Joriy yil 23 avgust kuni boshlanadigan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma birinchi yalpi majlisi kun tartibiga, jumladan, “Xotin-qizlarni tazyiqlar va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida”gi qonun ham kiritilgan. Bu haqda Oliy Majlis Senatining Axborot xizmati xabar berdi.
Qonun O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 martda qabul qilingan “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori ijrosi doirasida tayyorlangan. U O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasi tomonidan Adliya vazirligi va Inson huquqlari bo'yichaO'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan birgalikda ishlab chiqilgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisidagi nutqida ham ushbu Qonunni qabul qilish zaruratiga alohida e'tibor qaratilgan.
Davlatimiz rahbari tomonidan o'shanda xalqaro talablar doirasida xotin-qizlar ahvolini tubdan yaxshilashga doir qonun ijodkorligi faoliyatida faollik va tashabbuskorlikni oshirish zarurligi ta'kidlangandi.
Qonun xotin-qizlarni turmushda, ish joylarida, ta'lim muassasalarida va boshqa joylarda tazyiq hamda zo'ravonlikdan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan. Shu jumladan, unda tazyiq va zo'ravonlikning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar, bunday qilmishlarni sodir etganlik uchun javobgarlik, tazyiq hamda zo'ravonlikni boshidan o'tkazgan shaxslarni himoya qilishni, shuningdek jamiyatda ayollarga nisbatan tazyiq va zo'ravonlikning har qanday namoyon bo'lishiga murosasiz munosabat muhitini qaror toptirishni nazarda tutuvchi protsessual kafolatlarni shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar ko'rsatilgan.
Xorijiy tajribani o'rganish hozirda zo'ravonlikka, xususan maishiy zo'ravonlikka, xotin-qizlarga nisbatan qo'llaniladigan tazyiq va zo'ravonlikka qarshi kurashish muammosiga katta e'tibor berilayotganidan darak bermoqda. Bu masalani tartibga soladigan maxsus qonunlar 120 dan ortiq mamlakatda qabul qilingan.
Ma'lumot uchun: Prezidentimizning 2018 yil 2 iyuldagi 3827-son qarori qoidalarini amalga oshirish doirasida butun respublika bo'ylab O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasining hududiy bo'linmalari qoshida zo'ravonlikdan jabr ko'rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va jamiyatga moslashtirish hamda suiqasdlarning oldini olish bo'yicha 165 ta markaz tashkil etildi. Qisqa davrda ushbu markazlarga turli masalalar bo'yicha 4 ming 120 nafar xotin-qiz murojaat qildi.
Ta'sirchan choralar ko'rilmaganligi tufayli 2018 yilda jinoiy harakatlar oqibatida 932 nafar ayol jabr ko'rgan. Shundan 215 nafari jinsiy erkinlikka, 169 nafari hayotga, 366 nafari sog'liqqa qarshi, 182 nafari boshqa turdagi jinoyatlardan jabrlangan. Bu holat ularga nisbatan tazyiq o'tkazish va zo'ravonlik sodir etish holatlari hali ham saqlanib qolayotganligini isbotlamoqda.
Qonun hujjatlariga ko'ra shaxsga nisbatan jismoniy zo'ravonlik qilish jinoiy jazolanadigan qilmish bo'lishiga qaramay, afsuski, amaliyotda ayollarga nisbatan, ayniqsa, oilaviy-maishiy hayotda zo'ravonlik hollariga huquqni himoya qilish va boshqa davlat organlari tomonidan munosib e'tibor berilmaydi. Shu munosabat bilan ruhiy va iqtisodiy zo'ravonlik hamda tazyiq uchun javobgarlikni qonunchilik yo'li bilan tartibga solish talab etilmoqda.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 20.08.2019
- Ko'rishlar: 6403
- Chop etish