O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasi tarkibi tasdiqlandi. Komissiyaning asosiy vazifalari:
ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni rasmiy muomalaga kiritish;
o‘zbek tiliga kiritilayotgan yangi atamalarni qonunchilik hujjatlariga tatbiq etish va amalda qo‘llashning huquqiy muammolarini o‘rganish, ushbu sohadagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishning rivojlanish yo‘nalishlarini aniqlash;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida atamalarning qonunchilik hujjatlarida qabul qilingan ma’nosiga muvofiq yagona shaklda va to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash choralarini ko‘rish;
yangi so‘z va atamalarni qo‘llash sohasida boshqa tillarning qoidalari tufayli kelib chiqishi mumkin bo‘lgan nomuvofiqliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rish;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga atamashunoslik masalalari bo‘yicha ko‘rsatmalar berish;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari markaziy apparatlarida jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi Atamalar bo‘yicha ishchi guruhlar faoliyatini muvofiqlashtirishdan iborat bo‘ladi.
Fanlar akademiyasining O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti Atamalar komissiyasining ishchi organi hisoblanadi.
Ishchi organning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
taklif qilingan yangi so‘z va atamalarni ilmiy jihatdan o‘rganish;
yangi so‘z va atamalar bo‘yicha takliflarni ekspertizadan o‘tkazish;
ekspertizadan o‘tkazilgan yangi so‘z va atamalarni jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilish;
jamoatchilik muhokamasida bildirilgan taklif, fikr va tavsiyalarni Fanlar akademiyasining O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti Ilmiy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida tegishli soha mutaxassislari ishtirokida ko‘rib chiqish hamda yangi so‘z va atamalar bo‘yicha takliflarni Atamalar komissiyasiga kiritib borish;
Atamalar komissiyasi tomonidan tasdiqlangan yangi so‘z va atamalarni jamoatchilikka e’lon qilish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish.
Mazkur qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomda:
Atamalar komissiyasining asosiy vazifalari, huquqlari va majburiyatlari;
Atamalar komissiyasi raisi va uning o‘rinbosarlari, a’zolari hamda kotibining vazifalari;
Ishchi organ va Atamalar bo‘yicha ishchi guruhlar faoliyatini tashkil etish tartibi belgilab berilgan.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari markaziy apparatlarida jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi Atamalar bo‘yicha ishchi guruhlar tashkil etilgan.
Ishchi guruhlarning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
jamiyat taraqqiyoti, ilm-fan yutuqlari natijasida tegishli sohalarda yuzaga kelayotgan yangi so‘z va atamalarni tadqiq etish, ularning o‘zbekona muqobillarini topish hamda ularni bir xilda qo‘llash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va Atamalar komissiyasiga kiritish;
tegishli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari tomonidan ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida so‘z va atamalaming to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash;
tegishli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarida davlat tilida ish yuritish bilan bog‘liq yuzaga keladigan muammolarni o‘rganish hamda hal etish choralarini ko‘rish;
soha mutaxassislari, olimlar, tadqiqotchilarni jalb qilgan holda, sohaviy izohli va imlo lug‘atlarini tayyorlash hamda nashr etib borish.
O‘zA
- Qo'shildi: 23.09.2024
- Ko'rishlar: 1071
- Chop etish