Shu yil 22 sentyabrdan boshlab deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqotiga start berildi. Deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalar tashviqotning qonunchilikda belgilangan usul va shakllaridan samarali foydalangan holda saylovchilarni o‘z dasturiy g‘oya va tashabbuslaridan xabardor qilishga kirishdi. Bu jarayonda esa siyosiy partiyalar va nomzodlarga teng sharoitlar yaratish choralari ko‘riladi.
Bu yilgi saylovlarda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda saylovoldi tashviqoti materiallarini tayyorlash va tarqatish mumkinligi belgilandi. Bu saylovning muhim yangiliklaridan biridir.
— Saylovoldi tashviqoti saylov kampaniyasining eng muhim jarayonidir, — deydi Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Muxtabar Husanova. — Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tashviqotni amalga oshirishga oid muhim qarorlar qabul qilindi. Saylovoldi tashviqoti davrida siyosiy partiyalarga saylovda ishtirok etishi uchun ijozat berilgan navbati ketma-ketligida ommaviy axborot vositalarida chiqishlari belgilandi. Unga ko‘ra, birinchi – Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, ikkinchi – O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, uchinchi – O‘zbekiston Ekologik partiyasi, to‘rtinchi – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, beshinchi – O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi.
Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan davlat markaziy va hududiy teleradiokanallari hamda gazetalarida deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalar uchun saylovoldi tashviqoti davrida bepul efir vaqti hamda nashr maydoni hajmi ajratildi.
Shuningdek, bugungi kunda raqamli texnologiyalar rivoji hamda zamonaviy tendensiyalar inobatga olinib, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda saylovoldi tashviqoti materiallarini tayyorlash va tarqatish mumkinligi belgilandi. Buning uchun siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlar sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan tashviqot materiallarida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanib tayyorlangani haqida ma’lumotlar ko‘rsatishi, har qanday shaxsning tasvirga va uning ovoziga bo‘lgan huquqlarini, shuningdek, boshqa shaxsiy nomulkiy huquqlarini buzmasligi lozim.
Shu bilan birga, biror-bir shaxsning tasviri va ovozi, shuningdek, shaxsga doir boshqa ma’lumotlaridan foydalanilganda ushbu shaxsning oldindan roziligini olish kabi qoidalarga amal qilish lozim.
M.Komilova, D.Yakubov, A.Ahmedov (video), O‘zA
- Qo'shildi: 25.09.2024
- Ko'rishlar: 959
- Chop etish