Ayrim hududlarda, xususan Andijon viloyatida tadbirkorlar elektr tokidan uzib qo‘yilib, quyosh panellarini o‘rnatishga majburlanmoqda. Energetika vazirligi bunday xatti-harakatlar qonunchilikka zidligini ta’kidladi. Vazirlik panellar va invertorlar importida raqobat yo‘qligi haqidagi da’voni rad etdi.
Kun.uz 7 sentabr kuni Oltinko‘l tumanida tadbirkorlik sub’yektlari ommaviy ravishda elektr tokidan uzib qo‘yilgani va quyosh panellarini o‘rnatishga majburlanayotgani haqida yozgan edi. 11 sentabr kuni holatga Energetika vazirligi munosabat bildirdi.
“So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda hamda ayrim ommaviy axborot vositalarining veb-saytlarida mamlakatimizning ba’zi bir hududlarida tadbirkorlik sub’yektlari quyosh panellari o‘rnatishga majburlanayotgani, bu to‘g‘risida ayrim mutasaddi tashkilotlar tomonidan tegishli ravishda rasmiy xat ham yuborilayotgani va o‘rnatmasa, elektr ta’minotidan uzib qo‘yilishi to‘g‘risida tahdid bo‘layotgani xususida shikoyatlar yangramoqda”, – deyiladi rasmiy munosabat avvalida.
“Majburlash yo‘q”
Vazirlikning ta’kidlashicha, “quyosh paneli o‘rnatishga majburlash yo‘q”.
Prezidentning 2023 yil 16 fevraldagi va 2024 yil 14 iyundagi prezident qarorlari bilan quyosh panellari, quyosh suv kollektorlari o‘rnatish imkoniyati bor tadbirkorlik sub’yektlari hamda aholi xonadonlari uchun mazkur jihozlarning targ‘ibot-tashviqotini kuchaytirish vazifalari ko‘rsatib o‘tilgan.
“Biroq kimnidir quyosh paneli o‘rnatishga majburlash, o‘rnatilmagan taqdirda esa, uni tarmoqdan uzib qo‘yish bilan ogohlantirish masalasi hech bir qonunchilik hujjatlarida belgilanmagan. Demakki, bunday qilish qonunchilikka zid va Energetika vazirligi bu kabi xatti-harakatlarni mutlaqo yoqlamaydi”, – deyiladi bayonotda.
Bundan tashqari, Energetika vazirligining ta’kidlashicha, quyosh panellari va uning butlovchi qismlarini olib kirayotgan korxonalar soni ham “kun sayin ortib bormoqda”.
“Joriy yilning 8 oyida O‘zbekistonga 107 ta tadbirkorlik sub’yekti tomonidan 1,5 milliondan ziyod quyosh panellari olib kirildi. E’tiborlisi, tadbirkorlik sub’yektlarining 64 tasi bu safga joriy yilda qo‘shilgan. Shuningdek, 62 ta tadbirkorlik sub’yekti tomonidan salkam 7 ming dona invertorlar olib kirilgan. Buning natijasida, agar 2023 yilning sentabr oyida bir kWh quvvatga ega “on grid” (energiya tanqisligi yuz bermasligi yoki elektr energiyasi ortiqcha bo‘lmasligi uchun tarmoqqa ulanish) tizimidagi quyosh paneli narxi o‘rtacha 10 mln so‘mga, “off grid” (energiya ta’minotchilaridan mustaqil tizim, bunday tizimning muhim tarkibiy qismi quyosh energiyasidan nafaqat kunduzi, balki kechasi ham foydalanish imkonini beruvchi batareyalardir) tizimidagi esa 13 mln so‘mga baholangan bo‘lsa, joriy yilda ularning narxi 30 foizdan ziyod arzonlashib, tegishlicha 7 mln so‘mdan 9 mln so‘mgachani tashkil etmoqda.
