Ko‘ksaroy qarorgohida 24 iyun kuni mamlakatimizga davlat tashrifini amalga oshirayotgan Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.
Yurtimizda ko‘plab xalqaro musiqiy tanlovlar o‘tkaziladi. Bunday tadbirlarda Mo‘g‘uliston badiiy jamoalari faol ishtirok etuvchilar sirasiga kiradi. Ularning ohanglari quloqqa begona tuyulmaydi, so‘zlarini tushunmasakda, yurakka yaqin olamiz.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy aloqalarning mustahkamligi, avvalo, mana shunday madaniy yaqinlikdan boshlanadi. Ikki mamlakatdagi do‘stlik jamiyatlarining faol hamkorligi, ishbilarmonlik va xalqaro aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan loyihalar izchil rivojlanayotgani quvonarli.
Mazkur davlat tashrifi ikki tomonlama aloqalarimiz rivojiga o‘ziga xos sur’at bag‘ishlashi shubhasiz.
Qarorgoh oldidagi maydonda faxriy qorovul saf tortdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy kutib oldi va shohsupaga taklif qildi. Harbiy orkestr ikki mamlakat davlat madhiyalarini ijro etdi.
Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara o‘tkazdilar.
Suhbat avvalida Mo‘g‘uliston Prezidenti davlatimiz rahbariga O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelish taklifi va ko‘rsatilayotgan samimiy qabul uchun chin dildan minnatdorlik bildirdi.
Mamlakatimiz rahbari oliy martabali mehmon va rasmiy delegatsiyaning barcha a’zolarini dildan qutlab, Mo‘g‘uliston Prezidentining ilk davlat tashrifi O‘zbekiston – Mo‘g‘uliston ko‘p qirrali munosabatlarini rivojlantirishda yangi sahifa ochishini alohida ta’kidladi.
Muzokaralar davomida mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Hukumatlar, vazirlik va idoralar darajasidagi aloqalar va almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi ortib bormoqda. Bugungi sammitga tayyorgarlik doirasida o‘tkazilgan siyosiy maslahatlashuvlar samarali bo‘ldi.
Siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish, xavfsizlik sohasida aloqalarni faollashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Mo‘g‘uliston O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini to‘liq qo‘llab-quvvatlagan birinchi davlatlardan bo‘lgani va tegishli bayonnomani imzolagani qayd etildi.
Muzokaralar davomida savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini, eng avvalo, talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar nomenklaturasi va hajmini kengaytirish hisobiga 5-10 barobarga oshirish uchun salohiyat mavjudligi ta’kidlandi.
Shu maqsadda hukumatlarga tovar ayirboshlash hajmini oshirish masalalari bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzish, Ulan-Bator va Toshkentda rasmiy savdo uylarini ochish, Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni imzolashga tayyorlash hamda bozorlarga kirish sharoitlarini o‘zaro yengillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish topshirildi.
Bundan tashqari, ikki davlat poytaxtlarida o‘zaro sanoat ko‘rgazmalari o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Davlatimiz rahbari o‘rta muddatli Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilish tashabbusi bilan chiqdi. Hamkorlikning bir qator yo‘nalishlari aniqlab olindi.
Bu, avvalo, geologik qidiruv, xomashyo resurslarini o‘zlashtirish va qayta ishlash sohasida hamkorlik qilish, shu jumladan, bu sohada kadrlar tayyorlashni tashkil etish.
Mo‘g‘ulistondan go‘sht va uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlarni import qilish, shuningdek, O‘zbekistondan tovuq go‘shti, meva-sabzavot va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha takliflar tayyorlandi.
"Halol" standartlariga muvofiq go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha klaster tashkil etish va mintaqadagi mamlakatlarga eksport qilish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Bu yo‘nalishlarda, shu jumladan, chorvachilik sohasida ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish lozimligi ta’kidlandi.
Tomonlar xususiy sektor loyihalarini amalga oshirishga va biznes tashabbuslarini ilgari surishga ko‘maklashishga kelishib oldilar.
Shuningdek, eng samarali va qisqa, shu jumladan, Qirg‘iziston va Xitoy orqali o‘tadigan transport yo‘laklarini birgalikda tahlil qilish taklif qilindi.
