Ijtimoiy himoya milliy agentligi rasmiylari Xitoy vakillari bilan imkoniyati cheklangan kishilar reabilitatsiyasi, bandligi va inklyuziv ta’lim olishi bo‘yicha tashabbuslarni muhokama qildi.
Ijtimoiy himoya agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva Xitoy nogironlar federatsiyasi vakillari bilan uchrashdi.
«Bu - kelgusida hamkorligimizni yanada rivojlantirish uchun ko‘plab fikr-mulohazalar va muhim g‘oyalar tug‘ilishiga zamin yaratdi», deya ma’lum qildi u.
Federatsiya raisi Chen Kay bilan muloqot chog‘ida imkoniyati cheklangan kishilarning huquq va manfaatlarini qo‘llab-quvvatlashda sobitlik yana bir bor tasdiqlandi. Qulay muhit yaratish, hayotning barcha jabhalarida inklyuzivlikni rag‘batlantirish bu insonlarning jamiyat hayotida, madaniyat va sportda faol ishtirok etishini ta’minlaydi, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.
«Federatsiyaning bu boradagi ishlari chinakamiga barchani ruhlantiradi. Reabilitatsiya, bandlik va inklyuziv ta’lim olish bo‘yicha tashabbuslarni o‘zaro muhokama qildik. Albatta, cheklangan vaqt ichida har ikki tomonda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarning faqat bir qismiga to‘xtala oldik, xolos», - deydi Shahnoza Mirziyoyeva.
Uning ishonch bildirishicha, xitoylik hamkasblar ulardan o‘rganish mumkin bo‘lgan juda ko‘p qimmatli tajribaga ega. Samarali tajriba va bilim almashish davomli bo‘lishini kutib qolamiz, deya ma’lum qildi Ijtimoiy himoya agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari.
Kun.uz
- Qo'shildi: 10.05.2024
- Ko'rishlar: 1588
- Chop etish