgarishlarni joriy etishga yondashuv o‘z navbatida bugungi kunda dunyo mamlakatlari uchun davlat xizmati samaradorligini o‘lchash vositalari hisoblangan «Hukumat samaradorligi» (Government Effectiveness) reytingida yuqori o‘rinlarni egallashga ham xizmat qiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbari biz davlat xizmatchilari uchun “Xalqni rozi qilish – barcha rahbarlarning eng ustuvor vazifasi” degan bosh tamoyilni ro‘yobga chiqarishda bu kabi hujjatlar dasturulamal bo‘lib xizmat qiladi.

Akmal Raxmanov,

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyasi,

yuridik fanlari nomzodi.

O‘zA

Powered by GSpeech