SHHT doirasidagi ko‘p qirrali sheriklikni yanada kengaytirish muhimligi ta’kidlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 iyul kuni Ostona shahrida SHHT Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi.

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev raisligida o‘tgan tadbirda Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Eron Islom Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Muhammad Muxbir, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Hindiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar, shuningdek, Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Chjan Min va SHHT Mintaqaviy aksliterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori Ruslan Mirzayev qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ochiq fikr almashildi, SHHT doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zbekiston rahbari sammit ishtirokchilarini qutlar ekan, Qozog‘istonning SHHTga raisligi natijalarini yuqori baholadi, shuningdek, Belarusni tashkilotga a’zo bo‘lgani bilan samimiy tabrikladi.

Mamlakatimiz yetakchisi ushbu sammit xalqaro vaziyat keskinlashayotgan bir sharoitda o‘tayotganini qayd etdi.

– Bunday murakkab vaziyatda SHHTning asosi bo‘lgan tamoyillarga sodiqligimizni saqlash va yanada mustahkamlash favqulodda muhimdir. Ana shu tamoyillar tufayli Tashkilot bugungi yutuqlarga erishdi, xalqaro masalalarda yuksak nufuz va barqarorlashtiruvchi o‘ringa ega bo‘ldi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu nuqtai nazardan, Prezidentimiz "Shanxay ruhi"ning asosiy tamoyillariga – o‘zaro ishonch va manfaatdorlik, tenglik, madaniyatlar rang-barangligiga hurmat, bloklardan xoli maqomni saqlab qolish, qarorlar qabul qilishda konsensus prinsipiga qat’iy amal qilishni davom ettirishga chaqirdi.

O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, bugungi voqelikda SHHT hamjihatligi zaiflashishiga yo‘l qo‘ymaslik muhimdir. "Biz “SHHT oilasi” jipsligini kuchaytirishimiz, birgalikda rivojlanish tamoyilini hayotga izchil tatbiq etib, ochilayotgan yangi imkoniyatlardan maksimal darajada foydalanishimiz zarur", dedi Shavkat Mirziyoyev.

SHHT mamlakatlarining ulkan rivojlanish salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun iqtisodiy sheriklikning yangi modelini shakllantirish va barqaror rivojlanishning uzoq muddatli kun tartibini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston rahbari SHHT oldida turgan eng dolzarb vazifalar haqida so‘z yuritar ekan, quyidagilarga e’tibor qaratdi.

Global darajada ishonch taqchilligi misli ko‘rilmagan darajaga chiqqan sharoitda umumiy xavfsizlikni ta’minlashda yangi yondashuvlarni izlash zarurati o‘sib bormoqda.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan umumiy xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lidagi hamjihatlik bo‘yicha Samarqand tashabbusini amalga oshirish dolzarbligi ko‘rsatib o‘tildi.

Davlatimiz rahbari muloqotni mustahkamlash va ko‘p tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida SHHTning Yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va transchegaraviy sheriklik kodeksini qabul qilishga chaqirdi.

Iqtisodiy yo‘nalishda strategik yuksalishga erishish uchun tashkilot doirasida savdo tartib-taomillarini soddalashtirish to‘g‘risidagi bitimni, amaldagi raqamli savdo platformalarini integratsiya qilgan holda elektron tijorat sohasida hamkorlik dasturini ishlab chiqish taklif etildi.

Sanoat kooperatsiyasi dasturlarini qo‘llab-quvvatlash doirasida o‘zaro investitsiyalarni, eng avvalo, infratuzilma, sanoatning yuqori texnologik tarmoqlari va xizmatlar sohasiga jalb qilishni rag‘batlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar qabul qilish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Bunday loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yaratish, jumladan, SHHT Jamg‘armasi va Taraqqiyot bankini ta’sis etish masalasini ko‘rib chiqish muhimligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston yetakchisi SHHT mamlakatlarining iqtisodiy salohiyatini samarali rivojlantirishga xizmat qiladigan "Sharq – G‘arb" va "Shimol – Janub" yo‘nalishlarida inklyuziv transport tizimini shakllantirish zarurligiga e’tibor qaratdi.

Davlatimiz rahbari, shuningdek, logistika tartib-taomillarini raqamlashtirish, jumladan, SHHT mamlakatlari chegaralari orqali olib o‘tilayotgan tovarlar to‘g‘risida elektron ma’lumotlar almashinuvini tashkil etish rejasini ishlab chiqishni taklif etdi.

Tashkilot makonida zamonaviy va ishonchli energetika infratuzilmasini kengaytirish maqsadida qayta tiklanadigan energetikaga investitsiyalar va texnologiyalarni jalb qilishni rag‘batlantirish bo‘yicha kompleks hamkorlik rejasini tayyorlash tashabbusi bildirildi.

