Xalqaro hujjatdagi normalar milliy qonunchilikda o‘z ifodasini topdi

Mamlakatimizda inson huquqlarini rag‘batlantirish, himoya qilish va unga rioya qilish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bugun yurtimizda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga tizimli va bosqichma-bosqich iplementatsiya qilishning o‘zbek modeli shakllandi. Inson huquqlari va erkinliklari sohasida O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan 80 dan ortiq xalqaro hujjatdagi normalar milliy qonunchilikda o‘z ifodasini topmoqda

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Muqaddas dinimiz halqimizni birlashtirib, millati va tilidan qat’i nazar, ma’naviy poklanish, odamlarni tinchlik, ezgulik bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va totuvlikka undaydigan, o‘rnini hech narsa bosa olmaydigan vosita bo‘lib xizmat qilishi shubhasizdir”.

Aynan shu masalalar “O‘zbekiston taraqqiyotining hozirgi bosqichida din sohasidagi davlat siyosatining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish” mavzusidagi xalqaro videokonferensiyada o‘z aksini topgan bo‘lib, qator nufuzli xorijiy va mahalliy ma’ruzachilar tomonidan O‘zbekistonda mustaqillik yillarida millatlararo va dinlararo hamjihatlikni ta’minlash borasida katta tajriba to‘planganligi, mamlakatda vijdon erkinligi va diniy e’tiqod sohasidagi huquqlarni ta’minlash masalalarini tartibga soladigan qonun hujjatlari ishlab chiqilganligi hamda huquqni qo‘llash borasida tegishli ijobiy amaliyot ham shakllanganligi e’tirof etildi.

Darhaqiqat, BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida Prezidentimiz “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan rezolyusiya qabul qilish tashabbusi bilan chiqqanligi ham, jahon hamjamiyatining diqqatini tortgan edi. Bu hujjatning asosiy maqsad — barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko‘maklashishdan iborat bo‘lib, rezolyusiya bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, e’tiqod qiluvchilarning huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilganligi bilan e’tiborga molikdir.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqlarida islom dinida insonparvarlik ulug‘langanligiga yana bir bor e’tiborini qaratib, “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining insonparvarlik mohiyatini yetkazishni, eng muhim vazifamiz deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizdagi azaliy qadriyatlarimizni qadrlaymiz. Muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz, Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi”- deya ta’kidlagan edilar.

Bunga yaqinda yangi tahrirda tayyorlanib, qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun yaqqol misoldir. Vijdon va din erkinligini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi amaldagi siyosatining ustuvor vazifalaridan sanaladi. Mamlaktimizda jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarini demokratlashtirish va liberallashtirish, Yangi O‘zbekistonni qurish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar vijdon erkinligi borasidagi qonunchilikni ham qayta ko‘rib chiqish zaruratini yuzaga keltirdi.

Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar faoliyati bilan bog‘liq munosabatlarning huquqiy asoslarini zamon talablari asosida takomillashtirish, huquqni qo‘llash amaliyoti bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarga aniq yechim topish, vijdon erkinligini ta’minlashning huquqiy mexanizmlarini kuchaytirish, inson huquqlari va vijdon erkinligi bo‘yicha xalqaro hujjatlar va standartlarga milliy qonunchiligimizni muvofiqlashtirish, eng asosiysi fuqarolarimizning vijdon erkinligi borasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini to‘laqonli ta’minlash maqsadida “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi yangi qonun qabul qilindi.

Mazkur qonunning yangi tahrirda qabul qilinishi davr va zamon talabi edi. Vatanimizda tashqi, ichki siyosat, iqtisodiyotni erkinlashtirish va rivojlantirish sohalarida bo‘lgani kabi milliy va umuminsoniy qadriyatlar, diniy erkinlik va bag‘rikenglik rivoji tarixida ham yangi davr boshlandi. Butun mamlakatimiz xalqi ko‘z o‘ngida bo‘lgani kabi jahon hamjamiyati e’tirofida ham yangi O‘zbekiston namoyon bo‘la boshladi. Ro‘y berayotgan o‘zgarishlarning mantiqiy isboti sifatida vijdon erkinligi va diniy tashkilotlarga oid yangi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

E’tirof etish lozimki, qonun loyihasi yuzasidan xalqaro va milliy darajada maslahatlashuvlar va muhokamalar o‘tkazildi. Qolaversa, nufuzli xalqaro tashkilotlar hamda xalqaro ekspertlar tomonidan qonun loyihasi yuzasidan taklif, tavsiya va xulosalar berildi. Milliy darajada o‘tkazilgan maslahatlashuv va muhokamalarda barcha konfessiyalarning vakillari, diniy tashkilotlar va diniy ta’lim muassalari, nodavlat-notijorat tashkilotlari vakillari, ayollar va yoshlar faol qatnashdilar.

