O‘tgan 2023 yil davomida dunyoning iqtisodiyoti rivojlangan davlatlaridan O‘zbekistondan ishchi kuchini jalb qilish bo‘yicha ish beruvchi va rekruting agentliklari bilan 118 ta shartnoma imzolanishiga erishilgan. Mazkur ish beruvchi va rekruting agentliklarining 100 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rni aniqlanib, 60 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rniga talabnoma olingan.
Chet elda ishlash istagi bo‘lgan o‘zbekistonlik fuqarolarning 62 foizi rivojlangan va ish haqi yuqori bo‘lgan davlatlarga jalb qilingan. Ilk bor 2 ming nafarga yaqin fuqaro Buyuk Britaniyaga, 500 nafarga yaqin fuqaro Germaniyaga yuborilgan. Janubiy Koreyaga yuborilgan fuqarolar soni 1,5 baravarga ko‘paytirilib, 4 ming 900 nafarga yetkazilgan.
Xorijda ishlash istagidagi yurtdoshlarimizni ketishdan oldin chet tili va kasblarga tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Yaponiyaning “Prometric” bilimni baholash tashkiloti, ingliz tili bo‘yicha bilimni baholovchi bir nechta tizim, Germaniyaning “ÖsD” bilimni baholash markazi, koreys tili va madaniyatini o‘rgatishga ixtisoslashgan “Qirol Sejong” o‘quv kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
AOKAda o‘tkazilgan brifingda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati rahbari Ortiqxo‘ja Norovning ma’lum qilishicha, bugungi kunda Germaniya, Chexiya, Vengriya, Yaponiya, Rossiya, Latviya, Litva, Bolgariya, Polsha kabi davlatlarga tibbiyot, haydovchilik, qurilish, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishning turli sohalarida bo‘sh ish o‘rinlari taklif etilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA
- Qo'shildi: 18.01.2024
- Ko'rishlar: 4924
- Chop etish