Samarqandda Osiyo xotin-qizlari forumi bo‘lib o‘tmoqda. Unda ishtirok etayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning Jenevadagi bo‘limi bosh direktori Tatyana Valovaya forum turli sohalarda doimiy gender tengsizliklarni bartaraf etish bo‘yicha global sa’y-harakatlarning bir qismi ekanini qayd etdi.
– Nufuzli anjuman gender kun tartibini yaxlit tarzda muhokama qilish uchun muhim imkoniyat yaratdi, – dedi T.Valovaya. – Bu, ayniqsa, Kelajak sammiti arafasida muhim ahamiyat kasb etdi. Mazkur sammit gender tengligini “Kelajak uchun pakt”ning barcha boblarida markazlashtirilgan tarzda joylashtirishga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, BMT Bosh kotibi tashabbusi bilan joriy yilda Kelajak sammiti o‘tkaziladi. Unda xalqaro va mintaqaviy taraqqiyotning dolzarb muammolarini hal etishga, tashkilotning ta’siri va samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan masalalar ko‘rib chiqiladi.
Mazkur sammit mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro ishonchni tiklash va umumiy kelajakni qanday himoya qilish haqida yangi xalqaro konsensusni shakllantirish uchun noyob imkoniyatni taqdim etadi.
Norgul Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 14.05.2024
- Ko'rishlar: 1390
- Chop etish