Jumladan, AQSh Davlat departamenti vakilining fikricha, O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyo mamlakatlari, balki butun dunyo uchun diniy erkinlik ta’minlangan erkin jamiyatga o‘tish yo‘lini birinchi bo‘lib ko‘rsatib berdi.

YXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi hamda Yevropa Kengashining Venesiya komissiyasi mazkur qonunda vijdon erkinligi va diniy e’tiqod sohasidagi huquqlar ko‘lami kengayganligi, shuningdek, davlatning bu jarayondagi roli yanada aniqlashtirilganini e’tirof etdi.

Qonunda, bir tomondan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt va boshqa xalqaro hujjatlarda o‘rnatilgan talablar, BMT Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining, Insoniylik mezonlari bo‘yicha YXHTning tavsiyalari o‘z aksini topgan. Ikkinchi tomondan, qonunni ishlab chiqish jarayonida xalqimizning ko‘p asrlik tarixi, diniy qadriyatlari va bugungi kun voqeligi ham inobatga olingan.

Haqiqatdan ham, O‘zbekistonda turli konfessiyalar va turli etnik guruhlarning birgalikda yashashining ko‘p asrlik tarixiy tajribasi to‘plangan. Asrlar mobaynida uning hududida turli dinlar va e’tiqodlar mavjud edi. Mamlakatimizda 16 ta turli konfessiya bo‘yicha 2275 ta diniy tashkilot faoliyat yuritmoqda, ulardan 92 foizi yoki 2092 tasi islom diniga oid tashkilotlardir.

Xalqaro konferensiya ishtirokchilari ta’kidlaganidek, vijdon erkinligi va diniy e’tiqod sohasidagi yangiliklar va yengilliklar bugun paydo bo‘lgan emas. Bu kabi harakatlarning zamirida yillar davomida to‘plangan tajriba, masalaga ilmiy yondoshuv, xorij tajribasini chuqur o‘rganish va izlanishlar yotibdi.

Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 15 noyabrdagi farmoni bilan Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi tasdiqlandi. Konsepsiya inson va fuqaroning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga, O‘zbekistonning birligi va yaxlitligini mustahkamlashga, uning hududida yashovchi millat va elatlarning etnik-madaniy o‘ziga xosligini saqlashga, jamiyatda millatlararo bag‘rikenglik, totuvlik va tinchlikni saqlab turishga yo‘naltirildi.

Ikkinchidan, AQShning Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha komissiyasi O‘zbekistonni “alohida xavotirga molik davlatlar” ro‘yxatidan chiqardi. 2018-2019 yillarda O‘zbekiston delegatsiyasi diniy erkinliklarni ilgari surish bo‘yicha Vazirlar konferensiyalarida muntazam ishtirok etdi. Mazkur anjumanlarda O‘zbekistonning diniy erkinliklar sohasidagi yutuqlari ijobiy baholandi.

Uchinchidan, 2020 yil 13 oktyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida bo‘lib o‘tgan saylovlarda O‘zbekiston milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga 2021-2023 yillarga saylandi.Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, “insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta’minlash O‘zbekistondagi islohotlarda eng muhim o‘rinda turadi”. Shu ma’noda, BMTning 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari mamlakatimizda “Hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslik” tamoyili asosida amalga oshirilmoqda.

To‘rtinchidan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2020 yil 22 iyunda qabul qilingan Milliy strategiya mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish mexanizmini takomillashtirish va inson huquqlari madaniyatini shakllantirishda katta ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu hujjatda inson huquqlari masalasiga tizimli yondashish va mavjud bo‘shliqlarni, kamchiliklarni bartaraf etish ochiq-oydin ko‘rsatilgan.

Beshinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Kengashi va Senati Kengashi 2020 yil 25 sentabrda qabul qilgan qo‘shma qarori bilan Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasi tuzildi.

Oltinchidan, Prezidentimizning 2020 yil 22 iyundagi Farmoniga ko‘ra, “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni ta’sis etildi. Endilikda, har yili 10 dekabr – Xalqaro inson huquqlari kunida “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni sovrindorlari tantanali ravishda taqdirlab boriladi.

Shu tariqa mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotida amalga oshirish xalq uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratishga yo‘naltirilgan demokratik islohotlarning asosiy mezoniga aylandi.

Zero, Konstitutsiyamizda belgilangan qonun ustuvorligi prinsipi jamiyatimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, barcha islohotlarni samarali amalga oshirishning muhim kafolatidir.

 

Gulruh AGZAMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar

va fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari

qo‘mitasi a’zosi

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti

 

 

Powered by GSpeech