Iqtisodiy kun tartibidagi barcha masalalarni samarali ilgari surish uchun Bosh vazir o‘rinbosarlari darajasidagi Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishini o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Madaniy-gumanitar aloqalar va almashinuvlarni mustahkamlashga ham alohida e’tibor qaratildi.
Turli yillarda O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida tahsil olgan mo‘g‘ulistonliklar do‘stlik va hamkorlikning haqiqiy ko‘prigi bo‘layotgani ta’kidlandi.
Eng nufuzli universitetlar o‘rtasida akademik almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, grantlar asosida iqtidorli mo‘g‘ulistonlik talabalarni O‘zbekistonda o‘qitishni qayta tiklash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Bugun Toshkentda mashhur «Morin Xuur» mo‘g‘ul orkestri ishtirokida san’at ustalarining qo‘shma konserti bo‘lib o‘tadi.
Ikki mamlakat o‘rtasida mavjud vizasiz tartibni inobatga olgan holda, qo‘shma dasturlar va mahsulotlar asosida turizm almashinuvlarini rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, sport va yoshlar sohalarida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
Muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni tayyorlash topshirildi.
Davlatimiz rahbari Prezident Uxnaagiyn Xurelsuxning samarali muloqotni davom ettirish uchun Mo‘g‘ulistonga javob tashrifi bilan kelish taklifini qabul qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxning samarali muzokaralari yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Yetakchilar Davlatlararo munosabatlar va hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni imzoladilar.
Davlat tashrifi davomida jami 14 ta hujjat imzolandi, jumladan:
– Savdo, iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik to‘g‘risidagi 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan hukumatlararo dastur;
– Turizm sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
– Havo aloqasi to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
– Xalqaro avtomobil aloqasi to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
– Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
– Xavfsizlik kengashlari kotibiyatlari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
– Qishloq xo‘jaligi vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Veterinariya va chorvachilik sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Fanlar akademiyalari o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Milliy axborot agentliklari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
– Savdo-sanoat palatalari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
– Qo‘shma Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish to‘g‘risida bayonnoma;
– Toshkent va Ulan-Bator shaharlari ma’muriyatlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux oliy darajadagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar.
Yetakchilar ochiq va ishchan muhitda bo‘lib o‘tgan muloqotning samarali natijalaridan mamnun ekanliklarini, amaliy hamkorlikning barcha asosiy yo‘nalishlari atroflicha ko‘rib chiqilganini ta’kidladilar.
Davlatimiz rahbari Mo‘g‘uliston Prezidentining ikki tomonlama munosabatlar tarixidagi birinchi tashrifi O‘zbekiston – Mo‘g‘uliston do‘stligini mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga bo‘lgan o‘zaro intilishning tasdig‘i bo‘lganini qayd etdi.
– Mo‘g‘uliston biz uchun Osiyo mintaqasidagi an’anaviy va ishonchli hamkordir. O‘zbekiston – Mo‘g‘uliston munosabatlari do‘stlik, o‘zaro hurmat va qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga asoslangan bo‘lib, kon’yunkturaga bog‘liq emas, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Davlat rahbarlarining Samarqand va Dubayda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlaridan so‘ng barcha darajalardagi aloqalar faollashdi. Tizimli siyosiy muloqot o‘rnatildi.
Bundan tashqari, tovar ayirboshlash hajmi izchil o‘sib bormoqda hamda yetakchi kompaniya va korxonalar o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilmoqda. Bugungi muzokaralar chog‘ida ishlar holati atroflicha tahlil qilindi, ustuvor yo‘nalishlar belgilandi va keng ko‘lamli hamkorlikning yangi kun tartibi kelishib olindi.
Tomonlar mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqalar doirasida yaqin muloqotlarni va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga kelishib oldilar.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Yaqin yillarda, birinchi navbatda, talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar nomenklaturasi va hajmini kengaytirish orqali tovar ayirboshlash hajmini oshirish vazifasi qo‘yildi. Ikki mamlakat poytaxtlarida savdo uylarini ochish va joriy yilda sanoat ko‘rgazmalarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Mamlakatlarimiz bir-birini samarali to‘ldirishi mumkin bo‘lgan tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasining aniq yo‘nalishlari ham belgilandi.
