Xorijiy davlat sudining qarorini tan olish va ijroga qaratish tartibi belgilanmoqda

Prezident tomonidan «Jinoyat-protsessual kodeksiga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida»gi qonun imzolandi.

Jinoyat-protsessual kodeksi quyidagi masalalarni tartibga soluvchi 66-bob bilan to‘ldirilmoqda:

  • xorijiy davlat sudining qarorini tan olish va ijroga qaratish;
  • ozodlikdan mahrum etilgan shaxsni jazoni o‘tashni davom ettirish uchun qabul qilib olish va xorijiy davlatga berish;
  • o‘ziga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilgan shaxsni majburiy davolashni davom ettirish uchun qabul qilib olish va xorijiy davlatga berish. 

Xorijiy davlat sudining qarori JPKda belgilangan tartibda va xalqaro shartnomalarga muvofiq quyidagi hollarda O‘zbekistonda tan olinishi va ijroga qaratilishi mumkin:

  • xorijiy davlatda ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazoga hukm qilingan va jazoni o‘tayotgan O‘zbekiston fuqarosi — jazoni O‘zbekistonda o‘tashni davom ettirish uchun qabul qilib olinganda;
  • xorijiy davlat hududida aqli norasolik holatida ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan yoki ushbu qilmishni sodir etganidan keyin ruhiy holatining buzilishi yuzaga kelgan O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan xorijiy davlat sudining tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi qarori mavjud bo‘lsa, — majburiy davolashni O‘zbekistonda davom ettirish uchun qabul qilib olinganda;
  • xorijiy davlat sudi tomonidan hukm qilinib, jazoni o‘tamagan shaxs xorijiy davlat tomonidan O‘zbekistonga ushlab berilganda;
  • xorijiy davlat sudi tomonidan hukm qilingan O‘zbekiston fuqarosini xorijiy davlatga ushlab berish rad etilganda;
  • xalqaro shartnomalarda nazarda tutilgan boshqa hollarda.

Kun.uz

Powered by GSpeech