Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash yuzasidan qanday ishlar amalga oshirildi?

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tomonidan 2024 yilning birinchi yarim yilligida qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va oldini olish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida Ombudsman axborot xizmati rahbari Fotima Madrahimova ma’lumot berdi:

– Ombudsman va Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 452 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirildi. 2023 yilning 6 oyida ushbu ko‘rsatkich 348 tani tashkil etgan edi.  

Monitoring tashriflarning 56 tasi jazoni ijro etish koloniyasi, 71 tasi tergov hibsxonasi, 93 tasi vaqtincha saqlash hibsxonalari, 28 tasi Maxsus qabulxona, 17 tasi reabilitatsiya qilish markazlari, 23 tasi narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining filiallari, 28 tasi ruhiy-asab kasalliklari shifoxonalari, 36 tasi “Saxovat” va “Muruvvat” uylari, 61 tasi mastlik holatidagilarga tibbiy yordam ko‘rsatish punktlari va 8 tasi tuman (shahar) ichki ishlar bo‘limlarida o‘tkazildi.  

Monitoring tashriflari davomida 3 mingga yaqin mahkum va mahbuslar bilan jamoaviy hamda 1 ming 585 ming nafar shaxs bilan yakka tartibda suhbat o‘tkazildi.  

Tashriflarda ushbu muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yashash, ovqatlanish, mehnat qilish sharoitlari hamda tibbiy yordam ko‘rsatish holati va sifati, saqlanayotgan shaxslar uchun olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar hamda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilayotgani kabi holatlar o‘rganildi.  

Ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga amalga oshirilgan monitoring tashriflari davomida hanuzgacha bir qator salbiy holatlar va tizimli kamchiliklar saqlanib qolayotgani aniqlandi. Ushbu kamchiliklar yuzasidan 6 oyda Ombudsman mutasaddi va tegishli vazirlik va idoralarga 5 talabnoma, 5 taqdimnoma, 8 xulosa va 2 tahliliy axborot kiritdi.  

Oliy Majlis palatalariga 4 tahliliy ma’lumot taqdim etildi. Kiritilgan ta’sir choralarini ko‘rib chiqish natijasiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumanidagi eskirgan, bemorlarni saqlash va davolashda antisanitar holatga kelgan Narkologiya dispanseri Nukus tumanida joylashgan bo‘sh binoga ko‘chirildi va bemorlarga qulay sharoitlar yaratildi.  

Monitoring tashriflarida aniqlangan kamchiliklarni bo‘yicha harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarda ishlovchi 50 nafar xodimga hayfsan berildi, 2 nafar xodim ma’muriy javobgarlikka tortildi, 3 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi.  

Ombudsman tavsiyasiga ko‘ra, Jizzax shahar hamda Do‘stlik tumanidagi, Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi vaqtincha saqlash hibsxonalari kapital, Samarqand viloyatidagi joriy ta’mirlandi.  

Nurafshon shahar va Toshkent tumanidagi vaqtincha saqlash hisbxonalaridagi ta’mirtalab holatga kelgan kamera va sayr qilish maydoni to‘liq ta’mirlandi.  

Navoiydagi 36-son manzil-koloniyasidagi mahkumlarning umumiy soni uchun kichiklik qiladigan oshxona o‘rniga 300 o‘ringa mo‘ljallangan barcha qulayliklarga ega bo‘lgan oshxona qurilib, foydalanishga topshirildi. Buxorodagi 4-son tergov hibsxonasida xo‘jalik ishlariga jalb qilingan mahkumlar uchun yaqin qarindoshlari bilan uchrashuv xonalari qurilmoqda.  

Ombudsmanning mintaqaviy vakillari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga amalga oshirilgan monitoring tashriflari davomida joylardagi mutasaddi organlar va tashkilotlarning vakillari bilan hamkorlikda tibbiy ko‘rik,  sayyor qabullar hamda boshqa ma’rifiy tadbirlar amalga oshirilmoqda.  

Ombudsmanning Navoiy va Namangan viloyatlaridagi mintaqaviy vakillari va viloyatlardagi “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda ushbu hududlardagi jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan mahkumlar kasb-hunarga o‘rgatilmoqda. 2024 yilning 1-yarim yilligida 800 nafardan ortiq mahkum kasbga o‘rgatilib, ularga sertifikatlar berildi.  

Hisobot davrida Ombudsmanga harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslar hamda ularning yaqin qarindoshlari va himoyachilari (advokatlari) tomonidan 1 ming 271 murojaat kelib tushdi. Bu ko‘rsatkich 2023 yilning shu davriga nisbatan 16 foizga  kamaygan.  

Murojaatlarda sud hukmi, surishtiruv va dastlabki tergov harakatlaridan norozilik, sud hukmini yengillashtirish, muddatidan oldin ozod etish va (yoki) afv etish, ruhiy, psixologik, jismoniy bosim o‘tkazilgani yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazilgani, Ombudsman bilan uchrashuv, boshqa muassasaga o‘tkazish, oila a’zolariga ko‘mak berish, tibbiy yordam ko‘rsatish, sud majlisida Ombudsman kotibiyati xodimining ishtiroki va boshqa masalalar ko‘tarilgan.  

Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, 24 nafar jazo muddatini o‘tayotgan shaxs maxsus tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning 13 nafari davolanish uchun kasalxonalarga joylashtirildi. 7 nafar mahkumga jazo muddatining o‘talmay qolgan qismini yengilrog‘iga almashtirishida yoki muddatidan ilgari shartli ozod etilishida, 5 nafariga amaldagi intizomiy ta’sir chorasini muddatidan avval rag‘batlantirish tariqasida yechilishida amaliy yordam ko‘rsatildi. 2 nafar mahkum yashash joyiga yaqin bo‘lgan jazoni ijro etish muassasalariga o‘tkazilgan.  

Manzil-koloniyalarda jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning 6 nafar voyaga yetmagan farzandlariga bola nafaqasi puli olishda va 5 nafar mahkumning oila a’zolariga joylardagi mahalliy hokimliklar ko‘magida moddiy yordam ajratilishiga erishildi.  

Ombudsman nomiga 2024 yil birinchi yarim yilligida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslarga nisbatan ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazilgani yuzasidan 95 ta shikoyat kelib tushdi. Bu ko‘rsatkich 2023 yilning shu davrida 125 tani tashkil etgan.  

Shikoyatlarning 8 tasi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qabul qilingan qarorlar Ombudsman murojaatiga asosan yuqori turuvchi prokurorlar tomonidan bekor qilinib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilishi belgilangan. 35 tasi esa o‘tkazilgan xizmat tekshiruvlari hamda prokuratura organlari tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv yakunlariga ko‘ra o‘z tasdig‘ini topmadi.  

Ombudsmanning nazorat xatiga ko‘ra, bir holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 52 shikoyat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.  

N.Abduraimova,  

O‘zA

Powered by GSpeech