Shavkat Mirziyoyev mamlakatlarimiz raqobatbardoshligini ta’minlashda raqamli iqtisodiyotga o‘tish, "sun’iy intellekt" va ilg‘or IT-yechimlarni joriy etish hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi. Shu munosabat bilan ushbu sohada bilim va ilg‘or tajriba almashish imkonini beradigan "SHHT kelajak texnologiyalari" dasturini ishlab chiqish tashabbusi bilan chiqdi.

O‘zbekiston Prezidenti SHHT mamlakatlari o‘rtasida ijtimoiy rivojlanish va himoya sohasidagi hamkorlik bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni qabul qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qildi.

Aholi hayot darajasini yuksaltirish va hududlarni, birinchi navbatda, qishloq joylarni rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalarni amalga oshirish 2030 yilgacha mo‘ljallangan eng muhim maqsadlarga erishish yo‘lida umumiy hissa bo‘lishi ta’kidlandi.

Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va ularni yetkazib berish imkoniyatlari nomma-nom aks ettirilgan mamlakatlarimizning agrosanoat sohasidagi salohiyati haqidagi ma’lumotlarni birlashtiradigan “SHHT oziq-ovqat xavfsizligi atlasi” qo‘shma elektron platformasini ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi. Bunga BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ekspertlarini jalb etish taklif etildi.

Mintaqaviy xavfsizlik masalalariga to‘xtalar ekan, davlatimiz rahbari zamonaviy xavf va xatarlarga qarshi kurashishda mamlakatlarimiz vakolatli organlari faoliyatini yaqindan muvofiqlashtirishni, shu jumladan, SHHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi yo‘nalishida davom ettirish zarurligini ta’kidladi.

O‘zbekiston yetakchisi Markaziy Osiyoning ajralmas qismi bo‘lgan va mintaqaviy barqarorlikka bevosita ta’sir ko‘rsatadigan qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatga alohida to‘xtaldi.

Prezidentimiz Afg‘onistonning hozirgi ma’muriyati bilan munosabat o‘rnatish borasidagi yondashuvlar turli ekanini qayd etib, Kobul bilan butun mintaqaning xavfsizligi va iqtisodiy taraqqiyoti manfaatlariga javob beradigan muloqotni davom ettirishga chaqirdi. Shu ma’noda, “SHHT – Afg‘oniston” muloqot guruhining faoliyatini qayta tiklash haqidagi taklif hamon dolzarb bo‘lib qolayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

So‘zining yakunida davlatimiz rahbari XXR Raisi Si Szinpinni Xitoy Xalq Respublikasi Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik missiyasini qabul qilgani bilan tabrikladi.

Yig‘ilish yakunida hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi. Xususan, Ostona deklaratsiyasi va hamkorlikning turli sohalarida sheriklikni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim ko‘p tomonlama hujjatlar qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan SHHT davlat rahbarlari tomonidan Tashkilotga a’zo mamlakatlarning xalqaro axborot xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha hamkorlik rejasi hamda Davlat rahbarlari kengashining Yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va sheriklik tamoyillari to‘g‘risidagi bayonoti tasdiqlandi.

Shu kuni Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida "SHHT plyus" formatining "Ko‘p tomonlama muloqotni mustahkamlash – barqaror tinchlik va taraqqiyot sari intilish" mavzusidagi uchrashuvida ham qatnashdi.

Tadbirda SHHTga a’zo davlatlar delegatsiyalari va uning doimiy faoliyat yurituvchi organlari rahbarlaridan tashqari kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha sherik mamlakatlar yetakchilari, faxriy mehmonlar, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va boshqa xalqaro tuzilmalar rahbarlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida keng tarkibdagi “SHHT plyus” yig‘ilishi ayni vaqtida o‘tkazilayotganini ta’kidladi.

– Hozir dunyo ishonch, adolat va hamjihatlik qayta tiklanishiga har qachongidan ham ko‘proq ehtiyoj sezmoqda, – dedi Prezidentimiz.

Bugungi global jarayonlarga baho berar ekan, davlatimiz rahbari siyosiy va iqtisodiy “parchalanishlar”, urushlar va mojarolar xalqaro munosabatlar tizimi asosi va hal qiluvchi tamoyillarining yemirilishiga olib kelayotganini qayd etdi.

– Qarama-qarshilik va proteksionizm jahon iqtisodiyoti parchalanishi va yetkazib berish zanjirlari uzilishiga sabab bo‘lmoqda. Mamlakatlarning savdo, moliya, sarmoya, texnologiya va innovatsiyalar transferi sohalaridagi samarali hamkorligida to‘sqinlik qiladigan yangi ajratuvchi chegaralar vujudga kelmoqda, – dedi Prezident.

Ta’kidlanganidek, "ushbu muammolarni hal qilishning yagona yo‘li – umumiy xavfsizlik, taraqqiyot va farovonlik uchun sa’y-harakatlarimizni birlashtirishdir".

O‘zbekiston rahbari SHHT har doim xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillari va BMTning markaziy muvofiqlashtiruvchi roliga tayanadigan ko‘p tomonlamalik asosidagi adolatli dunyo tartiboti tarafdori bo‘lib kelgani va shunday bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.

