O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Yurtimizning iqtisodiy va ijtimoiy hayotida faol ishtirok etishga intilayotgan vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Qaror xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash, tarixiy Vatani atrofida yanada jipslashtirish, qalbi va ongida yurt bilan faxrlanish tuyg‘usini yuksaltirish, milliy o‘zligini saqlab qolish va ular bilan doimiy muloqotni kengaytirishga qaratilgan.
“Vatandosh” tushunchasi sifatida – kelib chiqishi O‘zbekiston hududidan bo‘lgan yohud etnik, til va madaniy-tarixiy nuqtai nazardan o‘zini o‘zbeklar yoki qoraqalpoqlar sifatida identifikatsiya qilgan, O‘zbekiston Respublikasi bilan madaniy-gumanitar, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa aloqalarni rivojlantirishga harakat qilayotgan shaxslar va ularning avlodlari tushunilmoqda.
Hujjat bilan vatandoshlarga qo‘shimcha huquq va imtiyozlar beradigan “Vatandosh” guvohnomasi hamda “Vatandosh” kartasi joriy etilmoqda.
“Vatandosh” guvohnomasi – yurtimizning iqtisodiy va ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan xorijdagi vatandoshlarga beriladi hamda “Vatandosh kartasi”ni olish uchun asos bo‘ladi. “Vatandosh” kartasi – 5 yilgacha muddatga ID-karta shaklida rasmiylashtiriladi.
Guvohnoma va karta O‘zbekistonda aksiya (ulush) sotib olgan, xorijiy yoki qo‘shma korxona tashkil qilgan, yurtimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, xalqaro imiji yanada yuksalishiga hissa qo‘shgan vatandoshlarga beriladi.
Bunda, ushbu guvohnoma va kartaga ega bo‘lgan vatandoshlarga quyidagi huquq va imtiyozlar beriladi:
– O‘zbekiston hududiga vizasiz kirish va chiqish;
– O‘zbekiston hududida ishlash huquqini tasdiqlovchi hujjatsiz mehnat faoliyatini olib borishda O‘zbekiston hududida yashash guvohnomasi talab qilinmaydi;
– ko‘chmas mulk sotib olishda chet el fuqarolariga nisbatan belgilangan ko‘chmas mulk miqdorlari tatbiq etilmaydi;
– o‘zi va oila a’zolariga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan shartlarda tibbiy, ta’lim va boshqa davlat xizmatlaridan foydalanish;
– oila a’zolariga davlat bojisiz ko‘p martalik viza olish va uning amal qilish muddatini O‘zbekiston hududidan chiqmasdan uzaytirish;
– oila a’zolarini vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishda davlat bojidan ozod qilish.
“Vatandosh” guvohnomasini berish to‘g‘risidagi qaror idoralararo kollegial organ – Komissiya tomonidan qabul qilinadi.
Mazkur qaror bilan belgilangan huquq va imtiyozlar mamlakatimiz taraqqiyotiga o‘zining salmoqli hissasini qo‘shayotgan vatandoshlarimizni rag‘batlantirish bo‘yicha tizimli ishlarning mantiqiy davomidir.
Qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, qarordan kelib chiqadigan qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish kiritish yuzasidan mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.
O‘zA
- Qo'shildi: 22.11.2024
- Ko'rishlar: 193
- Chop etish