Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasida insonning shaʼni va qadr-qimmati daxlsizdir. Hech narsa ularni kamsitish uchun asos boʻlishi mumkin emasligi, hech kim qiynoqqa solinishi, zoʻravonlikka, boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emasligi qatʼiy belgilangan.
Qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 7 moddasiga koʻra, jazo va boshqa huquqiy taʼsir choralari jismoniy azob berish yoki inson qadr-qimmatini kamsitish maqsadini koʻzlamaydi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) mahallalardagi eʼlon taxtalariga aybdor deb topilgan shaxsning fotosurati va u haqidagi maʼlumotlar joylashtirish amaliyotini inson huquqlariga zid deb hisoblaydi.
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati