Erta turmush qurish yoki yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh qanday oqibatlarga olib kelishini deyarli hammamiz yaxshi bilamiz. Bu borada qator tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Ammo shunga qaramay, qizlarni erta turmushga berish yoki yaqin qarindoshlarning nikohi hamon uchrab turibdi. Bu esa oilalarni mustahkamlash, yon shajara bo‘yicha yaqin qarindoshlar o‘rtasida nikoh tuzishning oldini olishga qaratilgan qonunchilik hujjatlarini takomillashtirishni taqozo etmoqda.
«Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili» Davlat dasturida shuningdek, joriy yil 20-fevral kuni Prezidentimiz raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Oliy Majlis Senati hamda Qonunchilik palatasiga tegishli vazirlik va tashkilotlar bilan birgalikda kelajak avlod salomatligiga salbiy ta’sir qiladigan qarindoshlikning barcha darajasidagi nikoh tuzishga yo‘l qo‘ymaslikni qonun bilan belgilash masalasini muhokama qilish va taklif kiritish vazifasi belgilangan.
Ushbu vazifalardan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan «Qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh: sabab va oqibatlar» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh masalasi mutaxassislar tomonidan keng o‘rganilgani, bunday nikohning salbiy oqibatlari ilmiy jihatdan o‘z isbotini topgani, qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh millatning irsiy zaiflashuviga sabab bo‘lishi, kuzatuvlar ko‘p hollarda yaqin qarindoshlardan tug‘ilgan bolalarda irsiy kasalliklar yaqqol namoyon bo‘lishini ko‘rsatgani ta’kidlandi.
Mutaxassislarning aytishicha, bir-biriga begona bo‘lgan er-u xotinning tug‘ilajak bolasiga qaraganda qarindoshlar o‘rtasida tug‘ilajak bolada irsiy kasallik xavfi 3-4 baravar ko‘pligi va turli nuqsonlar kuzatiladi. Irsiy kasalliklar bolaning yoshligida bilinmay, yoshi o‘tavergach yuzaga chiqishi mumkin. So‘nggi yillarda ajrimga sabab bo‘layotgan holatlardan biri ham qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nikohdan oilada nogiron bolalarning tug‘ilayotgani bilan bog‘liq.
Yaqin qarindoshlar o‘rtasida tuzilgan nikohlardan nogiron farzandlar tug‘ilishi xavfini o‘rganish, natijalari asosida yon shajara bo‘yicha yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohni taqiqlash bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish zarurati yuzaga kelmoqda. Shu maqsadda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a’zolari, Adliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va manfaatdor davlat organlari vakillaridan iborat Ishchi guruh tuzilgan bo‘lib, o‘rganishlar va muhokamalar o‘tkazilmoqda.
– Turmush qurgan yaqin qarindoshlarning farzandi aksariyat hollarda nogiron tug‘ilishi fan va tibbiyotda allaqachon isbotlangan, – dedi Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Mavluda Xo‘jayeva. – Ma’lumotlarga ko‘ra, birgina 2023-yilda Respublika Ona va bola skrining markaziga murojaat qilgan 9 ming 14 nafar bolaning 796 tasida irsiy kasalliklar aniqlangan. Kasalliklar turi bo‘yicha tahlil qilinganda, nerv-mushak tizimining irsiy kasalliklari aniqlangan 265 ta bolaning 88 tasi, ya’ni 33,3 foizi qarindoshlar o‘rtasidagi nikohdan tug‘ilgan bolalar ekanligi ma’lum bo‘lgan. Shu sababli yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning salbiy oqibatlari borasida aholi o‘rtasida tushuntirish, tashviqot ishlarini yanada kuchaytirish zarur.
Davra suhbati davomida yon shajara bo‘yicha yaqin qarindoshlar o‘rtasida nikoh tuzishni taqiqlash maqsadida Oila kodeksiga tegishli o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqish masalasi muhokama qilindi. Bu borada takliflar tayyorlashga kelishib olindi.
M.Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 28.03.2024
- Ko'rishlar: 2316
- Chop etish