Mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Darhaqiqat, iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, aholining turmush darajasini yuksaltirishda tadbirkorlikning o‘rni katta. Mamlakatimizda xususiy mulk va tadbirkorlikni rivojlantirishga erkinlik berish, bu boradagi barcha to‘siq va cheklashlarni bartaraf etish borasida aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Prezidentimizning 2025 yil 30 yanvarda qabul qilingan “Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini sud orqali himoya qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ayni sohadagi islohotlarning muhim bosqichini boshlab berdi.
Mazkur qaror qator imkoniyatlarni o‘z ichiga oladi. Xususan, davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlar huquqlarining ishonchli va samarali himoya etilishini ta’minlaydi. Fuqarolar va tadbirkorlarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini tiklashda sudning faol ishtiroki prinsipini qo‘llab-quvvatlaydi. Davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatadi.
Bundan tashqari, ma’muriy sud ishlarini yuritishda nizolarni sudgacha hal qilish mexanizmlarini takomillashtiradi, aholining sud tizimiga bo‘lgan ishonchini oshirib, sud qarorlari ijro etilishi ustidan nazoratning ta’sirchan mexanizmlarini shakllantiradi.
Qolaversa, qarorda qonunga va sudga nisbatan hurmat munosabatini shakllantirish masalasiga ustuvor ahamiyat berilgan. Shu maqsadda sud qarori, harakati yo harakatsizligi ustidan shikoyat qilingan davlat organi mansabdor shaxsi yoki uning vakili sud majlisida quyidagi tartibda ishtirok etishi nazarda tutilgan.
Birinchidan, davlat organi qarori yoki uning mansabdor shaxsi harakati yo harakatsizligi ustidan berilgan arizani ma’muriy sudlarda ko‘rishda mansabdor shaxs yoki uning vakili zarur tushuntirishlar berish uchun sud muhokamasida ishtirok etishi shart hisoblanishi, davlat organi mansabdor shaxsi yoki uning vakili ishtirok etishi zarur deb topilgan hollarda ma’muriy ishni ko‘rib chiqish keyinga qoldirilishi, uning ishtiroki ishning har tomonlama, to‘liq va to‘g‘ri hal qilinishiga to‘sqinlik qilmagan taqdirda, ish davlat organi mansabdor shaxsi yoki uning vakili ishtirokisiz ko‘rib chiqilishi belgilangan.
Shu bilan birga, davlat organi mansabdor shaxsi yoki uning vakili sud muhokamasiga kelmagan va uning kelmaganligi sud tomonidan uzrli deb topilmagan taqdirda, mansabdor shaxsga nisbatan sud jarimasi qo‘llanilishi qayd etilgan.
Sud qarori, harakati (harakatsizlik) ustidan shikoyat qilinayotgan davlat organi mansabdor shaxsi yoki uning vakili sud majlisida majburiy ishtirok etishini ta’minlash lozim.
Majburiy ishtirok etish – sudga ma’lumot berish va (yoki) ma’lumot olishni, samarali ishtirok etish esa sud jarayonlari va natijalarini qonuniylashtirishni anglatadi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi, sud protsessida majburiy ishtirok etish nima uchun muhim?
Aytish mumkinki, mansabdor shaxs yoki vakilning sud majlisida majburiy ishtirok etishi nizoli huquqiy munosabatlarni qonunchilik talablariga muvofiqligini tekshirilishida, ma’muriy sud ish yurituvida ishlarning tezkor va sifatli ko‘rib chiqilishini ta’minlashda hamda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga o‘z huquqlarini ishonchli himoya qilishda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Muxtasar qilib aytganda, ayni islohotlar davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatishga, adolatli sud tizimini shakllantirishga, fuqarolar va tadbirkorlarning odil sudlovga erishish darajasini oshirishga xizmat qiladi.
Xalq manfaati va inson qadr-qimmatini sud orqali samarali himoya qilish hamda fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini yanada oshirishga xizmat qiladi.
O‘.Davletov,
Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti.
O‘zA
- Qo'shildi: 07.03.2025
- Ko'rishlar: 150
- Chop etish