Mineral resurslarni qazib olish va qayta ishlash, Qoraqalpog‘iston, Namangan viloyati va boshqa hududlarda chorvachilik majmualarini, go‘shtni qayta ishlash klasterini tashkil qilish, yengil sanoatda jun va terini chuqur qayta ishlash, shuningdek, farmatsevtika, sog‘liqni saqlash va boshqa ko‘plab sohalardagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish shular jumlasidan.
Sanoat kooperatsiyasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘zaro investitsiyalarni himoya qilish va soliqqa tortish prinsiplari bo‘yicha asosiy kelishuvlar tayyorlanadi va qabul qilinadi.
Barcha iqtisodiy masalalarni samarali hal qilish va loyihalarni tezlashtirish uchun yaqin fursatda Toshkentda Bosh vazirlar o‘rinbosarlari raisligidagi Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va Ishbilarmonlar kengashining ta’sis sessiyasi bo‘lib o‘tadi.
Madaniyat, san’at, ta’lim, turizm, yoshlar va sport sohalarida faol almashinuvlarni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Bu borada alohida hamkorlik dasturi tayyorlanib, kelgusi yilda Toshkent va Ulan-Batorda o‘zaro Madaniyat kunlari o‘tkaziladi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida mo‘g‘ulistonlik talabalarni o‘qitishni qayta yo‘lga qo‘yishni taklif qilganini ma’lum qildi.
Shuningdek, mamlakatlar yakkakurash sportining an’anaviy turlarini ommalashtirish, amaldagi vizasiz tartib sharoitida sayyohlar oqimini oshirish hamda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha hamkorlik qiladilar.
Kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida ikki davlat hukumatlariga kompleks “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash va uning o‘z vaqtida bajarilishini nazorat qilish topshirildi.
– Mo‘g‘uliston Prezidentining O‘zbekistonga birinchi davlat tashrifi haqli ravishda tarixiy bo‘ldi va ko‘p qirrali hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi. Birgalikdagi katta ishlarimizning birinchi amaliy natijalarini tez fursatda ko‘ramiz, deb ishonaman, – dedi O‘zbekiston Prezidenti so‘zining yakunida.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdilar.
Tadbirda Mo‘g‘ulistonning MCS Investment, Mongol Basalt, Tavan Bogd Group, Asia Pharma, Khanbogd Cashmere, Erdenezoo Trans, ICT Group, ORDGEO, LBH Technology, NCD Group, Mega Wood, Modern Nomads kabi yetakchi kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston tomonidan Basalt Uzbekistan, BMB Holding, New Way Industries, Panaev Farms, Ezel Central Asia, Azia Metall Prof, “Jizzax Jun”, Procab va boshqa xususiy kompaniyalar qatnashdi.
Ta’kidlash lozimki, ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan bunday formatdagi uchrashuv Mo‘g‘uliston bilan ilk bor o‘tkazildi.
O‘zbekiston Prezidenti mo‘g‘ulistonlik yetakchi ishbilarmonlarni va ularning o‘zbekistonlik sheriklarini samimiy qutlar ekan, Mo‘g‘uliston Prezidentining O‘zbekistonga ilk davlat tashrifi ikki tomonlama hamkorlik tarixida muhim ahamiyat kasb etishini yana bir bor alohida ta’kidladi.
– Bu sizning O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlashga qaratilgan qat’iy intilishingizni va alohida e’tiboringizni yana bir bor tasdiqlaydi, – dedi mamlakatimiz rahbari.
Bo‘lib o‘tgan mazmunli va konstruktiv muzokaralar davomida ikki tomonlama hamkorlikning barcha jihatlari atroflicha ko‘rib chiqilgani, mavjud zaxiralar tahlil qilingani va yangi o‘sish nuqtalari aniqlangani qayd etildi.
