Poytaxtimizda Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi davom etmoqda. Jahon hamjamiyati diqqat-e’tiborini tortgan mazkur nufuzli anjumanda 300 dan ziyod davlat va siyosat arboblari, yirik biznes vakillari, ekspertlar hamda qator xalqaro tashkilot, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etmoqda.
Haftalik doirasida “Saylovlar demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va yangilangan Konstitutsiyani amalda tatbiq etishning yangi bosqichi sifatida” mavzusida tashkil etilgan ekspertlar muhokamasidan so‘ng, O‘zA muxbiri Latviyaning Turiba universiteti professori Raymundas Kolesnikas bilan suhbatlashdi:
– Avvalo, O‘zbekistonga xush kelibsiz! Poytaxtimizda tashkil etilgan xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi, unda ko‘rilayotgan masalalar va mamlakatimiz hayoti uchun muhim bo‘lgan saylov tizimi xususida qanday fikrdasiz?
– Xalqaro ekspertlar va ma’ruzachilarni mazkur haftalikda ishtirok etish uchun O‘zbekistonga taklif qilgan tashkilotchilarga minnatdorlik bildiraman. “Saylovlar demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va yangilangan Konstitutsiyani amalda tatbiq etishning yangi bosqichi sifatida” mavzusidagi ilk sessiyada qizg‘in muhokama olib borildi. Bizga, eng avvalo saylov tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida atroflicha axborot berildi.
Mamlakatda demokratik asosni mustahkamlash yo‘lida qilinadigan ishlar, jumladan, saylovlar jarayonlari oson kechmaydi, chunki har bir mamlakatda islohot qilishda to‘siqlar, muammolar bo‘lishi tabiiy. Biroq, O‘zbekiston bugun turli qiyinchiliklarni yengib o‘tishga muvaffaq bo‘layotganini ko‘rib turibmiz.
Islohotning asosiy muvaffaqiyati siyosiy irodadir. Kuzatuvchi mutaxassis sifatida qayd etishim mumkinki, respublika prezidenti islohotlar qilishda juda katta siyosiy iroda ko‘rsatyapti. Ushbu yuqori darajadagi hamkorliklarni nafaqat siyosiy partiyalar va siyosatchilarga, balki xorijlik mutaxassislar va jahon hamjamiyatiga yetkazish juda muhimdir.
O‘zining islohotlari bilan dunyoga ochilayotgan O‘zbekiston savdo-sanoat, iqtisodiyot kabi eng muhim yo‘nalishlarda rivojlanib boryapti. O‘ylaymanki, jamiyat islohot nima uchun kerakligini tushunmoqda.
– Inson huquqlari bo‘yicha erishilayotgan yutuqlarni professor, xalqaro ekspert sifatida qanday baholaysiz?
– Inson huquqlari bugungi kunda global dunyoda juda muhim masaladir. Butun islohot jarayoni inson huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liqligini ko‘ryapmiz. Shu bois, gender masalalarida inson huquqlarini targ‘ib qilish, ayollarning saylov jarayonida ishtirok etishi, ayniqsa quvonarli va biz har vaqt ushbu qadamlarni qo‘llab-quvvatlaymiz.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, mamlakatdagi ijobiy islohotlar, raqam-ko‘rsatkichlar juda yuqori ekaniga guvoh bo‘ldim. Masalan, ayollarning saylov jarayonida ishtirok etishini targ‘ib qilishda yaxshi yutuqlarga erishilayotgani ham ko‘rsatkichlardan biridir.
Jumladan, inson huquqlarini amalga oshirish uchun qonun ustuvorligi kabi platforma va huquqiy mexanizmlar mavjuddir, xususan, yoshlar, bolalar va saylovchilar huquqlari shular jumlasidan. Har bir saylovchi parlament saylov tizimida va boshqa saylovlarda ishtirok etish imkoniyatiga ega.
Behruz Xudoyberdiyev suhbatlashdi.
Asliddin Alijonov (video), O‘zA
- Qo'shildi: 21.10.2024
- Ko'rishlar: 864
- Chop etish