O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari kengashlari deputatlari saylovi bo‘lib o‘tishiga sanoqli kunlar qoldi.
Saylov jarayonida kuzatuvchilar, ayniqsa, xalqaro kuzatuvchilarning o‘rni qanday? Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti dotsenti Zarina Isroilova shu haqda gapirib berdi:
– Bu safargi saylov yangilangan Konstitutsiya asosida butunlay yangicha sharoitda o‘tkaziladi.
Saylov kodeksiga ko‘ra, O‘zbekistonda saylov ochiq va oshkora o‘tkaziladi. Bu prinsiplar nafaqat saylov kuni, balki saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish bilan bog‘liq barcha jarayonlarda to‘liq ta’minlanadi.
Bu boradagi eng muhim jihat shundaki, ommaviy axborot vositalari saylovga tayyorgarlikning borishini va saylov qanday o‘tayotganini yoritib boradi. Saylov komissiyalarining majlislari ochiq o‘tkaziladi. Saylov komissiyalarining qarorlari ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
Saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda siyosiy partiyalardan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari, boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar ishtirok etish huquqiga ega.
Aytib o‘tish kerakki, mamlakatimizda 2023 yilda bo‘lib o‘tgan Prezident saylovini ham nufuzli xalqaro tashkilotlar, jumladan, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)ning Parlament assambleyasi hamda Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT), Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) va Parlamentlararo assambleyasi, Turkiy davlatlar tashkiloti va Parlament assambleyasi hamda Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) kabi o‘n beshta xalqaro tashkilotdan va 47 xorijiy davlatdan jami 800 nafarga yaqin xalqaro kuzatuvchi hamda 1,4 ming nafar mahalliy va xorijiy mamlakatlarning ommaviy axborot vositalari vakillari bevosita kuzatib va yoritib bordi.
Eng muhimi, saylov oshkora, demokratik tamoyillarga muvofiq o‘tkazilgani, unda aholi, ayniqsa, yoshlar faol ishtirok etganini xalqaro kuzatuvchilar yuksak darajada e’tirof etgan.
Shuningdek, saylovda ishtirok etgan siyosiy partiyalardan va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan 53 ming 677 nafar vakil saylovni bevosita kuzatib bordi.
Yangilangan saylov qonunchiligi bo‘yicha o‘tkazilayotgan bu safargi saylovlarga ham xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning qiziqishi nihoyatda yuqori bo‘lmoqda. Bunga OAV orqali butun xalqimiz, dunyo jamoatchiligi guvoh bo‘lmoqda.
MSK ma’lumotiga ko‘ra, saylovlarni kuzatish uchun 50 ta davlatdan 400 ga yaqin, MDH, YeXHT va tashkilotning Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi, SHHT, Turkiy davlatlar tashkiloti kabi 21 ta xalqaro tashkilotning qariyb 500 nafarga yaqin, 26 ta xorijiy davlatlar saylov komissiyalarining 60 nafar, jami ming nafardan ortiq xalqaro va xorijiy kuzatuvchilar ishtirok etishi kutilmoqda.
Ta’kidlash kerakki, YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi tomonidan O‘zbekistonga saylovlarni kuzatish bo‘yicha to‘laqonli katta missiyasini, ya’ni tarkibida asosiy guruh, uzoq muddatli va qisqa muddatli jami 350 nafarga yaqin kuzatuvchilar bilan ishtirok etadi.
Xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi saylovlarga bo‘lgan katta qiziqishi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotganidan dalolat beradi.
Hozirda kuzatuvchilarni akkreditatsiyadan o‘tkazmoqchi bo‘lgan xorijiy va xalqaro tashkilotlar o‘z davlatlaridan turib “E-Saylov” axborot tizimiga kirishi hamda belgilangan namunadagi ma’lumotlarni elektron tarzda kiritib, ko‘rib chiqish uchun yuborish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Jarayonning e’tiborli jihatlaridan yana biri – akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy kuzatuvchilarning mandatlari ham tizim orqali avtomatik tarzda elektron shaklda mutlaqo yangi ko‘rinishda shakllanadi.
Xulosa qilib aytganda, 27 oktyabr kuni xalqimiz yana bir bor saylovga oid konstitutsiyaviy huquqini amalga oshiradi. Bu jarayonga xalqaro jamoatchilik, kuzatuvchilarning qiziqishi milliy saylov qonunchiligida mustahkamlangan ochiqlik va oshkoralik tamoyillari yanada kengroq ta’minlanishiga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 16.10.2024
- Ko'rishlar: 921
- Chop etish