Turkiyada Chanqiri Qorategin universiteti va O‘zbekistondagi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan “Movarounnahrdan Onado‘ligacha: Hadis an’anasi va muhaddislar” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya tashkil etildi.
Mezbon muassasa rahbari, professor Horun Chiftchi mazkur tadbir o‘tgan yil yurtimizda bo‘lib o‘tgan xuddi shunday “Imom Buxoriy, Imom Dorimiy, Imom Termiziy va Movarounnahr muhaddislik maktabi” anjumanining mantiqiy davomi ekanini ta’kidladi. Zero, Termizdagi konferensiyaga Turkiya olimlari taklif qilingan edi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi a’zolari ishtirokchilarga Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi buyuk allomalarimizning Islom dini rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi, mamlakatimizda yaratilgan e’tiqod erkinligi, soha xodimlari uchun yaratib berilayotgan shart-sharoit haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, sohaga ixtisoslashgan o‘nlab oliy va o‘rta maxsus ta’lim, ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyat yuritayotgani, ayni yo‘nalishda xalqaro miqyosda samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani xususida atroflicha so‘z yuritishdi.
– Movarounnahr va Onado‘li mutafakkirlari do‘stligi qardoshlik, insonparvarlik an’anasiga asoslangan, – dedi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot tahlil va targ‘ibot ishlarini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i K.Komilov. – Ilm-ma’rifat yo‘lidagi hamkorligimiz o‘rta asrlardan hozirga qadar davom etib kelayotgani hammamizga ma’lum.
– Dunyo bo‘yicha eng mo‘’tabar olti hadis kitobidan beshtasi Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy va Imom Nasoiy asarlaridir, – dedi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori o‘rinbosari F.Abduhalimov. – Bu allomalardan uch nafari hamyurtimiz.
– Movarounnahr hanuz porlab, o‘z nurini taratib kelayotgan madaniyat maskani, – dedi turkiyalik olim, Islom tafakkuri instituti direktori Mehmet Go‘rmez. – Bu zamin dunyo miqyosida umuminsoniy madaniyat beshigi sifatida tan olingan.
O‘zA
- Qo'shildi: 30.05.2024
- Ko'rishlar: 1497
- Chop etish