22-mart – Jahon suv resurslari kuni
Sayyoramizda aholi soni yuqori sur’atda o‘sib borayotgan, global iqlim o‘zgarishi yog‘ingarchilik miqdoriga keskin ta’sir ko‘rsatayotgan sharoitda suvga talab tobora ortmoqda. Shu bois dunyo suv resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash, obi hayotni isrof qilmaslik dunyo mamlakatlari barqaror iqtisodiy taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega masalalardan biri sifatida e’tirof etilyapti.
1992-yil Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkazilgan BMT atrof-muhit va rivojlanish bo‘yicha konferensiyasida suv kunini belgilash g‘oyasi ilgari surildi. Shu yil 22-dekabrda Bosh assambleyaning har yili 22-martni “Jahon suv resurslari kuni” sifatida keng nishonlash to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.
Mazkur tashabbusda faol ishtirok etish, hech bo‘lmasa, shu kuni har tomchisi qadrli bo‘lgan bebaho ne’matdan oqilona foydalanish yoki kishilar e’tiborini ayni masalaga qaratish har bir ongli fuqaroning burchidir.
Ushbu muhim sanani suv muhofazasiga qaratilgan chaqiriqlar ostida o‘tkazish an’anaga aylangan. Turli yillar davomida “Dunyoda suv yetarlimi?”, “Suv resursi kelajak uchun”, “Umumiy suv resursi – umumiy imkoniyat”, “Tabiat va suv”, “Suv qadri” kabi shiorlar tanlangan. 2024-yil Jahon suv resurslari kuni mavzusi – “Tinchlik uchun suv”.
Inson suv nafaqat eng muhim resurs, balki hayotning barcha jabhalariga xos huquq ekanini anglab yashashi kerak. Jahon suv kunida esa barcha birlashib, tinchlikka erishish, ertangi kun yanada barqaror va farovon bo‘lishi uchun muhim masalarga e’tibor qaratishi lozim.
Barcha insonlar “Tinchlik uchun suv” global kampaniyasining bir qismi bo‘lishga chaqirilmoqda. Har bir shaxs va oiladan tortib, kompaniyalar va hukumatgacha hamkorlik qilishi, yanada uyg‘un jamiyatga yo‘l ochish uchun imkon qadar birlashishi, hamfikr bo‘lishi shart.
BMT insonlarni Jahon suv kuniga qatnashish, suv va tinchlik o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida ko‘proq ma’lumot olish, odamlarni obi hayoidan oqilona foydalanishga chaqirish, buyuk ne’matni qadrlashga undovchi asosiy ma’lumotlarni e’lon qildi.
Hujjatda keltirilishicha, farovonlik va tinchlik suvga bog‘liq. Iqlim o‘zgarishi, ommaviy migratsiya va siyosiy tartibsizlik sharoitida davlatlar suv sohasidagi hamkorlikni birinchi o‘ringa qo‘yishi kerak.
Ma’lumotga ko‘ra, 2,2 milliard kishi hanuz xavfsiz boshqariladigan ichimlik suvi ta’minotidan foydalana olmayapti. Dunyo aholisining qariyb yarmi yilning kamida bir qismida jiddiy suv tanqisligini boshdan kechirmoqda. Oxirgi 50-yil ichida tabiiy ofatlar ro‘yxatida suv bilan bog‘liq hodisalar ustunlik qildi va barcha ofatlar bilan bog‘liq o‘lim holatining 70 foizini tashkil qildi.
Darhaqiqat, toza ichimlik suvi – Yer sayyorasida insoniyat kun ko‘rishi uchun eng muhim va zarur manbalardan biri. Suv tiklanuvchi resurs bo‘lsa-da, dunyo aholisi ortib borishi hisobiga tanqislik muammosi paydo bo‘lgan hududlar yil sayin ko‘paymoqda. Demak, hamma tejamkorlikka o‘rganishi lozim. Uyda suvni tejash nafaqat qimmatbaho resursni, balki iste’molchi hamyonini ham tejashga yordam beradi. Shu sababli har bir oilada kichik yoshdan boshlab maishiy turmushda suvni qanday tejash mumkinligini bilib olishi va shunga amal qilishi juda muhim.