– Biz mavjud salohiyat va imkoniyatlardan deyarli foydalanmayotganimizni ta’kidladik. Shu munosabat bilan yaqin yillarda o‘zaro savdoni, eng avvalo, xaridorgir mahsulotlar nomenklaturasi va hajmini kengaytirish orqali karrasiga oshirish vazifasini qo‘ydik, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Bular – Mo‘g‘ulistonga oziq-ovqat, o‘g‘itlar, dori-darmonlar, maishiy texnika, plastmassa va rezina, qurilish materiallari, tayyor to‘qimachilik va poyabzal mahsulotlarini eksport qilish, shuningdek, yurtimizga go‘sht va go‘sht mahsulotlari, teri, jun va boshqa tayyor mahsulotlarni import qilish.
Mamlakatimiz rahbari mo‘g‘ul kompaniyalari bilan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdi.
Ikki davlat iqtisodiyotining bir-birini samarali to‘ldirishga qodir sohalarida o‘rta muddatli kooperatsiya dasturini qabul qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgani qayd etildi.
Bu, birinchi navbatda, geologik qidiruv, boy xomashyo resurslarini o‘zlashtirish va qayta ishlash sohalarida hamkorlik o‘rnatishni o‘z ichiga oladi.
Mazkur strategik sohada birinchi yirik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq takliflar tayyorlanadi.
Tomonlar xususiy biznes tashabbuslarini faol qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
Yetakchilar qo‘shma Ishbilarmonlar kengashining tashkil etilishini olqishladilar. Yangi tashabbuslarni ishlab chiqish uchun yaqinda uning birinchi yig‘ilishini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Tashrif davomida havo va xalqaro avtomobil aloqasi bo‘yicha bitimlar imzolandi, bu ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish va ishbilarmonlik almashinuvlarini faollashtirish uchun mustahkam asos yaratadi.
Transport vazirlariga yuk tashish xarajatlarini kamaytirish bo‘yicha takliflar tayyorlash topshirildi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekistonda iqtisodiyotni innovatsion rivojlantirish, qonun ustuvorligi va xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va JSTga qo‘shilish jarayonini faollashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mo‘g‘ulistonlik ishbilarmonlarga yurtimizda ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga tayyor ekanini aytdi.
O‘z navbatida, Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux erishilgan kelishuvlar hamda O‘zbekistonda investorlar va tadbirkorlar uchun yaratilgan sharoitlarni yuqori baholab, biznes vakillarini faol hamkorlikka va yangi loyihalar bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishishga chaqirdi.
Fikr almashish chog‘ida Mo‘g‘uliston tadbirkorlari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy ahamiyatini va mamlakatda yaratilayotgan qulay investitsiyaviy va biznes muhitini yuqori baholadilar.
Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq takliflar berildi.
Oliy darajadagi O‘zbekiston – Mo‘g‘uliston muzokaralari yakunlangach, Ko‘ksaroy qarorgohida daraxt ekish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Uxnaagiyn Xurelsux xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik, ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochishga bo‘lgan o‘zaro intilish ramzi sifatida Faxriy mehmonlar xiyobonida daraxt ekdilar.
So‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux birgalikda Toshkent shahridagi Texnoparkka tashrif buyurdilar.
Ushbu zamonaviy innovatsion majmua davlatimiz rahbari tashabbusi bilan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish maqsadida barpo etilgan.
Bugungi kunda bu yerda 365 million dollardan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar evaziga 16 ta ishlab chiqarish maydoni joylashgan.
Mo‘g‘uliston Prezidentiga Texnopark korxonalarida ishlab chiqarilayotgan keng turdagi yuqori texnologik mahsulotlar, shu jumladan, maishiy texnika, elektron hisoblagichlar, liftlar, suv nasoslari, sanoat konditsionerlari, sovutish uskunalari va boshqalar namoyish etildi.
Ta’kidlash joizki, yetakchi xorijiy brendlar ostida va ular nazoratida ishlab chiqarilayotgan bu tovarlar ichki va tashqi bozorlarda katta talabga ega.
Prezidentlar ikki mamlakat yetakchi korxonalari o‘rtasida kooperatsiyani kengaytirish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish muhimligini ta’kidladilar.
Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Prezident Uxnaagiyn Xurelsux Mo‘g‘ulistonning Toshkent shahridagi ilk elchixonasining rasmiy ochilish marosimida ham ishtirok etdi.
Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxning mamlakatimizga davlat tashrifi davom etmoqda.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbirlari
- Qo'shildi: 25.06.2024
- Ko'rishlar: 1534
- Chop etish