Joriy yilning 29-iyul kuni Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha Milliy komissiyasi tomonidan Ichki ishlar vazirligi, Xalqaro migratsiya tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda 30-iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuniga hamda “Odam savdosiga qarshi kurashda o‘ttiz kunlik hamkorlik” oyligini yakunlashga bag‘ishlangan “Odam savdosiga qarshi kurash: milliy yondashuvlar va xalqaro standartlar” mavzusida konferensiya o‘tkazildi.
Unda Oliy Majlisi Senati Raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha Milliy komissiya raisi T.Narbayevaning murojaati konferensiya ishtirokchilariga o‘qib eshittirildi.
Taʼkidlanganidek, oxirgi yillarda mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida barcha sohalarda, eng avvalo, inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash yo‘nalishida keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi. Bu yo‘nalishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligi mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi.
Buning natijasida turli xavf-xatarlarga, shu jumladan odam savdosiga qarshi kurashish yo‘nalishida sezilarli yutuqlarga erishildi. Jumladan, odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha milliy qonunchilik takomillashtirildi, oxirgi 5 yilda ushbu yo‘nalishda 40 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Konferensiya davomida odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi milliy qonunchilikni takomillashtirish, huquqni muhofaza qilish organlarining rolini kuchaytirish va jamoatchilikni xabardor qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ishtirokchilar tomonidan alohida eʼtirof etildi.
Tadbirda ishtirok etgan davlat organlari vakillari, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, ekspertlar, shuningdek, xorijiy diplomatik korpus vakillari tomonidan odam savdosiga qarshi kurashish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini oshirish, xalqaro tajribani milliy amaliyotga qo‘llash, odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha innovatsion yondashuvlar, axborot texnologiyalaridan foydalanish, qurbonlarni aniqlash va ularga yordam berish mexanizmlari muhokama qilindi.
Konferensiya yakunida ishtirokchilar tomonidan yakuniy hujjat – kommyunike qabul qilindi. Ushbu hujjatda ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni yana-da rivojlantirish, sohada kelgusidagi ustuvor vazifalar bo‘yicha bir qator tavsiyalar o‘z ifodasini topdi.
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY MAJLISI SENATI
- Qo'shildi: 30.07.2024
- Ko'rishlar: 1402
- Chop etish