Parlament yuqori palatasi ellik uchinchi yalpi majlisini kirish so‘zi bilan ochgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva mamlakatimizda barcha sohalarda islohotlar jadal davom etayotganiga e’tibor qaratdi.
– Islohotlar samarasi nafaqat yurtimizdagi o‘zgarish va yangilanishlar misolida, balki xalqaro maydondagi yuksak e’tiroflar orqali ham namoyon bo‘lmoqda, – dedi T.Norboyeva. – Shu yilning 7 iyun kuni Jenevada bo‘lib o‘tgan Xalqaro mehnat tashkilotining Ma’muriy kengashi a’zoligiga saylovlarda O‘zbekiston Yevropa hududidan eng ko‘p (194) ovoz to‘plab tarixda ilk bor ushbu kengash a’zoligiga saylandi. Shu bilan birga, BMT Bosh Assambleyasida 2025 – 2027 yillar uchun Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi (EKOSOS) a’zoligiga bo‘lib o‘tgan saylovlarda ham mamlakatimiz dunyoning 185 davlati ovozini olib, ilk marotaba mazkur kengash a’zoligiga saylandi.
Ta’kidlash kerakki, bu keyingi yillarda yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ayniqsa, mehnat sohasini zamon talablariga mos ravishda isloh qilish, iqtisodiyotni erkinlashtirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarimiz hamda «Inson qadri» tamoyiliga asoslangan ijtimoiy siyosatimizning yuksak e’tirofidir.
Mazkur tuzilmalarga a’zolik – tegishli yo‘nalishlarga oid global kun tartibini shakllantirishda mamlakatimiz ta’siri va ishtirokini ta’minlashi barobarida bu borada xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda milliy tajribamizni dunyo miqyosda targ‘ib qilish imkonini berishi bilan ham ahamiyatlidir.
– Mazkur jarayonlar, harakatlar, xalqaro e’tiroflar sizu bizdan ham daxldorlik, faollik va mas’uliyat talab qiladi, – dedi Senat Raisi.
Norgul Abduraimova, Nosir Haydarov (rasm), O‘zA muxbirlari
- Qo'shildi: 21.06.2024
- Ko'rishlar: 1419
- Chop etish