O‘tgan yil Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan xalqaro astronavtika yig‘ilishida “O‘zbekkosmos” agentligi Xalqaro astronavtika federatsiyasiga to‘la huquqli a’zo sifatida qo‘shilgan edi.
Joriy yilda esa Italiyaning Milan shahri navbatdagi 75–Xalqaro astronavtika kongressiga mezbonlik qildi. Mazkur global forumda 120 ta davlatdan kosmik agentliklar va xalqaro tashkilotlar, ilmiy-ta’lim markazlari rahbarlari, jahon kosmik hamjamiyati vakillaridan iborat 11 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Bu yilgi tadbir “Barqaror rivojlanish uchun mas’uliyatli makon” mavzusi ostida o‘tkazildi.
Kongressda “O‘zbekkosmos” agentligi vakillari ham ishtirok etib, tematik yalpi majlislar, informativ ma’ruzalar, interfaol seminar va maxsus sessiyalar kabi muhim tadbirlarda faol qatnashdi.
Ahamiyatli jihati, O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Xalqaro astronavtika federatsiyasi liderlari sammitida maxsus bayonot bilan ishtirok etdi. Qolaversa, “O‘zbekkosmos” agentligi ekspertlari yer yuzasidagi o‘zgarishlar dinamikasini aniqlash va kuzatish maqsadida ishlab chiqilgan “Yerni masofadan zondlashning innovatsion usullari” nomli ilmiy ma’ruzalarini taqdimot qildi.
Shuningdek, forum doirasida agentlik vakillari Xalqaro astronavtika federatsiyasi, Intersputnik xalqaro tashkiloti va shu kabi qator yirik xorijiy agentliklar rahbarlari bilan 30 dan ziyod manfaatli uchrashuvlar o‘tkazdi. Eng muhimi, robotlashtirilgan kosmik apparatlar va boshqa texnologiyalar yordamida Oyni tadqiq qilishga ixtisoslashgan Ispace (Yaponiya) kompaniyasi bilan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Hamkorlikning yangi bosqichini ochib bergan mazkur global forumda bir qancha kosmik agentliklar va xususiy kompaniyalar kosmik loyihalarni amalga oshirish borasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha o‘zaro fikr almashdi.
Shu bilan birga, “O‘zbekkosmos” agentligi vakillari Ozarbayjon kosmik agentligi bilan yerni masofadan zondlash milliy kosmik tizimini yaratish bo‘yicha muhim tavsiyalar va o‘zaro manfaatli takliflarni ham o‘rgandi.
N.Rahmonova,
O‘zA
- Qo'shildi: 24.10.2024
- Ko'rishlar: 802
- Chop etish