Xorijdagi yoshlar taqdiri: ular bilan qanday ishlanmoqda?

Mamlakatimizda yoshlar bilan individual ishlash, ularni huquqiy qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy muhtoj yoshlarning muammolarini bartaraf etish hamda bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratib kelinadi. Nafaqat yurtimizdagi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, balki xorijiy davlatlarga vaqtinchalik mehnat qilish uchun jo‘nab ketgan yoshlar bilan manzilli ishlash masalasi ham doimiy e’tiborda bo‘lib, yoshlar yetakchilarining ustuvor vazifalaridan biri etib belgilangan.

Yaqinda bir qarindoshimiznikiga mehmonga borganimizda mahallasining profilaktika inspektori qarindoshimizga telefon qilib, xorijda ishlayotgan o‘g‘li haqida so‘rab-surishtirib boshladi. Ochig‘i, bundan xavotirga tushdim — tinchlikmikan, nimadir bo‘lganmi deya hadik bilan qarindoshimga qarab tursam, u kishi gaplashib bo‘lganidan so‘ng xavotirga hojat yo‘qligini, xorijdagi yoshlar holidan xabar olish uchun, ular bilan aloqa o‘rnatish uchun qo‘ng‘iroq qilishganini va tez-tez shunday so‘rab turishlarini aytdi. To‘g‘risi, bundan quvondim. Mahalla, hokimiyat, davlat yoshlarimizga g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgani, chet elda bo‘lib turgan farzandlar bilan muntazam aloqa o‘rnatilganidan xotirjamlik hissini tuydim.  

Darhaqiqat, profilaktika inspektorlari, yoshlar yetakchilari xonadonma-xonadon yurib, yoshlar bilan tizimli ishlashmoqda. Yoshlar ishlari agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, xatlov ishlari orqali 268 ming nafar xorijdagi yoshlar balansi shakllantirilib, ular bilan doimiy muloqot o‘rnatilgan. Shuningdek, o‘tgan davr mobaynida migratsiyadagi 328 ming yoshlar Vatanga qaytarilib, munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlangan. Xorijdagi 89 ming yoshlarning oilalariga moddiy, huquqiy, ijtimoiy yordamlar ko‘rsatilgan.  

Yaqinda parlament quyi palatasi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Sa’dullayev yoshlarni himoya qilish, bandligini ta’minlashga qaratilgan ishlar, tizimli chora-tadbirlar haqida batafsil axborot berar ekan, xorijdagi yoshlar haqida ham to‘xtaldi. Unda O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Anvarxon Temirov xorijdagi 268 mingdan ortiq yigit-qizning bir qismi bilan muloqot o‘tkazilgani, lekin ularning keyingi taqdiri nima bo‘lgani, agentlik qanday yordam ko‘rsatgani bilan qiziqdi.  

Bunga javoban Alisher Sa’dullayev quyidagilarni ta’kidladi:  

— Muammoni yechish uchun muammoning borligini tan olish kerak. Aytish kerakki, joylarda xorijga ketayotgan yoshlar haqidagi ma’lumotlar bo‘yicha endi katta bir tizim shakllantirilyapti. Mavjud ma’lumotlar asosida o‘tgan yili Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk, Tomsk, Samara, Moskva, Sankt-Peterburg kabi shaharlariga borildi. Chunki eng ko‘p o‘zbekistonliklar ushbu mamlakat hududida faoliyat olib boryapti. 25 mingga yaqin yoshlar bilan muloqot qildik. O‘zbekistonga qaytib kelib ishlash istagini bildirganlarni yashash hududidagi hokimlar, ularning o‘rinbosarlari, mas’ullar bilan bog‘lab berib, bandligini ta’minlashga e’tibor qaratildi. Sharoiti yaxshi bo‘lib, ming AQSH dollaridan ko‘proq mablag‘ topayotganlarga esa yo‘l-yo‘riq, zarur tavsiyalar ko‘rsatildi. Agar topayotgan puli undan past yoki qiynalayotgan, og‘ir sharoitda bo‘lsa, O‘zbekistonga olib kelish va kasb-hunar o‘rganishi, yer ajratilib bandligi ta’minlanishiga e’tibor qaratilmoqda. Bu bo‘yicha alohida dastur qabul qilingan.  

Boshqa mamlakatlardagi yoshlar bilan ham aloqa o‘rnatildi. Chet elda tashkil qilingan savdo uylari bor, iqtidori yetadiganlari o‘sha yerlarga ishga olinyapti. Qaytib kelishni istaganlarni esa zavod-fabrikalarga maslahatchi sifatida ishga olish, kasb o‘rganaman deganlarini kasbga o‘qitish choralari ko‘rilyapti, — dedi Yoshlar ishlari agentligi direktori.  

Darhaqiqat, bugun xorijda mehnat qilayotgan yoshlarimizga g‘amxo‘rlik qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlar tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu esa davlatimiz farzandlari qayerda bo‘lmasin, ularning taqdiriga befarq emasligidan dalolatdir.    

Muhtarama Komilova,

O‘zA

Powered by GSpeech