Prezident Shavkat Mirziyoyev maktab ta’limi sifati va pedagoglar malakasini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
O‘quvchilarning fanlarga qiziqishi va o‘rganishi ko‘p jihatdan murabbiylarning bilim va mahoratiga bog‘liq. Shu bois pedagoglarning malakasini oshirishga zarur sharoit yaratilib, baholash tizimi takomillashtirib borilmoqda.
Mutasaddilar avvalo shu haqda axborot berdi.
Qayd etilganidek, attestatsiyada ilg‘or texnologiyalarga asoslangan yangi tartib joriy etilgan. Unda 190 mingdan ziyod o‘qituvchilar qatnashib, shundan 51 ming nafarining toifasi oshirilgan.
Maktablarda bilimli va izlanuvchan pedagoglar ko‘payishini doimiy rag‘batlantirish zarurligi ta’kidlandi.
2025 yil sentyabrdan oliy va birinchi malaka toifasiga ega o‘qituvchilarning oylik maoshini oshirish taklifi bildirildi.
Attestatsiyadan o‘tolmagan, tajribasi yetarli bo‘lmagan o‘qituvchilar uchun alohida dastur ishlab chiqib, malakasini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Bu borada malaka oshirish markazlari hamda pedagogika kollejlari imkoniyatlaridan to‘la foydalanish zarur. Shu maqsadda, Prezident maktabi tajribasi asosida, Abdulla Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot institutida bog‘cha va maktablarning rahbar hamda pedagoglarini har 5 yilda malakasini oshirish tizimi yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
Hududlardagi 11 ta pedagogika kollejini Malaka oshirish markazlari tasarrufiga o‘tkazib, xorijdan trenerlarni jalb etish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, kam quvvatda ishlayotgan pedagogika kollejlari negizida bog‘cha va maktablar, texnikumlar, “Barkamol avlod” maktabi tashkil qilinishi aytildi.
Ilg‘or tajribalarni oimalashtirish maqsadida o‘tgan yili 500 ta maktabda Prezident maktabi baholash tizimi joriy etilgan edi. Buning samarasida ulardagi o‘quvchilarning o‘zlashtirishi 53 foizdan 59 foizga oshgan. Yuqori natijaga erishgan maktablar rahbariyati va o‘qituvchilariga 40 foizgacha ustama belgilangan.
Shu bois ushbu baholash tizimi yangi o‘quv yilidan yana 1 mingta maktabda qo‘llana boshlaydi. Ularga 182 ta ixtisoslashgan hamda 500 ta tajribadan o‘tgan maktab biriktiriladi.
Shuningdek, 270 ta maktab interaktiv doska, 365 tasi kompyuter sinflari bilan jihozlanadi.
Taqdimotda Qori-Niyoziy nomidagi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti negizida Tarbiya pedagogikasi milliy institutini tashkil etish taklifi ham muhokama qilindi. Yangilangan institutga “mahalla – ota-ona – maktab” hamkorligini kuchaytirish, ota-onalar va bolalar uchun tarbiyaga oid adabiyotlar yaratish, jadidlarning tarbiyaviy qarashlarini ilmiy tadqiq etish kabi vazifalar qo‘yiladi. 5 ta ixtisoslik bo‘yicha Ilmiy kengash faoliyati hamda magistratura va doktorantura bo‘yicha kadrlar tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, Bahodir Jalolov va Oksana Chusovitina sport mahorati maktablarida xalqaro uslublarni joriy etish, o‘quv va mashg‘ulotlar sifatini oshirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.
Davlatimiz rahbari pedagoglar tayyorlash sifatini oshirish, adolatli baholash va rag‘bat tizimini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
O‘zA
- Qo'shildi: 20.06.2024
- Ko'rishlar: 1529
- Chop etish