Senat Qo‘mitasida Qonun muhokamasi: endilikda hokim mahalliy Kengash raisi bo‘la olmasligi belgilanmoqda

Joriy yilning 9-avgust kuni Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mahalliy davlat hokimiyatining konstitutsiyaviy asoslari takomillashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

Majlisda Qo‘mita aʼzolari, ekspertlar guruhi aʼzolari, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Ombudsman, Advokatlar palatasi vakillari, Yoshlar parlamenti aʼzolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashining tegishli doimiy komissiyalari raislari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada mahalliy Kengashlarning davlat hokimiyati vakillik organlari sifatidagi rolini kuchaytirish muhimligiga, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarining yana-da samarali modelini yaratish zarurligiga alohida eʼtibor qaratilgan.

Shu nuqtai nazardan, muhokamada etilgan Qonun bilan mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati yangi Konstitutsiya tamoyillariga muvofiqlashtirilmoqda.

Jumladan, hokim va mahalliy Kengash raisi lavozimlari bir-biridan ajratilib, endilikda hokim mahalliy Kengash raisi bo‘la olmasligi belgilanmoqda.

Qonun bilan viloyat, tuman, shahar hokimi vakolatlari va vazifalariga ayrim o‘zgartirishlar kiritilmoqda, unga ko‘ra hokim o‘z nomzodini ko‘rib chiqishda mahalliy Kengashga hududni rivojlantirish dasturini taqdim etishi qayd etilmoqda.

Shu bilan birga, Qonunda mahalliy Kengash raisi vakolatlari ham kengaytirilishi nazarda tutilgan. “Kengash so‘rovi” va “Kengash tekshiruvi” institutlari joriy etilishi belgilanmoqda.

Muhokama davomida senatorlar tomonidan ushbu Qonun mahalliy davlat hokimiyati organlarining yana-da samarali va demokratik tizimini yaratishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Shuningdek, Qonun mahalliy Kengashlarning davlat hokimiyati vakillik organi sifatidagi rolini kuchaytirishi, hokimlar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining aholi oldidagi masʼuliyatini oshirishi, hududiy muammolarni yana-da samarali hal etishni taʼminlashi qayd etildi.

Qizg‘in muhokamalardan so‘ng Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati

Powered by GSpeech