Ya’ni ayrim “iqtisodchi”lar ta’kidlaganidek, ushbu mahsulotlarning importini qandaydir 1-2 ta tashkilot ruxsat orqali amalga oshirmayapti hamda bularning faoliyati Energetika vazirligi tomonidan boshqarilmaydi”, – deyiladi rasmiy munosabatda.
Qo‘shimcha qilinishicha, o‘tgan yili 5 kWh quvvatga ega “on grid” tizimidagi quyosh paneli narxi o‘rtacha 50 mln so‘m, “off grid” tizimidagi esa 65 mln so‘m turgan bo‘lsa, 2024 yilning sentabrida bu narxlar 35 mln so‘m va 45 mln so‘mni tashkil qilmoqda.
“Bu avvalo mavjud raqobat muhitining ta’siri bo‘lsa, ikkinchidan, asosiy ishlab chiqaruvchi Xitoydagi narxlarning tushishi ham bunga sabab bo‘ldi”, – deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, 2023 yilning 1 oktyabridan yuridik shaxslar va tadbirkorlar uchun, 2024 yilning 1 may sanasidan e’tiboran esa aholi iste’molchilari uchun energoresurslar tarif narxlarining tabaqalashtirilgan ravishda oshirilishi iste’molchilarda quyosh paneli hamda geliokollektorlarga nisbatan qiziqishni tabiiy ravishda kuchaytirgan.
Xususan, joriy yilning 1 avgustigacha “Quyoshli xonadon” dasturi bo‘yicha jami 44 516,4 kWh quvvatga teng 13 324 ta, yuridik iste’molchilar bilan esa jami 197 201 kWh quvvatga teng 8 776 ta shartnoma imzolangan. “Bu yurtdoshlarimizning barchasi quyosh panelini o‘z xohishi bilan o‘rnatgan”, deya urg‘ulagan vazirlik.
“Energetika vazirligi tadbirkorlik sub’yektlarini quyosh paneli o‘rnatishga majburlash bilan mutlaqo kelishmaydi. Ammo tadbirkorlarimiz ham quyosh paneli qo‘yish o‘z biznesi uchun foydali ekanini anglab yetishsa, nur ustiga nur bo‘lar edi. Qolaversa, bugun bu bozorda taklif qiluvchi ham, talabgor ham, kimlardir o‘ylaganidek, kam emas”, – deyiladi bayonot so‘ngida.
Oltinko‘lda nima bo‘ldi?
7 sentabr kuni Kun.uz'ga murojaat qilgan tadbirkorlarning so‘zlariga ko‘ra, shu kuni Andijon viloyati Oltinko‘l tumanidagi do‘konlar, dorixonalar, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari, pishiriq sexlari, o‘quv markazlari, ishlab chiqarish korxonalari ertalabdan ommaviy ravishda elektr tokidan uzib qo‘yilgan.
“Tuman elektr tarmoqlari korxonasining aytishicha, agar quyosh panellarini o‘rnatmasak, svet berilmas ekan. “Quyosh panellarini o‘rnatib, tuzilgan shartnomalarni bizga olib kelib ko‘rsatinglar, tok beramiz”, deyishyapti”, – deydi tadbirkorlardan biri.
Boshqa bir murojaatchining so‘zlariga ko‘ra, muzlatkichlarda aynib qoladigan mahsulotlar borligini aytib, tezroq elektr tokini yoqishni so‘rashgan, lekin “hech kimning muammosini inobatga olishmayapti, quyosh panellarini o‘rnatishga majbur qilishyapti”.
Shu kuni Kun.uz'ga izoh bergan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ matbuot xizmati kompaniyaga bunday murojaatlar boshqa hududlardan ham kelib tushganini tasdiqlagan edi. “Lekin ogohlantirishsiz uzilgan bo‘lishi mumkin emas”, degandi HET matbuot kotibi.
Kun.uz
- Qo'shildi: 12.09.2024
- Ko'rishlar: 924
- Chop etish