Davlat rahbari qalblarga iymon nurini bag‘ishlaydigan ushbu ulug‘ ayyomni yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik muhitida, oilamiz, el-yurtimiz davrasida kutib olayotganimiz uchun Parvardigori olamga cheksiz shukronalar aytishimiz lozimligi ta’kidladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Ramazon oyi kirib kelishi munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga tabrik yo‘lladi.
«Butun Yer yuzidagi islom ummati bilan birga jonajon O‘zbekistonimizning barcha mo‘min-musulmonlari ham qutlug‘ va muborak Ramazon oyini xursandchilik bilan kutib oldilar. Dunyo musulmonlari uchun eng aziz va qadrli bo‘lgan, barcha ezgu niyatlar ijobat bo‘ladigan Ramazoni sharifning kirib kelishi bilan siz, azizlarni, butun xalqimizni chin yurakdan muborakbod etib, barchangizga o‘zimning yuksak ehtiromim va samimiy tilaklarimni izhor etaman», deyiladi tabrik so‘zi boshida.
Davlat rahbari qalblarga iymon nurini bag‘ishlaydigan ushbu ulug‘ ayyomni yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik muhitida, oilamiz, el-yurtimiz davrasida kutib olayotganimiz uchun Parvardigori olamga cheksiz shukronalar aytishimiz lozimligi ta’kidladi.
Ma’naviy poklanish, sabr-qanoat, xayru saxovat fazilatlari ziyoda bo‘ladigan mohi Ramazonni milliy an’ana va qadriyatlarimizga mos, yuksak darajada o‘tkazish, yurtimiz musulmonlarining ibodat amallarini emin-erkin ado etishlari uchun barcha sharoitlar yaratilganini qayd etdi.
«Inson qadri – ulug‘» degan olijanob tamoyilimizdan kelib chiqqan holda, mazkur fazilatli oyda xalqimiz manfaatlarini ta’minlash, yosh avlodni bilim-ma’rifat, yaxshi xulq-odob sohiblari etib tarbiyalash, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatimiz, el-yurtimiz o‘rtasida mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar, qabristonlarni obodonlashtirishga qaratilgan savobli ishlarimiz yanada ziyoda bo‘ladi, deb ishonamiz. Zero, hadisi shariflarda zikr etilganidek, bu oyda qilingan birgina yaxshilik o‘n karra mukofot bo‘lib qaytadi», deyiladi tabrik so‘zida.
Prezident ta’kidlaganidek, butun xalq bilan birga yaratgan Egamdan dunyoda tinchlik va osoyishtalik qaror topishini, go‘zal diyorimizdagi tinch-osuda hayot bardavom bo‘lishini chin dildan so‘rab, Qadr kechalarida ixlos bilan duo qilamiz.
«Fursatdan foydalanib, ushbu shukuhli lahzalarda dunyo mo‘min-musulmonlarini, do‘st va hamkorlarimizni muqaddas Ramazon oyi bilan samimiy qutlab, ularning davlatlari va xalqlariga tinchlik-omonlik, ravnaq va farovonlik tilaymiz. Ramazoni sharif el-yurtimizga qut-baraka, har bir xonadonga shodu xurramlik, yangi yutuq va omadlar olib kelsin! Ramazon oyi yana bir bor barchamizga muborak bo‘lsin!», deyiladi tabrik so‘zi yakunida.
Kun.uz
- Qo'shildi: 12.03.2024
- Ko'rishlar: 2223
- Chop etish