Mamlakatimizning Aqtau shahridagi Bosh konsulxonasi Qozog‘istondagi O‘zbekiston etnik-madaniyat markazlari bilan izchil hamkorlik qilib, muntazam ravishda turli tadbirlar tashkil etmoqda. Yaqinda Turkiston o‘lkasida uyushtirilgan uchrashuvda mamlakatimiz Yozuvchilar uyushmasi tomonidan ajratilgan o‘zbek tilidagi 300 ga yaqin kitob O‘zbek etnik-madaniyat markaziga topshirildi. Mahalliy o‘zbeklar madaniy-ma’rifiy muhitini boyitishga xizmat qiladigan bu asarlar Turkiston shahridagi maktablar kutubxonalariga ham tarqatiladi.
Bahodir Irismetov boshchiligidagi o‘lkadagi O‘zbek etnik-madaniyat markazi jamoasi va “Janubiy Qozog‘iston” mahalliy gazetasi rahbariyati ham ishtirok etgan muloqot davomida o‘zbek tili va an’analari bilan bog‘liq madaniy tadbirlar tashkil etish bo‘yicha kelgusi rejalar, jumladan Turkistonda o‘zbek tili bayramini o‘tkazish imkoniyati muhokama qilindi.
Madaniy-ma’rifiy faoliyat doirasida “Vatandoshlar” jamoat fondi bilan hamkorlik masalasi ham ko‘tarildi.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur uchrashuv O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida madaniy aloqani mustahkamlash, xususan Turkiston o‘lkasida istiqomat qilayotgan o‘zbek millatiga mansub aholini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Aziza Alimova tayyorladi.
O‘zA
- Qo'shildi: 10.07.2024
- Ko'rishlar: 1958
- Chop etish