Bu yil Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 80 yilligi nishonlanadi.
Ma’lumki, ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi butun taraqqiyparvar insoniyat qatori o‘sha qonli urushda faol ishtirok etib, tinchlikni qaror toptirishga munosib hissa qo‘shgan.

2025 yil 20 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni munosib nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Shu munosabat bilan joylarda “Vatan ravnaqi, tinchligi va himoyasi yo‘lidagi qahramonliklar unutilmaydi” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Jumladan Toshkent, Sankt-Peterburg va Minsk shaharlarida turli tadbirlar doirasida davra suhbati va konferensiyalar, urushda jang qilgan yurtdoshlarimiz, qamalda qolgan shaharlardan O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan aholi haqidagi arxiv foto, video va hujjatli materiallar ko‘rgazmalari, shuningdek o‘zbek rejissyorlarining kino asarlari namoyish etilyapti.

Ushbu an’ananing davomi sifatida O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi tomonidan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi bilan hamkorlikda urush qahramoni G‘ulom Yoqubovga bag‘ishlangan “Jasorating mangu” xalqaro xotira darsi o‘tkazildi.
Andijon viloyati Asaka tumani Mirzaobod qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan G‘ulom Yoqubov urush boshlanganda birinchilardan bo‘lib o‘z ixtiyori bilan frontga otlandi. U 1-Belorussiya fronti 3-armiyasining 169-o‘qchi diviziyasi 556-o‘qchi polki avtomatchilar rotasiga sardorlik qilgan.

Mard jangchi sharafiga Minsk shahri va Andijon viloyati Asaka shahridagi ko‘chalar nomlangan, Asaka va Andijon shaharlarida byust o‘rnatilgan. 2022 yil avgust oyida esa Belarus poytaxtidagi bir maktabga qahramonning nomi berildi.
Xotira darsini o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad xalqimizning buyuk jasorati xotirasiga murojaat qilish orqali o‘quvchilar qalbida fuqarolik va vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytirishdan iborat edi.

Minsk shahridagi G‘ulom Yoqubov nomli 36-sonli o‘rta maktab, Mogilyov viloyati Bixov tumanidagi “Ludchitsi o‘rta maktabi”, Andijon viloyati Asaka tumanidagi 26-sonli, Toshkent shahridagi 210-sonli va 145-sonli umumta’lim maktablari o‘quvchi, o‘qituvchilari ishtirok etgan tadbirni Belarus Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi va “Svitanak” Belarus madaniyat markazi vakillari faxriy mehmon sifatida kuzatishdi.
Markaz direktori Qobiljon Sobirov yurtdoshlarimiz jasorati haqidagi tarixiy ma’lumotlarni kelajak avlodlarga yetkazish zarurligiga to‘xtaldi. Urush davrida O‘zbekiston yuksak insonparvarlik namunasini ko‘rsatgani, xalqimiz esa respublikaga evakuatsiya qilingan turli millat vakillariga nisbatan beg‘araz saxovat, samimiy g‘amxo‘rlik namoyon etganini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi direktori Sh.Yusupov Prezidentimiz boshchiligida mamlakatimiz hukumati tomonidan Ikkinchi jahon urushi yillarida yurtdoshlarimizning front va front ortidagi jasoratini yosh avlodga keng tushuntirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘zladi.

Mamlakatimizning Belarusdagi Favqulodda va muxtor elchisi Rahmatilla Nazarov mazkur tadbir ikki xalq o‘rtasidagi munosabatda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Shuningdek, urush yillari Belarus zaminini himoya qilgan o‘zbekistonliklar haqida so‘zlab berdi. Elchi xotira darsi ishtirokchilariga Belarusda nashr etilgan “Hamma uchun birdek G‘alaba” asarini taqdim etdi. Ushbu kitobda mingdan ortiq askar vatandoshimiz ismi-sharifi kiritilgan “Unutilmas nomlar” xotira ro‘yxati e’lon qilingan.

Xotira darsi davomida G‘.Yoqubovning jasorati haqida hikoya qilindi, jangchi dafn etilgan joyda olingan suratlar, Belarus va O‘zbekiston hududida qahramon xotirasini abadiylashtirish maqsadida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Yaqin qarindoshlari xotiralari aks etgan, qadrdon qishlog‘ida tasvirga olingan video lavhalar namoyish etildi. Yoshlarning badiiy chiqishlari tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.


O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.
G‘.Xonnazarov, O‘zA
- Qo'shildi: 03.03.2025
- Ko'rishlar: 794
- Chop etish