Tojikistonliklar 2024 yil 20 apreldan boshlab Turkiyaga vizasiz kira olmaydi.
Bundan bir necha kun oldin Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Tojikiston fuqarolari uchun viza rejimi joriy qilish haqidagi farmonni imzolagan edi.
“Xovar” nashrining Tojikiston Tashqi ishlar vazirligiga tayanib xabar berishicha, Turkiyaning bu mamlakat fuqarolari uchun joriy qilgan viza rejimi 2024 yil 20 apreldan kuchga kiradi.
Shu sanadan boshlab Tojikiston fuqarolari Turkiyaga faqat viza bilan kira olishadi. Avvallari ular Turkiyaga vizasiz kirib, bu mamlakatda 90 kun yurishlari mumkin edi.
Turkiya hukumati hozircha Tojikiston fuqarolari uchun viza rejimi joriy qilingani sabablari haqida rasman izoh bermadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tojikistonliklar bu ish kutilmagan xabar bo‘lgani va Turkiya prezidentining farmonidan ajablanayotganlarini ma’lum qilgan.
Avvalroq, Tojikiston TIV Turkiya tomoni tojikistonliklar uchun viza rejimi joriy etishi haqida ogohlantirish yubormaganini aytib chiqqandi. Ma’lum bo‘lishicha, Turkiya tomoni 2024 yil 6 aprel kuniga kelib, diplomatik kanallar orqali Tojikiston TIVga bunday ogohlantirishni yuborgan.
Ayrim nashrlarda yozilishicha, Turkiya hukumati Moskvada yuz bergan terakt hodisasidan so‘ng shu qarorga kelgan.
Xabarlarda viza rejimi kuchga kirgach o‘sha paytgacha Turkiyada bo‘lib turgan tojikistonliklarga nisbatan qanday yo‘l tutilishi ochiqlanmagan.
Ya’ni ular Turkiyada kirgan kunidan boshlab 90 kun davomida yura oladimi yoki muddat tugamasdan mamlakatdan chiqarib yuboriladimi, aytilmadi.
Kun.uz
- Qo'shildi: 08.04.2024
- Ko'rishlar: 2070
- Chop etish