Sudlar har chorakda o‘z faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikni ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilib boradi.
Bu yangilangan Konstitutsiyada belgilangan sud hokimiyatining mustaqil holda ish yuritishi va sudyalar muayyan ishlar bo‘yicha hisobdor bo‘lmasligiga oid kafolatlarni ta’minlash maqsadida qonunchilikka kiritilmoqda.
“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sud hokimiyatining mustaqilligi kafolatlarini mustahkamlashga, sudlar faoliyati haqida jamoatchilikni xabardor qilishga hamda yagona sud amaliyotini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda shu kabi masalalar nazarda tutilgan.
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasida mazkur qonun muhokamasi jarayonida yuqoridagi fikrlar bildirildi.
Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun asosida mustahkamlanishiga alohida e’tibor qaratildi.
Jinoyat-ijroiya kodeksiga yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq kiritilayotgan o‘zgartishlar bilan mahkumlar huquqlari himoyasi kuchaytirilmoqda. Jumladan, mahkumlarning o‘ziga nisbatan insoniy muomalada bo‘linishiga, sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishiga, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ga, Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani)ga hamda insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat qilishga bo‘lgan huquqlari mustahkamlanmoqda.
Qonunchilikka og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlarning saylovlar hamda referendumda ishtirok etish imkoniyatlarini beruvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
“Baholash faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan baholovchi, nazorat qiluvchi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkaziladigan tekshirishlar va boshqa tadbirlarda faqat baholovchi tashkilot hamda ushbu organlar o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida ekspert sifatida ham ishtirok etishi mumkinligi belgilanmoqda.
“Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonunga kiritilayotgan qo‘shimchalar bilan kamida uch yil ish stajiga ega bo‘lgan sud ekspertlari baholash to‘g‘risidagi hisobotlarda qo‘llanilgan usullarning ilmiy jihatdan asoslanganligi nuqtayi nazaridan sud ekspertizasini o‘tkazishi mumkinligi belgilanmoqda.
Senatorlar, mahalliy kengashlar doimiy komissiyalari raislari, Yoshlar parlamenti a’zolari, qo‘mita huzuridagi ekspertlar guruhi a’zolari, qonun tashabbuskorlari, mutasaddi vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda ko‘rilgan masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 05.03.2024
- Ko'rishlar: 2077
- Chop etish