SAYLOV TO‘G‘RISIDAGI XALQARO STANDARTLAR VA O‘ZBEKISTON QONUNCHILIGI

O‘zbekistonning zamonaviy saylov huquqi xalq hokimyatchiligining muhim konstitutsiyaviy instituti sifatida xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalari va prinsiplariga to‘la muvofiq keladi. Demokratik davlatlarda saylovlar davlat hokimiyati organlarini shakllantirishning yoki davlatni boshqarishning asosiy mehanizmi sifatida namoyon bo‘ladi.

Muntazam saylovlarning o‘tkazilishi, ularning qonuniy va adolatli bo‘lishi, shuningdek barcha uchun saylash va saylanish huquqining kafolatganligi demokratik davlatning asosiy belgilaridan biri hisoblanadi hamda xalq hokimyatchiligini ifodalaydi. Zero, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida xalq davlat hokimyatining birdan-bir manbai ekanligi belgilangan.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda demokratik saylov tizimini yanada takomillashtirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelmoqda. Bugungi kunda fuqarolarning saylov huquqi kafolatlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Saylov kodeksi va boshqa qonun hujjatlarida o‘z aksini topgan. Bosh qomusimizning 32-moddasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etishga doir konstitutsiyaviy huquqi mustahkamlangan.

Ma’lumki, demokratik, erkin, adolatli saylovlarni o‘tkazish mezonlari va standartlari BMT, YXHT va boshqa xalqaro tashkilotlarning hujjatlarida aks ettirilgan. Saylov huquqi BMT ning bir qator universal xalqaro hujjatlarida o‘z ifodasini topgan.

Xususan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 21-moddasida shunday deyiladi: “Har bir inson bevosita yoki erkin saylangan vakillar vositasi orqali o‘z mamlakatini boshqarishda qatnashish huquqiga ega. Xalq irodasi hukumat hokimiyatining asosi bo‘lishi lozim; bu iroda davriy va soxtalashtirilmagan, yalpi va teng saylov huquqidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan yoki ovoz berish erkinligini ta’minlaydigan boshqa teng qiymatli shakllar vositasida o‘tkaziladigan saylovlarda o‘z aksini topishi lozim”.

Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 25-moddasidan quyidagicha norma o‘rin olgan: “Har bir fuqaro 2-moddada eslatib o‘tilgan hech bir kamsitishlarsiz va asoslanmagan cheklashlarsiz quyidagi huquq hamda imkoniyatlarga ega bo‘lishi kerak: a) ham bevosita, ham erkin saylangan vakillar orqali davlat ishlarini boshqarishda qatnashish; b) yalpi va teng saylov huquqi asosida, yashirin ovoz berish orqali o‘tkaziladigan va saylovlarning erkin holdagi xohish-irodasini ta’minlovchi chinakam davriy saylovda ovoz berish va saylanish”.

Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risida xalqaro konvensiyaning 5-moddasida siyosiy huquqlar, shu jumladan, umumiy va teng saylov huquqi asosida saylovda qatnashish-ovoz berish va o‘z nomzodini ko‘rsatish huquqi, mamlakat boshqaruvida qatnashish huquqi, har qanday darajadagi davlat ishlariga rahbarlikda bo‘lganidek, xuddi shuningdek davlat xizmatiga teppa-teng kirish huquqiga nisbatan barchaning qonun oldida teng huquqligini ta’minlash nazarda tutilgan.

Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi Konvensiyaning 7-moddasida shunday deyilgan: “Ishtirokchi davlatlar mamlakatning siyosiy va jamoat hayotida xotin-qizlar kamsitilishiga barham berish yuzasidan barcha tegishli choralarni ko‘radilar, jumladan, ayollarga erkaklar bilan teng shart-sharoitlar asosida quyidagi huquqlarni ta’minlaydilar: a) barcha saylovlar va ommaviy referendumlarda ovoz berish
va ommaviy saylanadigan organlarga saylanish”.

Yuridik jihatdan majburiy kuchga ega shartnomalardan tashqari, xalqaro tashkilotlar saylov masalalari bo‘yicha tavsiyaviy xarakterga ega qoidalarni ham ishlab chiqqanlar, ular odatda "yumshoq xalqaro huquq" deb nomlanadi. Garchi, ushbu hujjatlar yuridik kuchga ega bo‘lmasa-da, ular tashkilotlar a’zolari orasida ma’lum normalarni qo‘llab-quvvatlashning yuqori darajasini ko‘rsatadi.

Masalan, dunyo mamlakatlari parlamentlarini birlashtiruvchi Parlamentlararo ittifoq 1994 yilda Adolatli va halol saylov mezonlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani qabul qildi. Yevropa Kengashi shafeligida tashkil etilgan Huquq orqali demokratiya bo‘yicha Yevropa komissiyasi (Venesiya komissiyasi) saylovga oid bir qator rahbariy ko‘rsatma va hujjatlarni, jumladan, 2002 yilda Saylovlarni o‘tkazish uchun tavsiyaviy normalar to‘plamini ishlab chiqdi.

