Ma’lumki, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 6 noyabr kuni Bishkek shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etib, nutq so‘zladi.
Qirg‘iz Respublikasi, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Turkiya davlatlari rahbarlari, Vengriya Bosh vaziri va Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi qatnashgan anjumanda tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning holati va istiqbollari, amaliy sheriklikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Oydin Abdullayeva mazkur tadbirda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan muhim tashabbuslar xususida o‘z munosabatini bildirdi:
— So‘nggi yillarda Turkiy davlatlar tashkilotining faoliyati har tomonlama faollashdi. Turkiy tilli mamlakatlar o‘rtasida siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlik aloqalarini rag‘batlantirish, madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish borasida tizimli mexanizmlar ishga tushdi.
Sammitda Prezidentimiz tomonidan bir qator muhim tashabbuslar ilgari surildi. Avvalo, bugun butun jahonda kechayotgan global beqarorlik va xavf-xatar tobora oshib borayotgan bir paytda Turkiy davlatlar o‘rtasidagi jipslikni mustahkamlashga qaratilgan Turkiy dunyo xartiyasining qabul qilinishi olqishlandi. Binobarin, turkiy mamlakatlarning mavqeini oshirish, o‘zaro manfaatli va do‘stona aloqalarni chuqurlashtirish, hamkorligimizni yangi bosqichga ko‘tarishda ushbu ijtimoiy-siyosiy xarakterga ega bo‘lgan tarixiy hujjatning imzolanishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimiz rahbari tashkilotning asosiy shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish va mustahkamlash zarurati yuzasidan to‘xtalib, bunda Turkiy davlatlarning strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshligi to‘g‘risidagi shartnomani qabul qilish taklifini o‘rtaga tashladi. Zero, ushbu keng qamrovli hujjatning ishlab chiqilishi mamlakatlar o‘rtasidagi siyosiy muloqotning sifat jihatidan yuqori bosqichga ko‘tarilishini belgilab beradi.
Bugungi kunda turkiy tilli davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikning yanada kuchli bo‘lishida iqtisodiy masalalar muhim o‘rin egallaydi. Shu bois ham davlatimiz rahbari o‘z nutqida “iqtisodiy imkoniyatlar makoni” degan iborani ishlatdi. Iqtisodiy imkoniyatlar makoni xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning iqtisodiy jarayonlari va iqtisodiy faoliyatining mumkin bo‘lgan natijalarini shakllantirish uchun umumiy iqtisodiy jarayon o‘rtasidagi munosabatlarning yanada faollashuvini taqozo etadi.
Binobarin, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy aloqalarda o‘zaro ishonchning mustahkam bo‘lishi bugungi kunda o‘ta dolzarb hisoblanadi. Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari kelgusi yil uchun iqtisodiy forum, savdo va sanoat ko‘rgazmalari, mintaqa va viloyatlarimizning o‘zaro tashrif rejalarini, davlat xaridlarida ishtirok etish, kooperatsiya va lokalizatsiya qo‘shma dasturini qabul qilish taklifini bildirdi.
Raqamli turkiy dunyo konsepsiyasini ishlab chiqish tashabbusi ilgari surilgani ham e’tiborga molik. Unga ko‘ra, turkiy tilli mamlakatlarda to‘plangan ilg‘or tajriba va IT sohasidagi yutuqlarni o‘zaro almashish, innovatsiya, infratuzilma va ilm-fan bo‘yicha raqamli tizimlarni, yirik data-markazlarini yaratish imkoniyatlari kengayadi. Bu borada davlatlar o‘rtasida intellektual mulkni rivojlantirishning yangi hamkorlik nuqtalari yuzaga keladi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari qardosh xalqlarimizni bir-biriga yanada yaqinlashtirish, yoshlarimizni ajdodlarimizga munosib ruhda tarbiyalash maqsadida turkiy ellar folklorining ko‘p jildli majmuasini a’zo mamlakatlar tillarida nashr ettirish taklifini berdi. Shu o‘rinda O‘zbekistonning Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasiga to‘laqonli a’zo bo‘lishga tayyor ekanini e’lon qildi.
Ilgari surilgan tashabbuslar O‘zbekiston va TDTga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi samarali hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova yozib oldi.
O‘zA
- Qo'shildi: 08.11.2024
- Ko'rishlar: 824
- Chop etish