Poytaxt atrofidagi 631 ta issiqxonaning yarmidan ko‘pi ko‘mir, ba’zan rezina shinalar va boshqa yonuvchi vositalardan foydalanayotgani ma’lum qilindi. Ekopartiya muammoga Ekovazirlik va Bosh prokuraturadan tezkor choralar ko‘rishni so‘rab, deputatlik so‘rovi kiritishini ma’lum qildi.
Ekologik partiya Toshkent shahri havosining kuz-qish oylarida ko‘proq ifloslanayotgani muammosiga nimalar sabab bo‘layotgani haqida ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, yirik shaharlarda atmosfera havosining yomonlashuviga zararli tashlamalar, turg‘un manbalar va transport vositalari ko‘proq sabab bo‘ladi. Partiya iqtisodiyot tarmoqlari va aholining energiya resurslariga bo‘lgan talabi ortishi sabab uglevodorodlardan, ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanishning oshishi kuzatilayotganini qo‘shimcha qilgan.
Ekopartiya ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent shahri atrofida 1314 gektar maydonda 631 ta issiqxona faoliyat yurityapti. Ularning 60 foizi ko‘mirdan, ba’zan esa rezina shinalar va boshqa yonuvchi vositalardan foydalanyapti. Shahar havosining yomonlashuvida issiqxonalarning ta’siri ko‘p.
Shuningdek, partiya havoning ifloslanishiga ko‘p sanoat korxonalarida uskunalarning ma’nan eskirgani va aksariyat korxonalar zamonaviy filtrlar o‘rnatmayotganini sabab qilib ko‘rsatgan.
Ekopartiya atmosfera havosi ifloslanishiga oid har qanday holatdan xavotirda ekanini bildirgan. Ekovazirlik va Bosh prokuraturadan tezkor choralar ko‘rishni so‘rab, deputatlik so‘rovi kiritishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 3 noyabrga o‘tar kechasi Toshkent shahri havosida zaharli zarrachalar miqdori 780 mkg/m3 darajagacha oshgan edi. Ifloslanishning asosiy sababi PM2,5 zarrachasi bo‘lib, JSST tasdiqlagan me’yordan 93,2 barobar ko‘p bo‘lgani ma’lum qilingandi.
Kun.uz
- Qo'shildi: 07.11.2024
- Ko'rishlar: 816
- Chop etish