Bugun internet va ijtimoiy tarmoqlar hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Ushbu media olami insonlarning axborotga bo‘lgan ehtiyojini tezkor qondirish, voqea-hodisalardan xabardor bo‘lish, jamiyatdagi dolzarb muammolarni muhokama qilishda muhim vosita bo‘lmoqda. Ana shunday sharoitda onlayn-platformalar foydalanuvchilarining huquq va qonuniy manfaatlarini qonun asosida aniq mustahkamlab qo‘yish, fuqarolarni yolg‘on axborotlardan himoya qilish dolzarb ahamiyatga ega.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi vakillari tomonidan qator davlat va jamoat tashkilotlari, media-sohasi ekspertlari ishtirokida sohani tartibga soluvchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan yaxlit qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Loyihaning maqsadi – fuqarolarning onlayn-platformalar va veb-saytlardan foydalanish sohasidagi huquqlarini qonun darajasida belgilash, ularni yolg‘on axborot, nafrat uyg‘otuvchi, zo‘ravonlik va shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi noqonuniy kontentlardan himoya qilishdan iborat. Unda onlayn-platformalar sohasidagi amaldagi qonunchilik sezilarli liberallashtirilib, tartibga solishdagi mavjud bo‘shliqlarni bartaraf etishga qaratilgan qator normalar nazarda tutilgan. Shuningdek, qonun loyihasida inflyuyenser va blogerlar mas’uliyati ajratilib, blogerlar majburiyatlari sezilarli yengillashtirilmoqda.
Hujjat loyihasidagi normalar onlayn-platformalar foydalanuvchilari huquqlarini qonun darajasida mustahkamlash, Internet tarmog‘ida axborot tarqatish tartiblari borasida huquqiy aniqlik va izchillikni ta’minlash, onlayn-platformalar va veb-sayt egalari uchun O‘zbekistonda faoliyat yuritishning aniq shartlarini belgilash, ularning biznes modellari uchun shart-sharoitlarni aniq prognozlash imkoniyatini yaratishga xizmat qiladi. Shuningdek, axborot sohasi ishtirokchilari, jumladan, onlayn-platformalar, blogerlar, inflyuyenserlar hamda sohani tartibga soluvchi davlat organlari o‘rtasida o‘zaro muloqot va konstruktiv hamkorlik uchun huquqiy asoslarni takomillashtiradi. Internetdan foydalanish xavfsizligi darajasini oshirish, bolalar sog‘ligiga xavf soluvchi axborotlardan himoya qilish bo‘yicha aniq mexanizmlarni yaratadi.
Mazkur qonun loyihasi parlament quyi palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va media sohasi ekspertlari ishtirokida muhokama qilinib, uni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish bo‘yicha xulosa qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 08.05.2025
- Ko'rishlar: 177
- Chop etish