Shu bilan birga, yuzaga kelgan voqelik Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyati samarasini oshirishda yangi strategik yondashuvlarni talab etmoqda.

– Tashkilotimizning ulkan salohiyati hamda jahon siyosati va iqtisodiyotidagi ortib borayotgan roliga mos keladigan yangi maqsad va vazifalarni ishlab chiqish vaqti keldi, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari SHHT ta’sis etilgan davrdan buyon zamonaviy tahdidlarning tabiati va miqyosi sezilarli darajada o‘zgargani sababli xavfsizlikni ta’minlash masalalarida uning faoliyatining konseptual asoslariga yangi nigoh bilan qarashni taklif qildi.

SHHT salohiyatini mustahkamlashda, jumladan, Xavfsizlikka xatar va tahdidlarga qarshi kurash bo‘yicha universal markazni tashkil etishda ushbu omillarni hisobga olish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

O‘zbekiston Prezidenti vakolatli organlar rahbarlari va ekspertlar ishtirokida har yili “Xavfsizlik masalalari bo‘yicha SHHT plyus muloqoti”ni o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.

Prezidentimiz SHHT makonida savdo-iqtisodiy hamkorlikni izchil “qayta ishga tushirish”, ko‘p tomonlama savdo va tarmoqlararo sheriklikning mustahkam asoslarini yaratish muhimligini ta’kidladi.

Sammit davomida tomonlar savdo tartib-taomillarini soddalashtirish va elektron savdoni rivojlantirish, texnologik kooperatsiyani, shu jumladan, kelajak sanoati tarmoqlarini rag‘batlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rishga kelishib olgani ta’kidlandi.

Biznes muloqoti uchun samarali platformani shakllantirish maqsadida O‘zbekiston yetakchisi barcha sheriklarni jalb qilgan holda har yili "SHHT EKSPO" xalqaro sanoat ko‘rgazmasini o‘tkazishni taklif etdi.

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi, YeOII, ASEAN va boshqalar bilan iqtisodiy hamkorlikni faol ilgari surish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatlarini izlash muhimligi qayd etildi.

Bugungi geosiyosiy vaziyatda hududlararo o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish uchun inklyuziv va integratsiyalashgan transport-tranzit tizimini shakllantirish alohida ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, ekologik muammolar kuchayib borayotgan bir sharoitda iqlim sohasidagi hamkorlik SHHT yangi kun tartibining eng muhim qismiga aylanishi kerak. Shu munosabat bilan "yashil" taraqqiyot sohasidagi umumiy maqsad va vazifalarga erishish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish taklifini qo‘llab-quvvatladi.

Bundan tashqari, Toshkentda ekologik barqarorlik va "yashil" o‘sish sohasida tadqiqotlar olib boradigan SHHTning Iqlim muammolari bo‘yicha innovatsion yechimlar markazini tashkil etish taklif qilindi.

Aholining hayot sifatini yaxshilash va ijtimoiy himoya masalalari tashkilot kun tartibida markaziy o‘rinni egallashi lozim, dedi davlatimiz rahbari. Shu ma’noda, kelgusi yili Samarqand shahrida Kelajak sammiti maqsadlariga erishishga munosib hissa qo‘shish uchun BMT shafe’ligida barqaror ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha global konferensiyani o‘tkazish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.

Mamlakatimiz yetakchisi sivilizatsiyalararo muloqotning noyob modelini ilgari surish va birgalikda mustahkamlashga chaqirdi. Qayd etilganidek, "xalqlarimizning boy madaniy-tarixiy va ma’naviy merosi, an’analari, urf-odatlari va turmush tarzi – bu o‘zaro ishonch ko‘prigini, yaxshi qo‘shnichilik va yaqin do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan qudratli va hayotbaxsh kuchdir".

Yaqinda qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining "Xalqaro sivilizatsiyalar o‘rtasida muloqot kuni" rezolyutsiyasida aynan shu yo‘nalish aks etganligi ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida hamjihatlik bo‘yicha Samarqand tashabbusining dolzarbligi yana bir bor qayd etildi. Ushbu tashabbusning amalga oshirilishi barqaror rivojlanish yo‘lidagi ziddiyatlarni yengib o‘tishda sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Madaniyat, ta’lim, yoshlar va sayyohlik almashuvlar sohasidagi dasturlarni amalga oshirishga ham e’tibor qaratildi. Xususan, ushbu yo‘nalishlardagi loyihalarni tizimlashtirish va birgalikda amalga oshirish imkonini beradigan SHHT gumanitar tashabbus va dasturlari yagona bankini ishlab chiqish taklif etildi.

Davlatimiz rahbari so‘zining yakunida "SHHT plyus" formatidagi ushbu uchrashuv yakunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi ko‘p qirrali sheriklik rivojiga kuchli turtki berishiga ishonch bildirdi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘iston Respublikasiga amaliy tashrifi yakunlandi.

O‘zA

Powered by GSpeech