Masalan, nosoz jo‘mrak, hojatxona tizimi, maishiy texnika yoki maysaga suv purkagichni zudlik bilan tuzatish kerak. Oqim sezilar-sezilmas bo‘lishi mumkin, lekin vaqt o‘tishi bilan ko‘p suv yo‘qotiladi.
Oddiy misol: tish yuvayotganda suvni doimiy ochib qo‘yish, AQSH atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi (EPA) xulosasiga ko‘ra, bir oyda 700 litrdan ortiq suvni tejash imkonini beradi. Vanni-hammom o‘rniga iloji boricha kamroq dush qabul qilish tavsiya qilinadi. Besh daqiqagacha vaqt davomida dushga tushish jarayonida 30-45 litr suv ishlatiladi. Bu raqamni 300 litr suv sarflanadigan “vanna” bilan solishtirish qiyin emas.
Yevrosiyo taraqqiyot banki Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekistondagi sug‘oriladigan yer salohiyatini saqlab qolish, suv ta’minoti va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalasini qanday qilib samarali hal etish mumkinligi haqida tahliliy hisobot e’lon qildi. EOTB ekspertlari mintaqamizdagi irrigatsiya infratuzilmasi holati, qishloq xo‘jaligi muammosi, iqtisodiyotning ushbu tarmog‘i uchun sug‘oriladigan dehqonchilik ahamiyatini o‘rgandi, Afg‘oniston tomonidan sug‘oriladigan yer va suv resurslari o‘zlashtirilishi Markaziy Osiyoga qanday ta’sir qilishini baholadi. Shu asosda mavjud muammolarni hal qilish uchun xalqaro tajribadan foydalanish taklif etilmoqda. Bu jarayonda eng avvalo sarmoya jalb etish orqali irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish va suv tejovchi texnologiyani har tomonlama qo‘llash zarur.
EOTB ekspertlari fikricha, ayni chora-tadbirlar Markaziy Osiyo mamlakatlariga asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan nafaqat mahalliy bozorni ta’minlash, balki shu yo‘nalishda eksport ko‘lamini kengaytirish imkonini ham beradi. Mintaqada suv resurslari tanqisligi muammosini hal etish, suvdan foydalanish samaradorligini oshirish omilini birinchi navbatda irrigatsiya tizimidan izlash kerak.
Bu masalani O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Dushanbeda bo‘lib o‘tgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischilari – Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida ko‘targan edi. O‘shanda davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoning ayrim hududlarida 2040-yilga borib suv resurslariga yuklama uch barobar oshishini ta’kidladi.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, mintaqa davlatlari suv resurslarining tanqisligi va samarasiz foydalanilishidan yiliga 2 milliard dollargacha yo‘qotadi.
Muammoni hal qilishda mintaqa mamlakatlari va xalqlari manfaatini teng hisobga olishdan boshqa oqilona yo‘l yo‘q. Shuni inobatga olgan holda respublikamiz qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda tomchilatib, yomg‘irlatib sug‘orish va boshqa suv tejovchi texnologiyalarni keng qo‘llashga e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda Prezidentimizning 2022-yil 1-martdagi “Qishloq xo‘jaligida suv tejaydigan texnologiyalar joriy etilishini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim asosdir.
Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan O‘zbekistonda suv tanqisligi bilan bog‘liq vaziyat yil sayin jiddiylashmoqda. Holatga har birimiz yon-atrofimizda, kundalik turmushimizda guvoh bo‘lyapmiz. Bu esa barchani suvning insoniyat hayotidagi beqiyos o‘rni haqida mulohaza yuritish, ichimlik suvi yetishmovchiligi bilan bog‘liq muammoga e’tibor qaratish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, obi hayotni asrab-avaylash muhimligini anglash, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun tegishli choralar ko‘rishga chaqiradi.
Xulosa shuki, Jahon suv resurslari kuni hayot manbaini asrash, – suvdan unumli foydalanish, eng muhimi, bu boradagi mas’uliyatni yanada teran anglashga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Go‘zal Sattorova, O‘zA sharhlovchisi
- Qo'shildi: 25.03.2024
- Ko'rishlar: 2159
- Chop etish