Migrantlar uchun mamlakatni yopish va kirishni taqiqlash mumkin emasligi ta’kidlandi.
Rossiya Federatsiya Kengashi spikeri Valentina Matviyenko migratsiya sohasidagi ishlarni muvofiqlashtirish mavzusiga to‘xtaldi.
«Birinchi navbatda, aniq, izchil davlat migratsiya siyosati bo‘lishi kerak. Va migratsiya davlat nazorati ostida bo‘lishi lozim. Ammo, hozircha bunday emas», dedi siyosatchi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mehnat migratsiyasisiz Rossiya iqtisodiyotini rivojlantirib bo‘lmaydi.
«Gubernatorlar bilan uchrashganimda mintaqangizdagi eng qiyin uchta muammoni ayting, deb savol beraman. Hammasi kadrlar yetishmasligini aytishdan boshlaydi. Demak, biz mehnat migratsiyasisiz iqtisodimizni rivojlantira olmaymiz», dedi parlamentariy.
Shu bilan birga, Matviyenko mamlakatni yopish va hammaga kirishni taqiqlash mumkin emasligini aytdi.
«Ammo bu ham mumkin emas va biz hech qachon bunday izolyatsiyaga rozi bo‘lmaymiz, shuning uchun biz migratsiya siyosatida ko‘p narsani o‘zgartirishimiz kerak», dedi Matviyenko.
Senatorning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda, afsuski, bu sohada ko‘plab vositachilar, noqonuniy, yarim jinoiy tuzilmalar faoliyat yuritib, ular boshqa davlatlardan ishchi yollab, bu yerga olib kelib, «yaxshigina shilmoqda». Bu borada alohida e’tibor qaratish kerak bo‘lgan narsa, albatta, korrupsiya, dedi u.
«Huquqni qo‘llash amaliyoti, qonunlar ijrosini nazorat qilish ham, ochig‘ini aytganda, oqsayapti. Shuning uchun, migratsiyani davlatlararo darajaga o‘tkazish kerak, ayniqsa, mehnat resurslarini yetkazib beruvchi eng yirik do‘stona mamlakatlar bilan tegishli kelishuvga egamiz», dedi Matviyenko.
Uning fikricha, aynan shu mamlakatlarda migrantlarni tayyorlash markazlarini tashkil qilish, rus tilini o‘rgatish zarur.
«Ularga qonunchiligimizni, urf-odatlarimizni, qadriyatlarimizni o‘rgatishimiz kerak, tabiiyki, migratsiya niqobi ostidagi ayrim radikal unsurlar kirib kelishining oldini olish uchun ularning kelib chiqishini tekshirib ko‘rish shart», dedi u.
Matviyenko, shuningdek, ish beruvchilarga nisbatan talabchanroq bo‘lish kerak, deb hisoblaydi.
«Ular hali bunday mas’uliyatni his qilmaydi, migrantlar uchun maqbul yashash sharoitlari bo‘lishi kerak, munosib maosh to‘lanishi kerak», dedi u.
Kun.uz
- Qo'shildi: 26.04.2024
- Ko'rishlar: 1707
- Chop etish