Saylov qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlikning belgilanishi saylovlarning adolatli va shaffof o‘tishiga ko‘maklashadi. Saylovlarning demokratik prinsiplar asosida tashkil etilishi, Saylov kodeksi talablariga rioya etilishini ta’minlash muhim jarayon hisoblandi. Sababi xalq o‘zi tanlagan nomzodga ovoz berishi, ovozlarni sanab chiqish, protokollashtirish bosqichlarida qonun ustuvorligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida saylov qonunchiligini buzganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining V1 bobi saylov va referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik masalalariga bag‘ishlangan.
Birinchidan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 512-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining, saylov komissiyalarining, referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning faoliyatiga aralashish, shuningdek ularning ishiga to‘siqlarni yuzaga keltirish, — mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ikkinchidan, mazkur Kodeksning 513-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining, saylov komissiyalarining, referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning qarorlarini ijro etmaslik, shuningdek ularning murojaatlarini ko‘rib chiqishni g‘ayrihuquqiy ravishda rad etish, ularni ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish, — mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Uchinchidan, Kodeksning 514-moddasiga ko‘ra, nomzodning, ishonchli vakilning, kuzatuvchining yoki siyosiy partiya vakolatli vakilining huquqlarini buzish—mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
To‘rtinchidan, Kodeksning 515-moddasiga ko‘ra, saylovoldi tashviqotini, referendumga qo‘yilgan masalalar yuzasidan tashviqot olib borish shartlari va tartibini buzish —bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Beshinchidan, Kodeksning 516-moddasiga ko‘ra, nomzodlar, siyosiy partiyalar to‘g‘risida yolg‘on ma’lumotlarni tarqatish — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Oltinchidan, Kodeksning 517-moddasiga ko‘ra, saylovga yoki referendumga tayyorgarlik ko‘rish va saylov yoki referendum o‘tkazish jarayonida axborot hamda tashviqot materiallarini qasddan yo‘q qilib yuborish yoki ularga qasddan shikast yetkazish — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Yettinchidan, Kodeksning 518-moddasiga ko‘ra, saylovni yoki referendumni moliyalashtirish tartibini buzish — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Sakkizinchidan, Kodeksning 519-moddasiga ko‘ra, jamoatchilik fikri so‘rovlari natijalarini, saylov yoki referendum natijalari taxminlarini chop etish (e’lon qilish) tartibini buzish — mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining VII bobi fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi jinoyatlarga bag‘ishlangan.
Jinoyat kodeksining 146-moddasi “Saylov yoki referendum tashkil qilish, ularni o‘tkazish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish” deb nomlangan. Unga muvofiq, saylov yoki referendum tashkil qilish, ularni o‘tkazish vaqtida mansabdor shaxslar, siyosiy partiyalar yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakillari, tashabbuskor guruhlar yoki saylov yoxud referendum komissiyalari a’zolari tomonidan ovoz berishning yashirinligini buzish, saylov yoki referendum hujjatlarini qalbakilashtirish, saylov yoki imzo varaqalariga soxta yozuvlar kiritish, berilgan ovozlarni ataylab noto‘g‘ri hisoblash — eng kam oylik ish haqining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Jinoyat kodeksining saylov huquqining yoki ishonchli vakil vakolatlarining amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilish holatlariga doir 147-moddasiga muvofiq, fuqarolarning deputat yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini saylash yoki saylanish, saylovoldi targ‘iboti olib borish huquqlarini, deputatlikka yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod shaxsning ishonchli vakillari o‘z vakolatlarini erkin amalga oshirishlariga, shuningdek fuqarolarning referendumda erkin ishtirok etishlariga zo‘rlik ishlatish, qo‘rqitish, aldash yoki og‘dirib olish yo‘li bilan to‘sqinlik qilish — to‘rt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Xulosa qilib aytganda, avvalambor, saylovchilar, fuqarolik jamiyati institutlari, saylov jarayoni ishtirokchilari saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishdagi huquqbuzarliklar to‘g‘risida tegishli organlarni xabardor etishi erkin va demokratik saylovlarni xalqaro standartlar darajasida o‘tishiga ko‘maklashadi.
Saylov jarayonida huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga ko‘ra javobgarlikki tortiladi.
Ayni chog‘da, saylov qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlikka oid normalarni fuqarolik jamiyati institutlari, saylov jarayoni ishtirokchilari hamda saylovchilarning bilishi va unga rioya etishi Saylov kodeksi normalariga og‘ishmay amal qilishga, fuqarolarning siyosiy huquqlarni demokratiya prinsiplar asosida ta’minlashga olib keladi.
Odiljon Sulaymonov,
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i
- Qo'shildi: 11.10.2021
- Ko'rishlar: 4304
- Chop etish