YXHTning demokratik saylovlar o‘tkazish bo‘yicha asosiy standartlari YeXHKning Inson mezonlari bo‘yicha konferensiyasi Kopengagen yig‘ilishi hujjatida mustahkamlangan. Mazkur hujjatda demokratik saylovlarga taalluqli bo‘lgan quyidagi talablar va standartlar o‘z ifodasini topgan.

Ishtirokchi davlatlar inson shaxsiga xos bo‘lgan qadr-qimmatni to‘liq ifodalash uchun mutlaqo zarur bo‘lgan va barcha insonlardan teng va ajralmas bo‘lgan adolat elementlari qatoriga saylovchilarning o‘z vakillarini tanlashda erkin fikr bildirishlarini ta’minlaydigan sharoitlarda yashirin ovoz berish yoki erkin ovoz berishning teng tartib-taomillari orqali oqilona vaqt oralig‘ida o‘tkaziladigan erkin saylovlar kirishini belgilagan.

Ishtirokchi davlatlar davriy va haqqoniy saylovlar jarayonida erkin va halol ifoda etilgan xalq irodasi har qanday hukumatning kuch va qonuniyligi asosidir, deb ta’kidlaydilar. Ishtirokchi-davlatlar o‘z fuqarolarining mamlakatni boshqarishda bevosita yoki adolatli saylov jarayonida erkin saylangan vakillar orqali ishtirok etish huquqini hurmat qiladilar.

Xalqning xohish-irodasi hukumat hokimiyatining asosi bo‘lib xizmat qilishi uchun ishtirokchi davlatlar:

qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda erkin saylovlar o‘tkazish;

milliy qonun chiqaruvchi organning hech bo‘lmaganda bitta palatasidagi barcha mandatlarga umumiy saylovlarda nomzodlar o‘rtasida erkin raqobat bo‘lishiga yo‘l qo‘yish;

voyaga etgan fuqarolarga umumiy va teng saylov huquqini kafolatlash;

ovoz berish yashirin tarzda o‘tkazilishini yoki unga teng keladigan erkin ovoz berish tartibi qo‘llanishini, ovozlarni sanash va hisobot berishning adolatli bo‘lishini va rasmiy natijalar e’lon qilinishini ta’minlash;

fuqarolarning shaxsiy yoki siyosiy partiyalar yoki tashkilotlarning vakillari sifatida siyosiy yoki davlat lavozimlarini egallash huquqini hurmat qilish va boshqa bir qator majburiyatlarni oladilar.

Yuqoridagi hujjatlardan kelib chiqqan holda, YXHTning saylov prinsiplari quyidagilardan iborat etib belgilangan: umumiylik, tenglik, erkinlik, halollik, yashirinlik, ochiqlik va hisobdorlik. Shuningdek, BMTning fundamental inson huquq va erkinliklari asosida saylov huquqining quyidagi tamoyillari shakllantirilgan: umumiy, teng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri, yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylash. O‘zbekiston saylov qonunchiligi mazkur tamoyillarning barchasini o‘z ichiga olgan.

          O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolarga saylash va saylanish huquqi kafolatlangan. Faqatgina, qonunda belgilangan ayrim toifadagi fuqarolarning saylov huquqlari cheklangan.

Fuqarolarning saylov huquqi siyosiy huquqlar sifatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32 va 117-moddalarida mustahkamlangan. Ushbu konstitutsiyaviy huquqlarning cheklanishi ham, albatta, Bosh qomusimizda o‘z ifodasini topgan.

          O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasidan quyidagicha norma o‘rin olgan: “Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas. Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmaydi. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi”.

Ushbu norma fuqarolarning saylash va saylanish huquqlarining aniq chegarasini belgilaydi. Fuqarolarning saylov huquqlarini cheklashning boshqa har qanday shakllarini istisno etadi.

Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda saylov qonunchiligini demokratlashtirish, uni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish sohasida amalga oshirilgan islohotlar fuqarolarning saylov huquqlarini cheklashni liberallashtirish sohasini ham chetlab o‘tmadi.

Xususan, 2019 yilgacha Konstitutsiyaga binoan, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishlari mumkin emas va saylovda qatnasholmas edi. Bu borada “Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun muhim ahamyat kasb etdi. Mazkur Qonunga binoan faqatgina og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslargina saylovda ishtirok etolmasligi belgilandi.

Shu bilan birga, Saylov kodeksiga binoan, bir qator shaxslarning passiv saylov huquqlari ham cheklangan. Jumladan, qasddan sodir etilgan jinoyati uchun ilgari sudlangan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib ro‘yxatga olinmaydi. Sodir etilgan og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod etib ro‘yxatga olinmaydi.

 

 

Rustam Atovulloev,

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi bosh yuriskonsulti

 

Powered by GSpeech