Bu fikrni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov 1 may kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan “Zamonaviy global o‘zgarishlar sharoitida Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyasi: hozirgi holat va istiqbollar” mavzusidagi mintaqaviy anjumanda bildirdi.
Uning fikricha, mamlakatlarning birgalikdagi sa’y-harakatlari natijasida mintaqada sifat jihatidan yangi siyosiy muhit shakllandi, ko‘p tomonlama hamkorlik jarayonlari izchil tus olib, Markaziy Osiyoning sub’ekt sifatidagi roli kuchaydi.
A. Ne’matovning ta’kidlashicha, bugungi kunda barcha ikki tomonlama va mintaqaviy muammolar yuzasidan o‘zaro manfaatli murosalarga erishilmoqda, mamlakatlar xalqaro kun tartibidagi masalalar bo‘yicha umumiy yoki yaqin pozitsiyani bildirmoqda, mintaqaning siyosiy, iqtisodiy hamda madaniy-sivilizatsion salohiyati ro‘yobga chiqmoqda, Markaziy Osiyo barqarorlik va umumiy farovonlik makoniga aylanmoqda.
SMTI vakili buni so‘nggi yillarda mintaqaga jalb qilinayotgan xorijiy investitsiyalar hajmi deyarli uch barobarga oshganida ham ko‘rish mumkinligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sanoat sohasida 6 foiz o‘sish kuzatilib, tashqi bozorlarga eksport ikki barobarga ortdi.
Umuman olganda, ekspertning qayd etishicha, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo iqtisodiyoti jahon o‘rtacha ko‘rsatkichlariga nisbatan ikki barobar tez sur’atda – 6% atrofida o‘smoqda. Natijada Markaziy Osiyoning strategik ahamiyati sezilarli darajada kuchayib, mintaqaga bo‘lgan qiziqish ortmoqda. Bu esa yangi imkoniyatlar bilan birga ayrim chaqiriqlarni ham keltirib chiqarmoqda.
A. Ne’matovning aytishicha, bunday sharoitda mintaqa davlatlari ushbu chaqiriqlarga samarali va barqaror javob qaytarish modellarini birgalikda ishlab chiqishi zarur. Bu Markaziy Osiyo davlatlarining barqaror rivojlanishidagi yuqori sur’atlarni saqlab qolishning muhim omilidir.
Shu bois ekspert 2024 yil 9 avgust kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining oltinchi Maslahat uchrashuvida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik konsepsiyasini qabul qilish muhimligiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Anjuman ishtirokchilariga Markaziy Osiyo mamlakatlari ekspertlari tomonidan birgalikda ishlab chiqilgan ushbu hujjat loyihasining asosiy qoidalari haqida ma’lumot berildi. A. Ne’matovning so‘zlariga ko‘ra, Konsepsiyaning qabul qilinishi tahdid va xavflar bo‘yicha umumiy qarashlarni shakllantirish, davlatlararo hamkorlikni kengaytirish hamda mintaqaviy xavfsizlikning asosiy masalalari yuzasidan kompleks yondashuvlarni birgalikda izlash imkonini beradi.
Shu bilan birga, SMTI vakilining fikricha, Markaziy Osiyoda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha umumiy sa’y-harakatlar mintaqani rivojlantirish bo‘yicha yagona strategiya, o‘zaro manfaatli umumiy maqsadlarga erishishda o‘zaro majburiyatlarga asoslangan uzoq muddatli hamkorlik tizimini shakllantirish yo‘lidagi maqsadli ishlar bilan uyg‘un holda olib borilishi zarur.
Shu nuqtai nazardan ekspert O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida strategik sheriklik va har tomonlama hamkorlik to‘g‘risidagi Shartnomani qabul qilish zarurligini ta’kidladi.
“Bugun birgalikda harakat qilish, umumiy qarashlar, chaqiriq va imkoniyatlar bo‘yicha yagona yondashuvlar asosida ishlash, mamlakatlarimiz rivojlanish strategiyalarini uyg‘unlashtirish, umumiy maqsadlarga erishish yo‘lida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish juda muhim”, – dedi ekspert.
A. Ne’matov Shartnoma Markaziy Osiyo barqaror rivojlanishining barcha asosiy yo‘nalishlari hisoblangan savdo, transport, ekologik barqarorlik, suv, oziq-ovqat xavfsizligi, energetika, inson kapitalini rivojlantirish kabi sohalarda hamkorlikni izchil kengaytirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratishiga ishonch bildirdi.
Mazkur mintaqaviy anjuman Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi hamda Konrad Adenauer jamg‘armasi hamkorligida tashkil etildi. Tadbirda Markaziy Osiyo davlatlarining yetakchi tahliliy va tadqiqot markazlari rahbarlari hamda ekspertlari ishtirok etdi.
O‘zA
- Qo'shildi: 05.05.2025
- Ko'rishlar: 81
- Chop etish