So‘nggi yillarda global iqlim o‘zgarishi, cho‘llanish jarayonlarining kuchayishi natijasida tabiiy changlar konsentratsiyasi ko‘rsatkichlarining oshishi hamda ishlab chiqarish korxonalari, avtomobillar sonining ko‘payishi atmosferaga chiqarilayotgan tashlamalar miqdorining sezilarli ortishiga sabab bo‘lmoqda. Bu respublikada, ayniqsa, Toshkent shahrida havoning ifloslanish darajasi oshishiga ta’sir qilmoqda. Ayni daqiqalarda Toshkent havosida yana yuqori ifloslanish holatlari aniqlangan.
Havo sifati indeksi (AQI) ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston poytaxtida havo sifati “zararli” va “o‘rtacha” deb baholangan. Mutaxassislar bu holatni kuz-qish mavsumining boshlanishi va isitish tizimlarining ishga tushirilishi bilan bog‘liq ekanini qayd etdi.
– Atmosfera havosining ifloslanishi aslida ikkita omil bilan ro‘y beradi. Birinchisi, tabiiy jarayonlar natijasi bo‘lsa, ikkinchisi antropogen omillardir, – deydi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bosh mutaxassisi Bahrom Esonov. – Hozirda havoning ifloslanishi aynan kuz-qish mavsumining boshlanishi va isitish tizimlarining ishga tushirilishi bilan bog‘liq.
Shuningdek, atrof-muhit yomonlashuvining asosiy sabablari ko‘mir va mazutda (qoramoy) ishlaydigan elektr stansiyalari chiqindilari, avtomobil transporti orqali havoning ifloslanishi va doimiy shahar qurilishi tufayli yashil maydonlarning qisqarishi bilan bog‘liq. Markaziy Osiyo dengizlardan uzoqda, quruqlik markazida joylashgani ham bevosita mintaqa atmosferasining havosiga ta’sir ko‘rsatadi. Bundan tashqari, Toshkent shahri va Toshkent viloyatlarida bir qancha sanoat korxonalari, issiqxonalar mavjud. Iqtisodiyot tarmoqlari va aholining energiya resurslariga bo‘lgan talabi ortishi natijasida uglevodorodlardan, jumladan, ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanish hajmi ortmoqda. Xususan, 2019 yilda 3,9 million tonna ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanilgan bo‘lsa, 2022 yilda bu raqam 5,3 million tonnaga, 2023 yil yakuniga ko‘ra esa 6,7 million tonnaga yetgan. Bu kabi ishlab chiqarish korxonalarining atrof-muhitga zararli ta’sirini kamaytirish maqsadida bir qancha chora-tadbirlar ham ishlab chiqilgan.
Endilikda mavjud qonunchilikka asosan, 2025 yildan issiqxonalarda yuqori samaradorlikka ega chang-gaz tozalaydigan uskunalarni o‘rnatish rejalashtirilgan. Shuningdek, transportlardan chiqadigan zararli tutunlarning oldini olish maqsadida har oy bir kun avtomobilsiz kun tashkil etilmoqda. “O‘zgidromet” tomonidan noqulay ob-havo yuzaga kelishi e’lon qilinganida sanoat korxonalarining quvvatini birinchi bosqichda 20 foizga, ikkinchi bosqichda esa 40 foizgacha kamaytirish belgilab berilgan. Bu bo‘yicha barcha sanoat korxonalariga ogohlantirish xatlari chiqarilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA
- Qo'shildi: 08.11.2024
- Ko'rishlar: 853
- Chop etish