- Mamlakatimizda 2019 yil 22 dekabrda bo'lib o'tadigan saylovlar yangi huquqiy hujjat – O'zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi asosida tashkil etilmoqda.
- O'zbekistonda saylovlarni demokratik printsiplar asosida o'tkazishda Saylov kodeksining qabul qilingani hamda saylovlar bilan bog'liq qonun hujjatlarining takomillashtirilgani ushbu siyosiy jarayonga yangicha ruh berdi.
- O'zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi saylov jarayonlari yanada oshkoralik ruhida o'tishini ta'minlaydigan ilg'or amaliyotni joriy etishni huquqiy jihatdan kafolatlaydi.
- Saylov kodekslari qabul qilingan dunyoning 40 ta davlati safiga endilikda O'zbekiston ham qo'shildi.
- O'zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi mamlakatimizdagi o'n sakkizinchi kodeks sanaladi.
- Kodeks loyihasini tayyorlash jarayonida ishchi guruhi tomonidan 20 dan ortiq davlat, jumladan, Frantsiya, Niderlandiya, Kanada, Italiya, Shvesiya, Belgiya, Polsha, Albaniya, Belarus, Ozarbayjon, Turkiya kabi mamlakatlar tajribasi hamda ushbu sohadagi xalqaro standartlar puxta o'rganib chiqildi.
- Saylovga doir 10 dan ortiq xalqaro hujjat atroflicha tahlil qilinib, ularning asosiy g'oya va standartlari O'zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi normalariga chuqur singdirildi. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi pakt, YEXHTning insoniylik mezonlari to'g'risidagi hujjatlari shular jumlasidandir.
- Parlament Qonunchilik palatasida deputatlik o'rinlari uchun O'zbekiston Ekologik harakati vakillariga kvota ajratish instituti saylov qonunchiligidan chiqarib tashlandi.
- Siyosiy partiyalar tomonidan imzo yig'ish jarayonida saylovchilarning bir yoki bir nechta nomzodlarni yoxud partiyalarni qo'llab-quvvatlab imzo qo'yishi huquqi berildi.
- Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari tomonidan uchastka saylov komissiyasi a'zoligiga nomzodlar bo'yicha takliflar kiritish tartibi joriy etildi.
- Ijtimoiy xavfi katta bo'lmagan va uncha og'ir bo'lmagan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga saylovda ishtirok etish huquqi berildi.
- Saylovchilar ro'yxatiga o'zgartishlar kiritish saylovga uch kun qolganida to'xtatiladigan bo'ldi.
- Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga nomzodlarning ishonchli vakillari soni 3 nafardan 5 nafarga ko'paytirildi.
- Tashviqot ishlarini boshlashda barcha nomzodlar uchun yagona muddat, ya'ni ularni ro'yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan e'tiboran boshlanishi belgilandi.
- O'zbekistonning milliy saylov tizimiga Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi va Saylovchilarning yagona elektron ro'yxati joriy etildi.
- Saylovlar bo'yicha kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash ishlari takomillashtirildi.
- Saylovlarga tayyorgarlik ko'rish va ularni o'tkazish amaliyotida birinchi marta barcha darajadagi saylov komissiyalari a'zoligiga nomzodlarning bilim va ko'nikmalarini oshirishga qaratilgan ishlar 8 bosqichli “kaskad” uslubida tashkil etildi.
- Saylovlarni tashkil qilish va o'tkazish bo'yicha seminar-treninglarda jami 170 mingga yaqin saylov komissiyalari a'zosi o'z bilimi va ko'nikmalarini oshiradi.
- Saylovlarni tashkil qilish va o'tkazish bo'yicha yangi normativ-huquqiy hujjatlar – yo'riqnoma, reglament va nizomlar qabul qilindi.
- Saylov komissiyalari a'zolari tezkorlik bilan foydalanishi uchun maxsus “Saylov – 2019” mobil` ilova ishlab chiqildi.
Ommaviy axborot vositalari materiallari asosida tayyorlandi
- Qo'shildi: 28.10.2019
- Ko'rishlar: 5526
- Chop etish